Ko‘bay boboning kamgap nevarasi

TOP-100 talikka kirgan oliy o‘quv yurti talabasi bo‘ladi

Ular bilan bir mahallada yashaymiz. Samarqand shahrida emas, viloyat markazidan 100 kilometr uzoqlikda joylashgan Qo‘shrabotda.

Ko‘bay boboning yoshi 80 dan oshgan, ammo haliyam o‘zining sevgan kasbi -stomatologlik bilan shug‘ullanib keladi. Ko‘bay tish do‘xtirini tumanda tanimagan odam bo‘lmasa kerak. To‘g‘ri, yoshi keksaygach, uning ishini - ya’ni u tashkil qilgan mo‘’jazgina klinikani boshqarishni - o‘g‘li o‘z zimmasiga olgan. Ammo zamondan ortda qolmaslikka harakat qilayotgan Ko‘bay bobo o‘g‘li va tumandagi boshqa stomatologlarga maslahatlarini berib keladi.

Otaxonning ishi yengillashgach, nevaralarining tarbiyasi bilan alohida shug‘ullanadigan bo‘ldi va natija ham yomon emas. Ko‘bay boboning tarbiyasini, duosini olgan suyukli nabirasi Olimbek yaqinda ingliz tilidan xalqaro IELTS imtihonida qatnashib, 7,5 balni qo‘lga kiritibdi.

Bu xabarni eshitib, juda xursand bo‘ldim. Olimbekni bolaligidan yaxshi bilaman - juda kamgap edi. Endi o‘ylanib qoldim: aslida u bilan inglizcha gaplashish kerak ekan. Chunki bu tilda yaxshi gapirgani uchun ham oladi-da bunday yaxshi balni.

Olimbek bundan avval xalqaro SAT (Scholastic Assessment Test) imtihonida 1430 ball to‘plagandi. Ayni paytda u Qo‘shrabot tumanidagi 1-ixtisoslashtirilgan maktab-internati 11-sinf o‘quvchisi. Bunday natijalar bilan muddatidan oldin talaba bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Olimbekning asosiy maqsadi - dunyo reytingidagi TOP-100 talikka kiruvchi oliy ta’lim muassasalarining birida o‘qish.

To‘lqin SIDDIQOV.