Talabalarni qiynayotgan turar joy muammosi qanday hal bo‘lyapti?
Keyingi yillarda yangi oliy ta’lim muassasalarining ochilishi, qabul kvotalarining oshirilishi talabalar turar joyiga bo‘lgan ehtiyojning ortishiga sabab bo‘ldi. Bu muammoning yechimi sifatida 2021 yil 9 sentyabrda Vazirlar Mahkamasining “Respublika oliy ta’lim muassasalarida talabalarni turar joy bilan qamrab olish darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinib, davlat-xususiy sheriklik asosida talabalar turar joylari qurishga ruxsat berildi. 2022-2025 yillarda viloyatdagi oliy ta’lim muassasalarida davlat-xususiy sheriklik asosida jami 25 ta talabalar turar joyi qurish belgilandi.
Bundan tashqari, talabalarni turar joy bilan ta’minlash maqsadida oliy ta’lim muassasalari yaqin mahallalar bilan hamkorlikda ijara uylari topish, talabalarni ijara uylariga joylashtirish kabi faoliyat bilan ham shug‘ullanyapti. Xo‘sh, bugun viloyatdagi oliy ta’lim muassasalarida talabalar turar joyiga bo‘lgan talab qay darajada qondirilyapti? Haqiqatda talabalar turar joylari qurilyaptimi? Shu kabi savollarga oliy o‘quv yurtlaridan javob izladik.
Samarqand davlat chet tillar institutidagi 5 ta talabalar turar joyi 2020 o‘ringa mo‘ljallangan. Institutda 11594 nafar talaba bo‘lsa, ulardan 8289 nafari kunduzgi ta’lim shaklida tahsil oladi. Ularning 2020 nafari talabalar turar joyida, 3073 nafari o‘z uyi yoki yaqin qarindoshinikida istiqomat qiladi. Turar joyga ehtiyoji bor talabalar uchun institut atrofidan 700 ga yaqin ijara xonadonlari tayyorlanib, talabalar joylashtirilgan.
Shuningdek, institutda talaba-yoshlarni ijara xonadonlariga va talabalar turar joylariga joylashtirish uchun markaz faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Markaz xodimlari institut yaqinidagi mahallalar bilan hamkorlikda zaxira ijara xonadonlarini topishda yordam bermoqda.
Bundan tashqari, institutning Samarqand shahar Gagarin ko‘chasi 43-uy manzilidagi hududida davlat-xususiy sheriklik asosida 400 o‘ringa mo‘ljallangan talabalar turar joyi qurilmoqda.
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida shu kunga qadar 850 o‘rinli ikkita talabalar turar joyi mavjud edi. Yangi o‘quv yilida davlat-xususiy sheriklik asosida 400 o‘rinli uchinchi talabalar turar joyi foydalanishga topshirildi. Shuningdek, universitet hovlisida yana davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida 300 o‘rinli talabalar turar joyi qurilmoqda.
Bugungi kunda universitetda 3878 nafar talaba tahsil olmoqda. Ularning 1250 nafari talabalar turar joyida istiqomat qilsa, 573 nafari ijara xonadonlarida, qolganlari o‘z xonadoni yoki qarindoshlarining uyida yashaydi.
O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika institutida 10465 nafar talaba bo‘lsa, 6388 nafari kunduzgi, 1451 nafari kechki, 2415 nafari sirtqi ta’lim shaklida o‘qiydi. Institutda 1200 o‘rinli 4 ta talabalar turar joyi mavjud. talabalarning turar joyga bo‘lgan ehtiyojni qondirish maqsadida davlat-xususiy sheriklik asosida 400 o‘rinli talabalar turar joyi qurilmoqda va joriy yilning oktyabr oyida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Mavjud barcha talabalar turar joylarida oshxona, kir yuvish xonalari, yuvinish xonalari va hojatxonalar yangidan dizayn qilinib, jihozlangan. Talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida har bir yotoqxonada ma’naviyat, tikuvchilik, kompyuter, sport zal va tibbiyot xonalari mavjud. Turar joylar sig‘imidan kelib chiqib, 660 ta o‘rin qizlar, 190 ta o‘rin o‘g‘il bolalar va 350 ta o‘rin turli imtiyozga ega talabalar uchun ajratilgan.
Institutda “Talabalar turar joylari va ijara xonadonlari bo‘yicha ma’lumotlar markazi” tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar mazkur markazga yotoqxonalar bo‘yicha 1033 ta, ijara xonadonlari bo‘yicha 862 ta ariza kelib tushgan. Institut yaqinida joylashgan 203 ta ijara uylari haqida ma’lumotlar bazasi shakllantirilgan. 2000 dan ortiq talaba ijara xonadonlariga joylashtirilgan.
Afsuski, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida qurilishi rejalashtirilgan talabalar turar joylarining hammasi ham muammosiz, vaqtida qurilayotgani yo‘q. Masalan, Samarqand iqtisodiyot va servis institutida yuqorida keltirilgan qarorga ko‘ra 2022 va 2024 yillarda davlat-xususiy sheriklik asosida 2 ta, ya’ni o‘z hududida hamda viloyat hokimligi tomonidan ajratilgan yer maydonida 1 tadan talabalar turar joyi qurilishi belgilangan. Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida 2022 yilda qurilishi rejalashtirilgan talabalar turar joyi uchun institutning Samarqand shahri, Shohrux ko‘chasi 41-uy manzilidagi o‘z hududidan 0,3 ga yer maydoni ajratilgan. Mazkur hududda joylashgan institut binosi (magistratura bo‘limi binosi) tarixiy bino ekanligi sababli qurilishga ruxsat berilmagan. Mazkur hududda ikki qavatdan baland binoni qurilishi mumkin emasligi ma’lum bo‘lgach, 400 o‘rinli talabalar turar joyi qurilmagan.
Shuningdek, qarorda institutga viloyat hokimligi tomonidan 1,5 km masofada davlat-xususiy sheriklik asosida talabalar turar joyi qurish uchun joy ajratilishi belgilangan. Ammo hozirgi kunga qadar yer maydoni masalasi yechilmaganligi sababli o‘z hududidan yer maydoni ajratadigan salohiyatli tadbirkorlarni jalb qilish ishlari olib borilyapti.
Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 9 sentyabrdagi 563-sonli qaroriga asosan davlat oliy ta’lim muassasasining buyurtmasi va tadbirkorlik sub’yektining tashabbusi asosida tadbirkorga tegishli yer maydoni yoki binoda kamida 50 o‘rinli talabalar turar joylarini tashkil etish tizimini joriy etish belgilangan. Aynan shu maqsadda, “Samarqand Sheben klass” MChJ tomonidan Samarqand shahar, Rudakiy ko‘chasi, 229-uy manzilida 600 va 240 o‘rinli talabalar turar joyini institut talabalari uchun qurish loyihasi tayyorlagan. Ushbu MChJ bilan hamkorlikda talabalar turar joyi binosini qurish va jihozlash konsepsiyasi hamda tadbirkor mulkidan foydalanish to‘g‘risidagi bitimlar rasmiylashtirilgan. Yuqoridagi MChJ yotoqxonaning 240 o‘rinli qismini 2023-2024 o‘quv yilida foydalanishga topshirgan, qolgan qismini joriy yilning yakuniga qadar foydalanishga topshirishni rejalashtirmoqda.
Institutda 2024-2025 o‘quv yilida jami 8847 nafar talaba tahsil olmoqda. Shundan 3636 nafari kunduzgi ta’lim yo‘nalishida o‘qiydi. Institutda hozircha bitta 375 o‘rinli talabalar turar joyi mavjud.
Davlat-xususiy sheriklik asosida qurilishi belgilangan talabalar turar joylarining barchasi qurib, foydalanishga topshirilsa, viloyatdagi oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan talabalarning turar joyga bo‘lgan ehtiyoji qisman qoplanadi. Harholda oliy ta’lim muassasalarining 40-50 foiz talabalari yotoqxona muammosidan qutiladi.
Xurshida ERNAZAROVA.