Sun’iy intellekt etikasi kerak(mi?)
So‘nggi yillarda boshqa ko‘plab texnologiyalar singari sun’iy intellekt (SI) texnologiyalari ham jadal rivojlanmoqda. Avval ilmiy-fantastik g‘oya sifatida qaralgan ushbu texnologiya hozirda ko‘plab sohalarda, misol uchun, ta’lim, tibbiyot, moliya, sanoat va hatto san’at sohalarida ham faol ravishda qo‘llanilmoqda. Biroq odamlar sun’iy intellektdan keng foydalanishi natijasida turli imkoniyatlar eshigi ochilish barobarida ayrim xavf va muammolar ham vujudga kelyapti.
Misol uchun, ta’lim jarayonida SI tizimida ishlovchi ilovalar har bir o‘quvchining o‘zlashtirish qobiliyatiga mos ravishda o‘quv materiallarini taqdim etadi. Ushbu ilovalar yordamida o‘quvchilar xohlagan chet tilini mustaqil o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin.
Bundan tashqari, SI yordamida korxonalar ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirib, mehnat samaradorligini sezilarli darajada oshirmoqda. Ya’ni, avtomobil zavodlarida robotlar inson mehnatini yengillashtiryapti. Ko‘rish yoki harakat qilish imkoniyati cheklangan insonlar uchun SI vositalari yordamida ovoz orqali boshqariladigan qurilmalar, aqlli nogironlar aravachalari ishlab chiqarilmoqda.
Ammo shunga qaramay, sun’iy intellektning ba’zi salbiy jihatlari mavjudligi unutmaslik kerak. Birinchidan, SI tufayli ish o‘rinlari qisaqarishi kuzatilmoqda. Masalan, ishlab chiqarish sohasida qadoqlash hamda sifatni nazorat qilish kabi takrorlanuvchi vazifalarni bugun robotlar bajaryapti.
SI tizimlarining qarorlari har doim ham tushunarli yoki aniq bo‘lavermasligi mumkin. Bu esa sog‘liqni saqlash yoki sud-huquq sohalarida noto‘g‘ri qarorlar qabul qilinishi xavfini keltirib chiqaradi.
Bundan tashqari, SI texnologiyalariga ega bo‘lgan mamlakatlar yoki korxonalar raqobatda ustunlikka ega bo‘ladi. Bu esa resurslar va imkoniyatlarning notekis taqsimlanishiga olib keladi.
Shuni alohida ta’kidlash o‘rinliki, sun’iy intellektni to‘g‘ri boshqarish orqaligina undan insoniyatning rivojlanishida foydalanish mumkin. Buning uchun hukumat, olimlar va texnologik kompaniyalar sun’iy intellekt etikasini qonuniy tartibga solish tamoyillarini ishlab chiqishi zarur bo‘ladi.
Shohista ISTAMOVA,
SamDChTI o‘qituvchisi.