Sudya va sud xodimlarining ma’naviyati, odobi va mas’uliyati qanday?
Samarqand viloyati sudida shu mavzuda ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Tadbirda viloyat sudi sudya va sud xodimlari bilan birga ularning ota-onalari, oila a’zolari ishtirok etdi.
Viloyat sudi raisi O.Hayitov sudya va sud xodimlari ma’naviyati, odobi va mas’uliyati, bugungi kun talablari, sud tizimidagi kadrlar siyosati, o‘z vazifasini vijdonan va talab darajasida bajarayotgan sudya va sud xodimlarining har bir yutuqlari albatta e’tiborga olinishi haqida gapirdi. Sudyalarning elektron reytingi shakllantirilayotganligi, ilk bor sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlash bo‘yicha imtihon jarayonlarini internet tarmog‘i orqali onlayn tarzda yoritib borish orqali shaffoflik ta’minlanganligi, sudyalikka nomzod va sudyalarning psixologik portreti bo‘yicha kasbga munosibligini elektron baholanayotgani, sudya faoliyatining samaradorligini elektron reyting orqali ochiq va shaffof baholanayotganligi haqida misollar keltirdi.
Avvaliga tortinib turgan ota-onalar viloyat sudi raisining rasmiylikdan yiroq, samimiy gaplaridan keyin faollashdi va dildan suhbatlashdi.
- Men farzandim shunday dargohda ishlayotganidan faxrlanib yurardim. Lekin bugungi yig‘ilishdagi gaplardan bildimki, faqat faxrlanish bilan bo‘lmas ekan, - deydi viloyat sudi sudya katta yordamchisi F.Muhammadiyevning otasi Esonboy aka. – Men farzandimga ishonsam-da, baribir uni hushyorlikka chorlab turishim, ko‘proq suhbatlashishim, ma’nan qo‘llab-quvvatlashim kerak ekan.
Ochig‘i, viloyat sudiga kelishga tortinardim. Viloyat sudi raisining gaplaridan, biz ota-onalar uchun doimo eshiklar ochiq ekanligidan ko‘nglim to‘ldi. Jamoadagi ahillik, samimiylikdan, rahbariyatning barcha yosh xodimlar qatori o‘g‘limning kelajagi haqida qayg‘urayotganidan juda mamnun bo‘ldim. Endi tez-tez kelib turaman.
O‘zaro suhbat, fikr almashish tarzida samimiy o‘tgan yig‘ilishda ko‘plab fikrlar bildirildi, savol-javoblar bo‘ldi. Ko‘pchilik ota-onalar viloyat sudi jamoasi ular o‘ylaganday o‘ta rasmiy emasligini qayta-qayta ta’kidlashdi.
Viloyat sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi.