Xavfsiz muhitni ta’minlash bo‘yicha amaliy choralar: Mahallalarni jinoyatdan xoli hududga aylantirish bo‘yicha manzilli ishlash tizimi yaratilmoqda

Ichki ishlar vaziri boshchiligidagi ishchi guruh viloyatimizda “poytaxt namunasi” asosida Imom Buxoriy majmuasida xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan masalalarni atroflicha o‘rgandi.

Yaqin kunlarda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilayotgan mazkur majmuaga kelishi kutilayotgan mahalliy va xorijiy sayyohlar xavfsizligini ta’minlash, ular uchun xavfsiz, qulay va zamonaviy shart-sharoitlar yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Xususan, sayyohlar oqimi ortib borishini inobatga olgan holda avtoturargohlar sig‘imini kengaytirish, transport harakatini tartibga solish hamda favqulodda vaziyatlarning oldini olish tizimini takomillashtirish bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.

Shundan so‘ng, ushbu hududda jamoat xavfsizligini ta’minlash maqsadida yangidan qurilib, foydalanishga topshirilgan Payariq tumani IIB 2-sonli ichki ishlar bo‘linmasida o‘rganish ishlari olib borildi. Bu yerda xodimlarning tun-u kun samarali xizmat olib borishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar ko‘zdan kechirilib, patrul-post, yo‘l-patrul, qo‘riqlash va profilaktika xizmatlari hamda xavfsiz turizmni ta’minlash bo‘linmalari tomonidan uch smenali, uzluksiz xizmatni tashkil etish yuzasidan zarur ko‘rsatmalar berildi.

Imom Abu Mansur Moturidiy majmuasida amalga oshirilayotgan qurilish va obodonlashtirish ishlari ham ko‘zdan kechirilib, hududda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, piyodalar va transport vositalari harakatini xavfsiz tashkil etishga alohida e’tibor qaratish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.

O‘rganishlarning keyingi manzili Ichki ishlar vazirligiga qarashli 7-sonli tergov hibsxonasi bo‘lib, mazkur muassasada saqlanayotgan shaxslar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, shuningdek, qonunchilik talablariga rioya etilishi holati atroflicha ko‘zdan kechirildi. Shu bilan birga, hibsxonada olib borilayotgan qurilish va ta’mirlash ishlari o‘rganilib, ularni belgilangan muddatlarda sifatli yakunlash hamda ishlarni jadallashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Shundan so‘ng ishchi guruh Kattaqo‘rg‘on shahrining kriminogen vaziyati murakkab bo‘lgan “G‘arib machit” mahalla fuqarolar yig‘inida o‘rganish ishlarini olib bordi. O‘rganishlar davomida davlatimiz rahbari tomonidan mahallalarda xavfsiz muhitni shakllantirish bo‘yicha belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash, hududda jinoyatchilikka salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillarni aniqlash va ularni bartaraf etish masalalari muhokama qilindi. Mahalla yetakchilari va keng jamoatchilik bilan hamkorlikda ushbu muammolarni tizimli ravishda hal etish bo‘yicha mas’ullarga aniq ko‘rsatmalar berildi.

Ishtixon tumanining Ishtixon mahallasida amalga oshirilgan o‘rganishlar davomida mahalla yettiligi hamda ushbu mahallaga biriktirilgan mas’ul xodimlarning faoliyati atroflicha tahlil qilindi. Jumladan, yoshlar yetakchisi tomonidan maktab o‘quvchilarining dars davomatini ta’minlash, ular o‘rtasida nazorat va tartibni kuchaytirishga qaratilgan ishlar bo‘yicha taqdimot namoyish etildi va amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga baho berildi.

Shuningdek, Ishtixon tumanida joylashgan sport maktabida ham o‘rganish ishlari olib borildi. Unda voyaga yetmaganlar va yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ayniqsa uyushmagan yoshlar bilan manzilli ishlashda sportning ahamiyatini yanada oshirish, ularni sog‘lom turmush tarziga keng jalb etish hamda sport bilan shug‘ullanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur yo‘nalishda mas’ullarga aniq ko‘rsatmalar berildi.