Samarqandda dasturlashni bepul o‘rgatayotgan maktab bor

Samarqand shahrida bepul dasturlashni o‘rgatadigan maktab borligi haqida eshitganmisiz? To‘g‘risini aytsam men ham eshitmagan ekanman. Mana bir yildirki “School – 21” raqamli texnologiyalar maktabi 18 yoshdan boshlab barcha xohlovchilarga turli sohalardagi 40 ziyod yo‘nalishlarda elektron dasturlash tizimini o‘rgatib kelmoqda. Bepul dasturlashni o‘rgatish bilan birga, yotoqxona bilan ham ta’minlab keladi. Bu yerda respublikamiz viloyatlaridan tashqari, qo‘shni Tojikiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistondan ham ishtirokchilar dasturlashning sir-asrorlarini o‘rganib kelishmoqda.

Raqamli texnologiyalar vazirligi ko‘magida faoliyat olib borayotgan “School – 21” maktabida tashkil etilgan press-turda jurnalistlar tinglovchilarning kompyuter savodxonligi, xalqaro talablar asosidagi C, C++, Java, Python, Go, SQL kabi dasturlash tillarini o‘rganish jarayonlari bilan tanishdilar.

- Bizga qabul uchun avvalgi bilim, ish tajribasi, dasturlash qobiliyati yoki diplomning borligi ahamiyatga ega emas, - deydi maktab direktori Zarina Luxmanova. - Loyihamizda ishtirok etuvchilarning 50 foizidan ortig‘i uchun bu birinchi dasturlash tajribasi bo‘ladi. Yakuniy saralash bosqichidan so‘ng, har bir ishtirokchi o‘z maqsadidan kelib chiqqan holda, individual ta’lim yo‘lini yaratadi. Bunda ishlab chiqish yo‘nalishlaridan birini, ya’ni backend, frontend, mobil ishlab chiqish, “GameDev”ni tanlashi mumkin. Yoki kod yozish talab qilinmaydigan beshta yangi sohalaridan biri - kiberxavfsizlik, “Data Science”, tizim va biznes tahlili, “DevOps” va yuklangan xizmatlarning uzluksiz ishlashini ta’minlashi, shuningdek, dasturiy ta’minotni sinovdan o‘tkazishni tanlash mumkin.

Shuningdek, IT sohasida ishlayotganlar uchun tezlashtirilgan kurslarda o‘z malakalarini oshirishlari ham mumkin. Asosiy ta’lim o‘rganish tezligiga qarab 1,5 yildan 3 yilgacha davom etadi - ishtirokchilar uni mustaqil ravishda belgilab olishadi.

- Samarqanddagi bepul dasturlash maktabi haqida do‘stlarimdan eshitib kelganman, -deydi Surxondaryo viloyatidan Yunus To‘rayev. – Saralash bosqichidan o‘tib, mana besh oydirki tarmoq adminstratori yo‘nalishida ishlayapman. Dasturlashni murabbiysiz, ma’ruza yoki baholarsiz, faqat amaliy loyihalar ustida individual yoki jamoaviy ish olib boriladigan «tengdosh tengdoshga» ta’lim uslubi asosida o‘rganyapman. Meni barcha qulayliklarga ega yotoqxona bilan ta’minlashdi.  

Maktab kampuslari har kuni 24 soat ochiq bo‘lganligi sababli har bir ishtirokchi o‘zi uchun qulay vaqtga qarab o‘quv jadvalini tuzib olishi mumkin. O‘quv jarayonlari raqamli ta’lim platformasida o‘tkazilib, maktab metodologiyasini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishga hamda ta’lim dasturlarini hozirgi bozor talablaridan kelib chiqqan holda, tezda moslashtirishga imkon beradi.

Hozirda  “School – 21” raqamli texnologiyalari maktabi Samarqand va Toshkent shahrida faoliyat yuritmoqda. Ishtirokchilar orasida ta’lim, logistika, tibbiyot, savdo, avtomobil tijorati va boshqa sohalar vakillarini uchratish mumkin. Endilikda ular dasturlash bo‘yicha ham yetuk xalqaro mutaxassis bo‘lishni istashadi. 

Shuningdek, jurnalistlar maktabning tinglovchilarga yaratilgan kompyuter dasturlash klasterlari, yotoqxona, oshxona, sport zali va boshqa qulayliklari bilan ham tanishdilar.

Dilmurod TO‘XTAYeV.