Hayot - sahna

Unda har kim o‘ziga berilgan rolni ijro etadi. Hayotda bunday «aktyor»larga ko‘p duch kelamiz. Ular bugun samimiy, mehribon va va’daboz bo‘lsa, ertaga butunlay o‘zgargan - sovuq, begona va qattiqqo‘l. Sizga tabassum qilib, muammongizni hal qilib berishadi, ertasi kuni hatto tanimaslikka olishlari mumkin.

Tasavvur qiling, mashinalar gavjum ko‘chada svetofor chiroqlari yonib turibdi: qizil, yashil, sariq. Biz yo‘l-transport hodisasiga uchramaslik, halokatdan qochish uchun bor diqqatimizni shu chiroqlarga qaratamiz. Ammo hayot yo‘llarida shunday "svetofor"lar borki, ular qaysi rangda yonishidan qat’i nazar, o‘z manfaatiga qarab, niqobini almashtirib turadi.

Tuman hokimligi xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Nodira opa doimgidek o‘z xonasida yumshoq kresloga o‘rnashib, qog‘oz titkilardi. Shu payt xona eshigi ohista taqqillab, kotiba qiz ruxsat so‘ragancha bosh suqdi:

- Nodira Xalilovna, sizni bir fuqaro so‘rab keldi, huzuringizga kirmoqchi ekan.

- Mayli, biroz kutib tursin, o‘zim chaqiraman, - dedi-da, opa yana qog‘oz varaqlashda davom etdi.

Oradan yarim soat o‘tgach, kotiba qiz qaytadan kirdi:

- Nodira Xalilovna, haligi ayol ketaversinmi, qabul qilasizmi? Qizining biroz tobi yo‘q ekan.

- Ha, chaqiring!

Zum o‘tmay xonaga oddiygina kiyingan, ko‘rinishidan soddagina Sohiba opa qizi Dilroz bilan kirib keldi. Nodira Xalilovna ularni juda samimiy va ochiq chehra bilan kutib oldi, ona-bolani kursiga taklif qildi. Sohiba opa bunday iltifotdan so‘ng ancha dili yayrab: "Mehribon ayol ekan, qizimni qo‘llab-quvvatlaydi," deb o‘yladi ichida.

- Marhamat opajon, qanday masala bilan keldingiz?

- Bilasizmi, ko‘zimning oq-qarasi shu qizimning tashvishi bilan kelgandim. Qizim bolalikdan 2-guruh nogironi, tug‘ma soqov, gapira olmaydi. Lekin shunga qaramay, she’rlar yozadi, bolalar uchun ertaklar, hatto hikoyalar to‘qiydi. Uning hikoyalarini tuman gazetasiga berib turaman. Yoshi 28 da...

- Aaa, yo‘g‘e, hali kichkina qizchaga o‘xshaydi-ku! - dedi hayratlanib Nodira Xalilovna.

- Ha, o‘sishda biroz tengdoshlaridan ortda qolgan, - dedi ayol horg‘in holda. - Aytmoqchi edimki, qizimning ijodi tuman hokimligi tomonidan rag‘batlantirilsa, o‘ziga «motivatsiya» olarmidi…

- Tushundim, opajon, tushundim. Hali hammasi zo‘r bo‘ladi! – Sohiba opaning gapini bo‘ldi Nodira Xalilovna. - Qizingizni Konstitutsiya arafasida chiroyli qilib rag‘batlantirib beramiz. Bilasiz, bunday taqdirlanishlar bayram arafalarida bo‘ladi. Biz Mustaqillik bayrami arafasida taqdirlanadiganlarning hujjatlarini respublikaga yuborib bo‘lganmiz. To‘rt oylardan keyin keling, qizingizning hujjatlarini olib keling faqat.

Shundan so‘ng minnatdorlik bildirib, juda mamnun holda xonadan chiqqan ayol: "Shunday yaxshi tushunadigan insonlar ko‘payaversin", dedi ichida.

Oradan to‘rt oy o‘tib, hokimiyat sari yo‘l olgan Sohiba opa o‘ylardi: "Nihoyat, bolaginamning mehnati munosib taqdirlanadi".

Kotiba qiz ichkariga kirish mumkinligini ishora qilgach, xonaga kirgan Sohiba opa o‘z stolidagi hujjatlarni sinchkovlik bilan ko‘zdan kechirayotgan Nodira Xalilovnaning qarshisida biroz qotib qoldi.

Birozdan so‘ng sovuqqina ohangda "O‘tiring" degan ovozdan so‘ng yonidagi stulga cho‘kdi.

- Marhamat, opa, nima masalada keldingiz? Masalangizni ayting, vaqtim tig‘izroq, - dedi Nodira Xalilovna Sohiba opaga qaramasdan qog‘oz titkilab.

Negadir avvalgi samimiy va ochiq chehrali Nodira Xalilovnadan asar ham yo‘q. U hozir butunlay boshqa inson - sovuq va begona bir kimsa qarshisida o‘tirardi.

- To‘rt oy oldin qizim bilan kelgandim.., - dedi tortinibgina Sohiba opa.

- Xo‘sh, nima masala? Masalangizni ayting! - deya o‘dag‘ayladi Nodira Xalilovna.

- O‘shanda hammasini aytgandim-ku sizga?! Qizimni rag‘batlantirish masalasida...

G‘azabdan yuzi o‘zgargan Nodira Xalilovna birdan baqirib berdi:

- Qiziqmisiz, opa?! Men sizdan tashqari, 60-70 ta fuqaro qabul qilaman, qaysi biringizni eslab qolay?! Aytmabsizda, rasmga olib stolimga qo‘yib qo‘yardim sizlarni…

Sohiba opa hayratdan yoqasini ushladi. Chunki uch-to‘rt oy ichida inson shuncha o‘zgarishi mumkinligiga ishongisi kelmasdi.

Bir daqiqa o‘tib Nodira Xalilovna fuqaroga dedi:

Xullas, bu ishingiz mening qo‘limda emas. Ma’naviyat bo‘limidan Po‘latovga uchrashasiz. Menimcha, taqdirlashga kechikdingiz.

- Vo-o-oy, axir o‘zingiz to‘rt oydan keyin keling degadingizku-ku?.. - uning gapi og‘zida chala qoldi.

- Xonadan chiqing, sizdan boshqa fuqarolar ham bor, ularni ham qabul qilishim kerak.

Xonadan chiqar ekan, Sohiba opa yoshlangan ko‘zlarini kafti bilan artdi…

Hayot shiddat bilan o‘taveradi. Lekin ko‘chada yonib-o‘chadigan svetofor hech bo‘lmasa, qaysi rangda turganini oldindan ko‘rsatib turadi. Afsuski, qalbaki va ikki yuzli insonlarning qachon, qanday tusga kirishini oldindan bilib bo‘lmas ekan.

Fotima ERGAShEVA,

Narpay tumani.