Talabalar onlayn shaklda turar joyga ariza beradi

2024-2025 o‘quv yilidan boshlab talabalar uchun davlat oliy ta’lim muassasalari talabalar turar joyiga joylashish onlayn shaklda amalga oshirilmoqda.
Bunda avval “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilari, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talabalar, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlari, I va II guruh nogironligi bo‘lgan talabalar ustuvorlik asosida talabalar turar joyiga qabul qilinadi.
Shuningdek, oliy ta’lim muassasalarida talabalarni ijara xonadonlariga joylashtirish bo‘yicha markazlar faoliyat yuritmoqda. Masalan, talabalarni munosib kutib olish, ularni qulay va ishonchli ijara uylar bilan ta’minlash maqsadida Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutida talabalar turar joylari va ijara xonadonlari bo‘yicha ma’lumotlar markazi faoliyat olib bormoqda.
Institut atrofidagi uylar mas’ullar ishtirokida ko‘zdan kechirilib, talabalarni ijaraga qo‘yish istagini bildirgan xonadon egalaridan ro‘yxat shakllantirilgan. Endi talabalar QR-kod skaner qilish orqali ijara xonadonlari haqida to‘liq ma’lumot olishlari mumkin.