Samarqandda yer hisobi va davlat kadastrlarini shakllantirish ahvoli qay darajada?

Samarqand viloyati sudi tashabbusi bilan joylarda yer hisobi va davlat kadastrlarini shakllantirish, sohaga raqamli texnologiyalarni joriy etish masalalariga bag‘ishlab tadbirlar o‘tkazildi.

Samarqand viloyat sudida, so‘ngra Toyloq tumanida o‘tkazilgan yig‘ilishda respublika Oliy sudi raisi o‘rinbosari Baxtiyor Isakov, viloyat sudi raisi va o‘rinbosarlari, viloyat ma’muriy sudi raisi va sudyalari, prokuratura, adliya, soliq, qurilish idoralari xodimlari, Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmasi va Kadastr agentligining viloyat boshqarmasi vakillari ishtirok etdi.

Yig‘ilishlarda Oliy sud raisining o‘rinbosari Baxtiyor Isakov yuqorida ta’kidlangan hujjatlar mazmun-mohiyati, ahamiyati hamda dolzarbligi haqida tushuncha berdi. Bu boradagi ishlarni sifatli va o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash Oliy sud sudyalari va sud apparati xodimlari hamda mas’ul vazirlik va idoralar tomonidan biriktirilgan xodimlardan iborat ishchi guruh zimmasiga yuklatilganligini ta’kidladi. Ishchi guruhga mas’ul vazirlik va idoralar bilan birgalikda joylarda yer hisobi va davlat kadastrlarini shakllantirishdagi mavjud muammolarni aniqlash, o‘rganish, natijalarini umumlashtirish hamda ularning qonuniy yechimlarini topish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish vazifasi belgilangan.

Samarqand viloyati bo‘yicha ishchi guruh rahbari, viloyat sudi raisi Olim Hayitov kun tartibidagi masala bo‘yicha kerakli tushunchalar berdi.

Uchrashuv davomida ishchi guruh a’zolari, shuningdek mas’ul tashkilotlarning vakillari ishtirokida muhokamalar, savol-javoblar bo‘ldi. Kun tartibidagi masala yuzasidan fikr-mulohazalar va takliflar inobatga olinib, kelgusidagi amalga oshiriladigan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan chora-tadbirlar belgilab olindi.