Ibratli hikoya: “General” oqsoqol (Haydovchi hangomasi)
— O‘tiring, aka! Hangomalashe-ye-yeb ketamiz! Shu jiyrontoyimning yoshiyam o‘ttizdan oshdiyov! Kunimga yarab turibdi, tirikchilikning aybi yo‘q. Ishdan bo‘sh paytimda yo‘lga chiqaman. Bir zamonlar bitta taksi to‘xtasa, o‘nta odam yugurib borardi. Hozir bitta odam qo‘l ko‘tarsa, o‘n mashina g‘iyqillab to‘xtaydi.
Sho‘pirlar orasida “kliyentimni obqo‘yding” deb yoqa bo‘g‘ishadiganlari ham bor! "Hoy, baraka topgur, karvon ko‘p, rizqi boshqa, o‘lar yerdamisan", desangiz, "nasihatingni ukangga qil" deydi. Voy, tavbangday ketay!
Mol bozor kunlari Sho‘rabozorga tushib turaman. Orasi yaqin. Qo‘y-po‘y xarid qilganlarni eltib qo‘ysam, harna besh-o‘n so‘m tushadi, nasibaga yarasha...
Bir kuni saharlab bozorga bordim. Bahor edi. Shivalab yomg‘ir yog‘ib turibdi. Jiyrontoyni to‘xtatib, razm solsam, daraxt tagida bir chol turibdi. Bozordan xarid qilgan qo‘yining arqonini ushlab olgan. Cholning oldiga hali u sho‘pir boradi, ikki og‘iz gaplashadi-da, burilib ketadi. Hali bu sho‘pir boradi, qo‘l siltab nari ketadi. Oxiri men ham bordim. Odatda, yo‘lovchi "falon joygacha qancha so‘raysiz", deb aniqlashtirib oladi. Sho‘pir kira haqini6 aytadi. Bir xillari bor. Otasining xunini suraydi-da, "kami bor" deb ham qo‘yadi. Bozordagi chayqovchi bo‘p ket-e, shovvoz!
Xullasi kalom, yaqin borib salom berdim.
— Xizmat, otaxon, qayerga oborib qo‘yay? — desam, chol negadir bosh chayqadi.
— Aytganim bilan baribir obormaysan, sho‘pir bolam, — dedi.
Hayron bo‘ldim.
— Nega obormas ekanman? — desam, kuldi.
— Negaligi shuki, qo‘y xarid qilaman, deb bir tiyin pulim qolmadi, — deydi.
— Bo‘pti, otaxon, uyingizga borganda hisob-kitob qilaveramiz, — degan edim, bosh chayqadi.
— Ilojim yo‘q. Uydagilarning biri ishga, biri o‘qishga ketgan. Kampirimda xemiri yo‘q... ammo uyim yaqin. Rozi bo‘lib, tekinga oborib qo‘ysang, duo qilaman, — dedi.
Qarab tursam, cholning yuzida nur bor. Yolg‘ondan hazar qilishi ko‘rinib turibdi, "Savob ham kerak-ku", dedim o‘zimga o‘zim. Baribir shahar tomon yuraman. Yo‘l usti ekan, tashlab o‘taqolay dedim-da, ikkovlashib qo‘chqorning oyog‘ini juftlab bog‘lab, bagajnikka soldik.
Yo‘l-yo‘lakay gurunglashib ketdik. Chol yaqinda evarali bo‘lgan ekan. Buning ustiga, Navro‘z bayrami kelyapti. Shuning uchun mahalla-ko‘yni yig‘ib izdihom qilmoqchi ekan. Oqsoqolning uyi chindan ham uzoq emas ekan: narisi bilan to‘rt chaqirimcha. Zum o‘tmay manzilga yetib keldik. Chol bolaxonali uyning darvozasidagi qo‘ng‘irokni bosishi bilan ichkaridan yarashiqli kiyingan o‘ttiz-o‘ttiz besh yoshlardagi yigit chiqdi. Avval oqsoqolga, keyin menga salom berdi. Tavoze bilan qo‘shqo‘llab ko‘rishdi.
— Menga qara, datsent! — dedi chol zarda bilan. — Anavi qo‘yning oyog‘ini yechgin-da, hovlidagi tutga arqonlab qo‘y! Bo‘l tez!
Yigit “xo‘p bo‘ladi otajon”, deb mashina tomon yugurdi. Ikkovlashib qo‘yni tushirdik. Yigit qo‘y yetaklab ketayotgan edi, chol tag‘in o‘sha zardali ohangda so‘radi:
— Akang qani?
— Uydalar, – dedi yigit.
— Tez chiqsin baqqa!
Yigit "xo‘p bo‘ladi, otajon", degancha qo‘yni sudragudek bo‘lib hovliga kirib ketdi.
— Bunisi — domla, — dedi oqsoqol tushuntirib. — Institutda dars beradi.
Chol gapini tugatmasidanoq ichkaridan militsiya kiyimini kiygan podpolkovnik chiqib keldi. U ham xuddi ukasiga o‘xshab salom berdi. Ikkalamiz bilan qo‘shqo‘llab ko‘rishdi.
— Endi bizga ruxsat, otaxon, — degan edim, chol "shoshmay tur" deb imo qildi-da, podpolkovnikka buyurdi:
— Qani, "qashlanmaysanmi", nachaynik?
— Xo‘p bo‘ladi, otajon, qancha kerak? – dedi podpolkovnik cho‘ntagidan hamyon chiqarib.
— Yigirma ming!
O‘g‘li ming so‘mliklardan kerakligini sanab cholga uzatgan edi, oqsoqol jerkib berdi:
— Mengamas, sho‘pir yigitga ber!
— Xo‘p bo‘ladi, otajon! — podpolkovnik shunday deb, pulni menga cho‘zdi. Hayron bo‘pqoldim.
— Otaxon, — dedim tushuntirib. — Boshida kelishganmiz: pul kerakmas, duo qilsangiz bo‘ldi.
— Duo ham qilaman. — Cholning chehrasi yorishdi. — Sen buning savlatiga parvo qilma, — dedi o‘g‘lini ko‘rsatib. — Bu padpalkovnik bo‘lsa, men generalman! Bu xonadonning lashkarboshisi man bo‘laman!
Podpolkovnik pul uzatgan ko‘yi jilmayib turar, men bo‘lsam, kira haqini olishni ham, olmaslikni ham bilmay garangsib qolgandim.
— Olaver, akangniki tavarruk, — dedi chol. So‘ng bir zum sukut saqladi-da, tushuntirdi.
— Hali bozorda pulim yo‘q, deganim bejiz emasdi. Qani, ko‘ray-chi, odamlarda insof, himmat, birovning hojatini chiqarish degan narsalar bormi, bor bo‘lsa kimda, shuni bilmoqchi edim. Otangga rahmat, sho‘pir bolam! Sendaqalar borligiga shukr!
— Baribir bu pul ko‘p, — dedim rostini aytib.
— Ishing bo‘lmasin, — deya chol siltab tashladi. — Kam desang, akang yana qo‘shadi.
Podpolkovnik birpas tursa, kira haqi "bolalab" ketishini bildi shekilli, pulni cho‘ntagimga suqib qo‘ydi.
— Mana endi duo qilaman! — dedi chol qo‘l ochib. — Topgan-tutganingga baraka bersin! Ulovingni tagidan doim shamol o‘tib tursin, sho‘pir bolam! Har xil balolardan O‘zi asrasin. Sen ham menga o‘xshab, manavi akangga o‘xshab, piri badavlat bo‘lib yurgin!
Mashina tomon yurgan edim, chol o‘g‘liga tayinladi:
— Menga qara, nachaynik! Shu mashinani nomirini yozib ol! Yigitlaringga ayt: hech kim hech qayerda to‘xtatmasin, uqdingmi?
— Xo‘p bo‘ladi, otajon! — dedi podpolkovnik.
...Cholning o‘g‘li chindan ham DAN sohasida ishlaydimi-yo‘qmi, unisini bilmadim-u, o‘shandan beri mashinamni biron joyda to‘xtatishgani yo‘q. Hatto bir-ikki marta ko‘cha chetida turgan inspektor yigitlar menga chest berganini ham ko‘rdim!
O‘tkir Hoshimov.