Sun’iy intellekt forumida Prezidentimiz muhim tashabbuslarni ilgari surdi
Bugun sun’iy intellekt forumida Prezidentimiz mamlakatimizda raqamli transformatsiyani tezlashtirish, sun’iy intellektni barcha sohalarga joriy etish va yoshlar uchun yangi texnologik imkoniyatlar yaratishga qaratilgan muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
Erishilgan natijalar:
– sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar yo‘nalishida qariyb 2 milliard dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jalb etildi, IT xizmatlari eksporti hajmi o‘tgan yillarga nisbatan 4,5 karra o‘sib, 1 milliard dollarga yaqinlashdi;
– IT sohasida ta’lim berayotgan oliy ta’lim muassasalari qariyb 3 baravarga oshib, 145 taga, talabalar soni esa 80 ming nafarga yetdi, «Bir million dasturchi» loyihasi doirasida 2 milliondan ortiq yoshlar bilim va ko‘nikmalarini oshirdi;
– mamlakatimizning barcha hududlaridan 20 ming nafar informatika o‘qituvchisi Yangi O‘zbekiston universitetida AQShning nufuzli MIT oliygohi bilan hamkorlikda tashkil etilgan intensiv tayyorlov kurslarini o‘tmoqda;
– raqamli diagnostika orqali 50 mingdan ziyod bemorga aniq tashxis qo‘yildi, tibbiy xizmat ko‘rsatish vaqti 5-7 barobar qisqardi;
– Qoraqalpog‘istonda o‘tkazilgan mammografik tekshiruvlar tasvirlarining 70 foizi yurtimiz mutaxassislari tomonidan yaratilgan sun’iy intellekt platformasi orqali tahlil qilinib, ularning 98 foizi shifokorlar tomonidan tasdiqlandi. Tashxis qo‘yish vaqti bir necha kundan 2 soatgacha qisqardi;
– startaplar soni 10 barobar o‘sdi, ularga 300 million dollarlik investitsiyalar jalb qilindi, Saudiya Arabistoni bilan qiymati 3 milliard dollar bo‘lgan birinchi yashil ma’lumotlar markazini barpo etish boshlandi.