Sudya, prokurorni ko‘paytirish bilan jinoyatchilikni yo‘qotib bo‘lmaydi
Samarqand davlat universiteti tarkibida 1974 yil birinchi marta ochilgan huquqshunoslik mutaxassisligi yo‘nalishi besh marta tashkil etilib, yana beshinchi marta yopilgan. Juda qiziq.
Men ushbu soha, oliy yuridik ta’lim tizimida 52 yil ishladim va murakkab fanlardan dars berdim. 1976 yilda Toshkent davlat universitetining yuridik fakultetida «Davlat va huquq tarixi» kafedrasida assistent o‘qituvchi sifatida ishlardim. Shunda Toshkentdagi «Nukus» kinoteatri oldida qurilayotgan binodan yosh o‘qituvchilarga turarjoy berilishi arafasi edi. Shunday sharoitda majburan SamDUga ishga o‘tkazildim, yana besh-olti yil oilam, bolalarim bilan ijara uylarda yashadim. Bo‘lim fakultetga aylandi. Sirtqi, kechki, kunduzgi ta’lim, ikkinchi mutaxassislik uchun ham yo‘nalish ochildi. Lekin men tushunmagan narsa shu ediki, har 6-7 yilda ta’lim tizimidagi kamchiliklar fosh etilmasdan, muammolar barham topmasdan qabul to‘xtatilar, oz fursat o‘tgach, «advokatlar, huquqshunoslar yetishmaydi» vajidan yana huquqshunoslik yo‘nalishi ochilardi. Keyin fakultetga dekabr oyida ham qabul qilishlar, turli ichki va tashqi o‘tkazishlar, ayrimlarni talabalar safidan chiqarish, qayta tiklanish ishlari tinmasdi.
Ayniqsa, 2018 yildan keyingi amaliyot kafedra mudirlari va o‘qituvchilarni tanlov asosida besh yilga saylash emas, ular bilan qisqa muddatli shartnomalar tuzish, buyruq bilan tayinlashlar ham ishimizga katta zarar yetkazardi. Hayriyatki, SamDUda joriy qilingan bu tartib hozirda bekor qilinmoqda.
Fakultet har safar yopilganda, o‘tgan davrda yetishib chiqqan pedagoglar boshqa joylardan ish axtarishga majbur bo‘lishardi. Men esa shu yerga ishga o‘tkazilganligim, yana uy-joy tashvishlarini o‘ylab, SamDUdan ketmasdim. Hozir mamlakatimizning turli oliy o‘quv yurtlarida ishlab yurgan professorlar Shuhrat Ro‘zinazarov, Komiljon Sindorov, Komiljon Rashidov, Jo‘rabek Toshqulov, Aktam Tursunov, Salomat Niyozova, Axtam Yoqubov, Lindvud universitetining (AQSh) professori Jo‘rabek Hamidov va o‘z ishining bilimdonlari bo‘lgan dotsentlar, rahmatli Qozoqboy Suyarov, Tursun Abduvohidovlar asosan SamDUda kamolga yetib, tajriba orttirgan yuridik fakultetining o‘qituvchilari edi. Har safar fakultet yangitdan ochilganda, o‘qituvchilarning asosiy tarkibini ilmiy darajasiz, pedagogik tajribaga ega bo‘lmagan yoshlar tashkil qilardi. Afsuski, o‘qituvchilar jamoasini bir-ikki yilda shakllantirib bo‘lmasligini hech kim tushunishni istamasdi. Barcha mutasaddilar dabdababozlik bilan qabulga zo‘r berib, dars o‘tish, tashkil qilish, sifat, o‘quv-metodik ta’minot orqada qolib ketardi.
Masalan, fakultet beshinchi marta tiklanganda garchi, kunduzgi qabul 25 nafar talaba miqdorida deb ko‘rsatilganligiga qaramasdan, to‘xtovsiz oshirib borildi. Biz SamDU qoshida rejali, intizomli, bilimli yuridik kadrlar tayyorlaydigan fakultet bo‘lishi tarafdori bo‘lib keldik. Uning to‘rt yillik faoliyatida talabalar soni deyarli mingdan oshib ketdi. Hatto hech bir yuridik oliy ta’lim o‘quv yurtlarida kuzatilmagan 450 nafardan ortiq talaba o‘qishga qabul qilindi. Kirish imtihonlarida qatnashgani dargumon, hech qursa, birinchi, ikkinchi kurs fanlarini o‘qigan yoki o‘qimaganligi noaniq talabalar endigina ochilgan fakultetga kontrakt asosida yuqori kurslarga talabalikka olinganiga ham guvoh bo‘ldik. Xususiy yuridik ta’lim beradigan Panjakentdagi filialdan o‘n nafar talaba o‘tkazilganligi uchun bir nechta mansabdor shaxs ishdan olindi.
Agar endigina ochilib faoliyati yo‘lga qo‘yilayotgan fakultetda sharoit yaxshi bo‘lsa, o‘qituvchi sifatida xursand bo‘lardik. Avvalo, kutubxonalarda barcha o‘quv kurslaridan olti talabaga bitta darslik yoki o‘quv qo‘llanma to‘g‘ri kelganda ham mamnun edik. Chunki mutaxassislikka kirish, davlat va huquq tarixi, Rim huquqi, davlat va huquq nazariyasi, sud va prokuratura tuzilishi va yana boshqa o‘nlab darsliklar, qonunchilik aktlari to‘plamlari, sud majlisi namunaviy qaydnomalari, ayblov, himoya nutqlarining namunalari yo‘q edi-da. Hatto kriminalistika, ijtimoiy fikr laboratoriyalari, foto laboratoriya, yuridik klinika, fakultet kutubxonasi va o‘qish zaliga muhtoj edik.
Kerakli adabiyotlar bilan ta’minlash, o‘qituvchilarning o‘rni borasida ham qiziq holatlar bor. Qarangki, Scopus ro‘yxatidagi ilmiy jurnallarda rus tilida chiqqan maqolaga ustama haq berilardi. Ammo o‘nlab yillar mobaynida yoziladigan o‘zbek tilidagi monografiyalarga bunday moddiy rag‘bat yo‘q edi. SamDU kutubxonasiga bunday monografiyalarning sotib olinishi amri mahol bo‘lgan. Bu o‘zbek tilida ijod qilishga to‘sqinliklarning bir ko‘rinishi edi.
Oliy yuridik ta’lim tizimiga oid bunday xato va kamchiliklar bugun ham juda ko‘p. Shulardan biri - bu boshqa ixtisosliklarga qaraganda, huquqshunoslikka kirib o‘qish uchun kontrakt narxlarining yuqoriligi. O‘qish jarayoni, sharoit, sifat bunday to‘lov miqdorini oqlamaydi. Bundan tashqari, yuridik fakultetga qabul kvotasining ko‘pligidan xulosa qilish mumkinki, ularning ishga joylashishiga kafolat yo‘q. Huquqshunoslarning uchta xorijiy tilni mukammal bilishini talab qilayotganimizdan ularni chet davlatlarda ishlashi uchun tayyorlayotganga o‘xshaymiz.
Albatta, xalqaro doirada ishlay oladigan, uchta xorijiy tilni biladigan, chet mamlakatlar pozitiv-harakatdagi huquqini atroflicha o‘rgangan huquqshunoslarni tarbiyalashimiz kerak. Ammo o‘qituvchilarning birgina Scopus jurnallarida maqola yozishi yoki kitoblari chet ellarda nashr qilinganligi, chet ellik olimlar ishtirokida konferensiya o‘tkazilganligi bilan xalqaro doirada ishlay oladigan kadrlarni tayyorlay olmaymiz. Yuridik ta’lim tizimida milliy qonunchilik, milliy qadriyatlarni o‘rganish kabi masalalar ham bor.
Bugun chet mamlakatlarda o‘qib, o‘zimizda ishlayotgan huquqshunos kadrlarning salmog‘i anchagina oshdi. Lekin ularning faoliyati samaradorligini tahlil qilyapmizmi? O‘zimizdagi universitetlar qoshida yuridik fakultetlarni ochib, talabalar sonini ko‘paytirish yaxshidir. Ammo nazoratsiz, rejasiz, moddiy-uslubiy ta’minoti bo‘lmagan bunday ilm dargohlarida sifatli mutaxassislar tayyorlab, ularni ish bilan ta’minlay olmaymiz. Barchani prokuror, sudya qilganimiz bilan jinoyatchilik tamom bo‘lmaydi. Fikrimizcha, bu mutaxassislik uchun ajratiladigan davlat grantlari, to‘lanadigan kontrakt to‘lovi miqdorlari boshqa ixtisosliklardan farq qilmasligi kerak.
Talabalar kontengentini rejasiz, asossiz oshirish bilan ta’lim sifatini oshirib bo‘lmaydi. Aksincha, bu tanish-bilishchilik, qarindoshchilik, mahalliychilik va poraxo‘rlikning avj olishiga sabab bo‘ladi. Bundan tashqari, yuridik ta’limda nazariy va tarixiy darslarni qisqartirish, uchtasini bitta fan qilish, siyosiy va huquqiy ta’limotlar tarixi, davlat va huquq nazariyasi muammolari, iqtisodiy nazariya, sud statistikasi, sud meditsinasi, psixatriyasi, sud etikasi, Rim huquqi kabi kurslarni bekor qilish yoki dars soatlarini kamaytirishni ham ma’qul deb o‘ylamayman. Bu yo‘nalishdagi o‘quv rejalari hamda o‘quv dasturlarini ham mukammal deb bo‘lmaydi.
Respublikamizdagi huquq tizimi Rim huquqi oilasiga mansubligi, tayanganligi ham shuni taqozo etadi. Huquqni o‘rganish, huquqiy ta’lim negizida, avvalo, milliy huquqiy tizim va amaliyot, ya’ni o‘z qonunlarimizni o‘rganib, ularni o‘zimizda qo‘llash, vujudga kelayotgan yuridik muammolarni yechish maqsadi yotadi. Shuning uchun yuridik ta’limda xorij metodikasiga yopishib olish ham xato. Huquqshunoslik ixtisosligiga qabul jarayonlarida avvalgidek yozma imtihonlar (insho)ni tiklash maqsadga muvofiq.
Hech kimga sir emas, hozir talabalar amaliy mashg‘ulotlarda ham «telefon-shpargalka»dan foydalanmoqda. Nazarimda, ta’lim jarayonlarida ilmiy-texnik taraqqiyotning bu kabi yutuqlaridan foydalanishning yagona normativ tartibini yo‘lga qo‘yish vaqti keldi.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, yuridik ta’lim bo‘yicha o‘quv kurslari auditoriya soatlarining qisqartirilishi, takroran, faqat markazda pullik yakuniy baholashlarning o‘tkazilishi uning natijalari oylar davomida noaniq turishi ham o‘quv intizomiga salbiy ta’sir qiladi.
O‘qish-o‘rganish, bilim va malaka olish darajasi doim talabaning qiziqishi, o‘z ustida ishlashi, tartib-intizomi bilan bog‘liq bo‘lib kelgan. Talaba shuni chuqur anglashi lozimki, o‘qish, bilim olish, bu, avvalo, uning o‘zi uchun. Bugun oliy ta’limda ommalashayotgan kredit-modul tizimi ana shunga asoslangan. Talabaning o‘qish-o‘rganish orqali orttirgan bilimi, malakasi jamiyatda o‘z o‘rnini topishi uchun ishlatadigan ijtimoiy mablag‘i yoki imkoniyatidir.
Demak, talaba diplom olish uchun emas, bilim, ixtisoslik olishnigina maqsad qilib harakat qilishi lozim. Bilim olish yo‘lidagi chekilgan zahmat ijtimoiy mehnatning bir yo‘nalishi bo‘lib, uzoq vaqt o‘z ustida ishlash, fikrlash, tekshirib ko‘rishni taqozo etadi.
Ziyodulla Muqimov,
SamDU professori, oliy yuridik ta’lim faxriysi.