“School 21” ikki yilda professional jamoalar uchun qulay muhit yaratuvchi maydonga aylandi
Samarqand shahridagi “School 21” raqamli texnologiyalar maktabi tashkil etilganiga ikki yil to‘ldi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda viloyat va shahar hokimligi vakillari, raqamli texnologiyalar vazirligi hududiy boshqarmasi mas’ullari, xorijlik hamkorlar, maktab jamoasi va tinglovchilar ishtirok etdi.
18 yoshdan oshgan barcha fuqarolarga boshlang‘ich tayyorgarlik darajasi, bilimi yoki ish tajribasidan qat’i nazar, dasturlashni bepul o‘rgatadigan maktabning ikki yilligi “School 21 – Insonlar!” konsepsiyasi asosida nishonlandi. Ushbu konsepsiya “School 21”ning asosiy resursi — insonlar, ya’ni ishtirokchilar, hamkorlar va jamoa bo‘lib, IT sohasida o‘sish va rivojlanish uchun zarur muhitni shakllantirishdan iborat.
- O‘tgan ikki yilda “School 21”ning Samarqand va Toshkent kampuslariga 85 mingdan ortiq arizalar kelib tushdi va 9600 dan ziyod talabgorlar “hovuz” saralash intensivida ishtirok etdi, – deydi maktabning ijrochi direktori Zarina Luxmonova. – Bu davr mobaynida O‘zbekistondagi “School 21” nafaqat ta’lim maskani, balki professional jamoalar uchun qulay muhit yaratuvchi maydonga aylandi. Maktabda ishtirokchilar va hamkorlar uchun uchrashuvlar, mahorat darslari, xakatonlar, ideatonlar va geymjemlar kabi yirik formatlardagi 950 dan ortiq tadbirlar o‘tkazildi.
Ayni vaqtda “School 21” Yevropa va Osiyodagi mahalliy hamda xalqaro kompaniyalarni o‘zida qamrab olgan 80 dan ortiq tashkilotlardan iborat hamkorlik tarmog‘ini rivojlantirmoqda. Maktab hamkorlar bilan birgalikda ishtirokchilarning amaliy vazifalari, karera imkoniyatlari va kasbiy moslashuvi, jumladan, amaliyot o‘tash va ishga joylashish borasida qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlarini kengaytirmoqda.
Tadbir ishtirokchilari kampus faoliyatining natijalari va “School 21”dagi amaliyot hamda “peer-to-peer” metodikasiga asoslangan, hamkorlikda ishlash va haqiqiy loyihaviy vazifalarni bajarish orqali amalga oshiriladigan ta’lim yondashuvi bilan tanishdi. Shuningdek, maktab ishtirokchilari tomonidan loyihalar taqdimoti o‘tkazildi, hamkorlar va asosiy ta’limning eng faol ishtirokchilarini turli nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
– “Best Team of the year” (“Yilning eng yaxshi jamoasi”) nominatsiyasiga ega bo‘lganligimiz “School 21” va kuzatuvchilar e’tirofini anglatadi, – deydi “School 21” asosiy ta’lim ishtirokchisi Nafisa Mirzayeva. – Bu maskanda har doim kampus jamoasi, volontyorlar, hamkorlar va ishtirokchilarning qo‘llab-quvvatlashini his etish mumkin. Ular bor ekan, xato qilishdan, savollar berishdan, qayta sinab ko‘rishdan va o‘sishdan qo‘rqmaysiz. Bu muhitda biz jamoa bo‘lishni o‘rgandik va o‘z startapimiz bilan sahnaga dadil chiqa oldik. Bizga bildirilgan ishonch, hurmat va to‘g‘ri yo‘lda ekanligingni his qilish imkoniyati uchun “School 21”dan minnatdormiz va kelgusida ham hamkorlikda ishlashni davom ettiramiz.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.