O‘qituvchi - yo‘naltiruvchi, sun’iy intellekt - yordamchi, o‘quvchi - faol ishtirokchi

Dunyo ta’lim tizimi raqamli transformatsiya bosqichini boshdan kechirmoqda. Bugun ta’lim jarayoni faqat sinfda o‘qituvchi tushuntiradigan dars bilan cheklanmayapti. Elektron platformalar, onlayn resurslar, interfaol kontentlar, masofaviy o‘qitish tizimlari va sun’iy intellekt (SI) asosidagi xizmatlar ta’limning ajralmas qismiga aylanmoqda.
Yurtimizda raqamli ta’limni rivojlantirish, maktablarni texnologik jihatdan modernizatsiya qilish, o‘quvchilarning raqamli savodxonligini oshirish masalalari tobora dolzarblashib boryapti.

Sun’iy intellekt – “yordamchi”
Sun’iy intellektni ta’limda “o‘qituvchi o‘rnini bosuvchi” deb emas, o‘qituvchiga yordamchi, deb tushunish to‘g‘riroq. Chunki SI birinchi navbatda, o‘qituvchining takrorlanuvchi, ko‘p vaqt oladigan texnik ishlarni yengillashtiradi, testlarni tekshirish, kundalik va reytinglarni avtomatlashtirish, o‘quvchi faolligini monitoring qilish, individual topshiriqlarni tanlash imkonini beradi.
Bugungi kunda dunyoda “moslashuvchan ta’lim”, degan yondashuv keng tarqalmoqda. Uning asosiy mazmuni shuki, har bir bola bir xil tezlikda va bir xil usulda o‘rganmaydi. Kimdir matematikani tez o‘zlashtiradi, kimdir ko‘proq mashq qiladi, kimdir vizual materialni yaxshi qabul qiladi, boshqasi esa audio yoki amaliy mashg‘ulot orqali bilimlarni o‘zlashtiradi. Sun’iy intellekt aynan shu farqlarni tahlil qilib, o‘quvchi uchun shaxsiy ta’lim yo‘nalishini taklif qila oladi.

SI qayerda eng samarali ishlaydi?
O‘zbekiston maktablarida SI texnologiyalarini joriy etish bir necha yo‘nalishlarda samarali bo‘lishi mumkin. Birinchidan, SI asosidagi baholash vositalari test natijalarini tez tekshiradi, xatolarni tahlil qiladi va o‘qituvchiga qaysi mavzu qiyin bo‘layotganini aytadi. Bu o‘qituvchiga darsni qayta rejalashtirish, qo‘shimcha tushuntirish va individual yondashuvni kuchaytirish imkonini beradi.
Ikkinchidan, o‘quv materiallarini ishlab chiqishda SI o‘qituvchiga mos mavzuda mashqlar, qisqa testlar, nazorat savollari, konspekt va taqdimotlar tayyorlashda yordam beradi. Bu o‘qituvchining vaqtini tejaydi, darsga tayyorgarlik sifatini oshiradi.

Uchinchidan, SI asosidagi virtual yordamchilar o‘quvchiga uy vazifasini tushunish, mavzuni takrorlash, qo‘shimcha misollar ko‘rish, izohlar olish kabi jarayonlarda yordamchi bo‘la oladi. Albatta, bunda nazorat va to‘g‘ri yo‘naltirish bo‘lishi shart. SI o‘rniga o‘ylash emas, o‘ylashga yordam berish tamoyili ustuvor bo‘lishi kerak.

To‘rtinchidan, nogironligi bo‘lgan o‘quvchilar uchun matnni ovozga aylantirish, subtitrlar, talaffuz bo‘yicha ko‘mak, shaxsiylashtirilgan dars rejasi kabi imkoniyatlar orqali SI ta’limning tengligini oshirishga xizmat qiladi.

Istiqbolda qanday natijalar kutiladi?
Agar SI texnologiyalari maktab tizimida to‘g‘ri joriy etilsa, bir necha ijobiy natijalarni kutish mumkin.
Jumladan:
- o‘quvchilar bilimida “bo‘shliq”larni erta aniqlaydi va bartaraf etadi;
- o‘qituvchining yuklamasini kamaytiradi va unda metodik-ijodiy ishlarga vaqt bo‘ladi;
- darslarning qiziqarli, interfaol va amaliy bo‘lishini ta’minlaydi;
- ta’lim natijalarini aniq tahlil qilib, boshqaruv qarorlarini ma’lumotga asoslangan holda tahrirlaydi;
- o‘quvchilarni kelajak kasblariga mos raqamli kompetensiyalar bilan tayyorlash imkonini yaratadi.
Bundan tashqari, SI orqali fanlarni integratsiyalash ham osonlashadi. Masalan, “informatika + matematika + fizika” yo‘nalishlarida amaliy loyihalar qilish, ma’lumotlar bilan ishlash, oddiy algoritmlar tuzish, model yaratish kabi ko‘nikmalar shakllanadi.

Ammo har qanday yangilik kabi sun’iy intellektni ta’limga joriy etishda ham bir qator muammolar bor. Avvalo, maktablarda internet tezligi, kompyuterlar soni, texnik xizmat ko‘rsatish, elektr ta’minoti kabi masalalar SIni amaliyotga joriy etishda hal qiluvchi omil hisoblanadi.
SI vositalari o‘z-o‘zidan natija bermaydi. O‘qituvchi uni to‘g‘ri ishlata olishi, dars jarayoniga moslashtirishi, undan metodik foyda chiqara bilishi kerak. Shuning uchun malaka oshirish kurslarida sun’iy intellekt va raqamli pedagogika yo‘nalishlar kuchaytirilishi zarur.

O‘quvchi SIdan “tayyor javob ko‘chirib olish” uchun foydalanmasligi shart. Buning uchun topshiriqlarni ijodiy, loyiha asosida, tushuntirish va tahlil talab qiladigan ko‘rinishda berish muhim. O‘quvchilarning shaxsiy ma’lumotlari va ta’lim natijalari bilan ishlashda maxfiylik, kiberxavfsizlik, ota-onalar roziligi kabi jihatlar ham qat’iy e’tiborda bo‘lishi maqsadga muvofiq.
Xulosa o‘rnida aytganda, sun’iy intellekt - bu imkoniyat. Mamlakatimizda sun’iy intellektdan foydalanish istiqbollari juda katta. Biroq u to‘g‘ri boshqarilsagina natija beradigan texnologik vosita sanaladi. Ta’limda eng muhim omil - inson. Sun’iy intellekt esa shu insoniy imkoniyatlarni kengaytiradi, ta’limni shaxsiylashtiradi va samaradorlikni oshiradi.

Farrux QODIROV,
Shahrisabz davlat pedagogika instituti matematika va ta’limda axborot texnologiyasi kafedrasi mudiri, dotsent.