Suvalmagan qabr

U ota-onasining qabrini tozalab, suvab kelmoqchi bo‘ldi. Mashinasini haydab ketarkan, yo‘l-yo‘lakay ularni eslashga urindi, eslolmadi...

Uni akasi katta qildi, uylantirdi, uyli-joyli qildi. Endi uka bo‘lib vaqt topib "jigar"idan xabar olishga yaramaydi.
Mana, ota-onasi yonma-yon yotishibdi. Qabr atroflari tozalangandek tuyuldi. Ana, nariroqda kichikkina qabr. Jiyaniniki. Akasi qancha kuydi, shu mittigina vujudga.
I-ya, qabr suvalganmi? Akam kelibdi-da?! Qizini qabrini suvabdi-yu, ota-onasinikini unutibdi-da.
U olib kelgan somonini ham, soz tuprog‘ini ham tashladi. To‘g‘ri akasinikiga haydadi mashinasini. Ko‘rimsizgina hovlining eski, hech qachon qulflanmaydigan eshigidan kira solib baqirib ketdi.
-Qizingizning qabrini suvabsiz, ota-onamniki og‘irlik qildimi? Bir og‘iz aytsangiz o‘zim tuzatib kelardim.
U yana nimalar dedi, u yog‘i esida yo‘q. Akasi ortidan «Ukam!» deganicha qoldi. Qabristonga qaytdi. Qabrni suvab bo‘lay deganida tanish go‘rkov amaki kelib qoldi.
- Barakalla, bolam, tunov kuni akangiz ham kelgan edi. Olib kelgan narsalari ikkita qabrga yetmagani uchun anavi kichkinasini suvab qo‘ya qoling, degandim. Ertaga qolganini bitirmoqchi edi, sizni jo‘natibdi-da, baraka topsin, - dedi.
U nima deyishini bilmay, turgan joyida qotib qoldi...

Feruza Salxodjayeva.