16 nafar mahkum Navro‘z bayramini oilasi bag‘rida kutib oladigan bo‘ldi
Past Darg‘om tumani Xalq qabulxonasida Samarqand viloyat sudi raisi Olim Hayitov, viloyat ma’muriy sudi raisi Tohir Fayziyev fuqarolar bilan uchrashuv, davra suhbati va sayyor qabul o‘tkazdi.
Qabul jarayonida jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy masalalar yuzasidan fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqildi.
Dastlab, yig‘ilganlar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvda O.Hayitov va T.Fayziyev yig‘ilganlarni bugungi sud-huquq islohotlari, qonunchilikdagi yangiliklar, davlatimizning bu sohadagi odilona siyosati haqida tushuncha berdi.
Sayyor qabulda bir qancha fuqarolar, tadbirkorlarning murojaatlari ko‘rib chiqildi. Ayrim masalalar joyida hal etildi, qolganlari bo‘yicha murojaatchilarga huquqiy tushuntirishlar berildi.
37-son manzil koloniyasida jazo o‘tayotgan 16 nafar mahkum sayyor qabulda ishtirok etib, sodir qilgan jinoiy qilmishi va uning huquqiy oqibatlaridan o‘ziga tegishli xulosa chiqarganligini bildirib, jazolarini yengili bilan almashtirishni so‘rab murojaat qildi. Ularning murojaati qonun doirasida ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, tadbirda jinoyat ishlari bo‘yicha Past Darg‘om tumani sudining sayyor sud majlisi tashkil etildi. Sodir qilgan jinoiy qilmishi uchun jazo o‘tayotgan Z.Fayziyevaning o‘talmay qolgan 2 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirilib, ozodlikka chiqarildi. Sh.Shaxvaliyevning o‘talmay qolgan 2 yil 2 oy 22 kun, Zoir Hakimovning 9 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirildi. Xuddi shunday jami 16 nafar mahkum Navro‘z bayramini oilasi bag‘rida kutib oladigan bo‘ldi.
Tuman IIB Probatsiya guruhi hisobida turgan, tuzalish yo‘liga kirgan mahkumlarga nisbatan to‘plangan materiallar ham sayyor sud majlisida ko‘rib chiqildi. Qilmishidan pushaymon bo‘lgan, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan, jazoni ijro etish davrida tartib-intizomi bilan IIB xodimlarining ishonchini oqlagan 25 nafar mahkum o‘talmasdan qolgan jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi.