IT parklar va sun’iy intellekt – raqamli taraqqiyotga yetaklovchi lokomotiv
Bugungi kunda raqamli texnologiyalar hayotimizga shunchalik singib ketdiki, nafaqat kundalik faoliyatimiz, balki ijtimoiy-iqtisodiy sohalar rivojini ham usiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.
Mamlakatimizda ham raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, barcha tarmoqlar va sohalarda, eng avvalo, davlat boshqaruvi, ta’lim, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Bu bejiz emas, albatta. Chunki zamonaviy davlat boshqaruvida raqamli texnologiyalardan keng foydalanish boshqaruv faoliyati samaradorligini oshiribgina qolmay, uning ochiqligi, sifatini ta’minlab, jamoatchilikka davlat hokimiyati organlari faoliyati shaffofligini kuzatib borish imkonini yaratadi. Muhimi, ular nafaqat zamonaviy boshqaruvni ta’minlaydi, balki aholi turmush darajasini yaxshilash va yangi ish o‘rinlari yaratishga ham xizmat qiladi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda raqamli texnologiyalar rivoji uchun yaratilgan keng imkoniyatlar bugun o‘z samarasini bermoqda. Barcha hududlarda IT parklar ochilib, ular uchun alohida soliq rejimi joriy etildi. Bu orqali minglab yoshlar yuqori daromadli ish bilan ta’minlandi. Sohada o‘zini o‘zi band qilganlar soni ham oshmoqda.
Oxirgi 5 yilda soha eksporti 170 million dollardan 1 milliard dollarga yaqinlashdi. Internet tezligi 7 barobar, mobil internet esa 4,5 barobar oshdi. O‘tgan yili sohadagi startaplarga 70 million dollar venchur investitsiya kiritildi. Natijada “Global startaplar indeksi” reytingida O‘zbekiston 12 pog‘ona yuqorilab, “TOP-100”talikka kirdi.
“Sun’iy intellektga tayyorlik” xalqaro indeksida yurtimiz 17 pog‘ona ko‘tarilib, Markaziy Osiyoda hamda O‘zbekiston telekommunikatsiya sohasining o‘sish sur’atlari bo‘yicha MDH mamlakatlari reytingida birinchi o‘rinni egallagani ham mazkur sohada o‘z vaqtida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasidir.
Yaqinda Prezidentimiz raisligida davlat boshqaruvi, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarda sun’iy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida O‘zbekistonda sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha alohida qaror qabul qilinib, sohaning huquqiy asoslari yaratilgani, qisqa davrda davlat xizmatlari, bank-moliya, jamoat xavfsizligi, transport kabi yo‘nalishlarda 30 dan ortiq pilot loyihalar ishga tushgani alohida ta’kidlandi.
Poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan IT park loyihasining ikkinchi bosqichiga tamal toshi qo‘yilishi esa katta ahamiyatga ega bo‘lib, bu tashabbus nafaqat yangi infratuzilma qurilishi, balki mamlakatda axborot texnologiyalari sohasida yangi innovatsion muhit yaratilishiga turtki beradi.
Aytish joizki, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga muvofiq, 300 mingdan ortiq yoshlarni axborot texnologiyalari sohasida yuqori daromadli ish bilan ta’minlash maqsad qilingan. Xorijiy ekspertlar faqatgina sun’iy intellekt yo‘nalishining o‘zida O‘zbekistonning salohiyatini 10 milliard dollarga baholamoqda.
Ushbu loyihaga ko‘ra, IT park hududi 1,5 barobar kengaytiriladi. Bu yerda Saudiya Arabistonining “Data Volt” kompaniyasi bilan hamkorlikda quvvati 12 megavatt bo‘lgan, 150 million dollarlik data-markaz barpo etiladi. Keyingi bosqichlarda yana 3 milliard dollar investitsiya kiritilib, quvvat 500 megavattga yetkaziladi.
Ushbu loyiha doirasida ko‘plab yosh mutaxassislar uchun zamonaviy ish joylari tashkil etiladi. Loyihaning amalga oshirilishi nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy jihatdan ham katta ahamiyat kasb etadi. Bir tomondan, IT parklar raqamli xizmatlar bozorini rivojlantirsa, ikkinchi tomondan, yoshlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Bu yosh mutaxassislar xorijga ketmasdan, mamlakat ichida raqobatbardosh shart-sharoitda ishlash imkoniga ega bo‘lishlarini anglatadi.
IT parklar nafaqat texnologik taraqqiyot, balki milliy iqtisodiyot, ta’lim va ijtimoiy sohalarni rivojlantirishda muhim strategik ahamiyatga ega. Agar bu jarayon izchil va tizimli ravishda amalga oshirilsa, O‘zbekiston yaqin kelajakda Markaziy Osiyoning raqamli markaziga aylanishi mumkin. Bu esa yurtimiz yoshlariga yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
Diyor Husanov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.