Mast holda mashinani boshqarmang!

Yo‘l harakati qoidalari yo‘llarda tartib o‘rnatish, yo‘lovchilarning eson-omon manziliga yetib olishi uchun ishlab chiqilgan. Bu qoidalar buzilgan har bir holatda, albatta, kimgadir ziyon yetadi. Shuning uchun haydovchilik va yo‘lovchilik madaniyatini rivojlantirishimiz lozim. 

Statistik ma’lumotlarga qaraganda, 2021 yilda 10 001 ta yo‘l-transport hodisasida 9 ming 230 nafar fuqaro jarohatlanib, 2 ming 436 nafari halok bo‘lgan. Yo‘l-transport hodisalarining sezilarli qismi avtomobilni mast holda boshqarish oqibatida kelib chiqqan.

Qoidabuzarlikning hammasi salbiy holat, lekin mast holda avtomashina boshqarishni hech qanday holatda oqlab bo‘lmaydi. Avtomobilni mast holda haydash deganda nafaqat alkogolli ichimlik, balki narkotik modda ta’siridan yoki o‘zgacha tarzda mast holda boshqarish ham nazarda tutiladi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 131-moddasi “Transport vositalarini mast holda boshqarish” deb nomlangan. Bu moddada haydovchilarning transport vositalarini alkogolli ichimlikdan, giyohvand modda ta’siridan yoki o‘zgacha tarzda mast holda boshqarishi, transport vositalarini boshqarish huquqi bo‘lmagan shaxs tomonidan mast holda boshqarish. Shuningdek, alkogolli ichimlikdan, giyohvand modda ta’siridan yoki o‘zgacha tarzda mast shaxsga transport vositasini boshqarishni topshirish kabi holatlarga huquqiy baho berilgan.

Mastlik darajasi qondagi alkogol miqdorini o‘lchash orqali aniqlanadi. Qondagi alkogol miqdorini aniqlashga qaratilgan ilmiy yondashuvlar XX asrning 20-yillarida mazkur mavzu bo‘yicha bir qator o‘rganishlar o‘tkazgan shved tadqiqotchisi Erik Vidmark tadqiqotlariga borib taqaladi. Uning asarlarida keltirilgan «Vidmark formulasi» usuli hozirga qadar alkogol konsentratsiyasini aniqlash uchun foydalaniladi. Qondagi alkogol konsentratsiyasi miqdorida promilleda (foizning o‘ndan biri) o‘lchanadi.

Avtomobilni boshqarayotgan shaxsni mastlik holatida deb hisoblashga yetarli asoslar bo‘lgan taqdirda yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan uning mastlik holati tekshiruvdan o‘tkaziladi.

Quyidagi holatlar tekshiruv o‘tkazish uchun asos bo‘ladi:

- haydovchining og‘iz bo‘shlig‘idan alkogol hidi kelishi;

- haydovchi bir holatda to‘g‘ri tura olmasligi (chayqalib turishi);

- haydovchi nutqining buzilgani;

- haydovchi qo‘l barmoqlarining qaltirashi;

- haydovchi yuz terisi rangining sezilarli o‘zgargani.

Haydovchilarning mastlik faktini aniqlashdagi eng maqbul yo‘l – ular to‘xtatilgan joyning o‘zida alkotester yordamida tekshiruvdan o‘tkazishdir.

Tekshiruv oldidan haydovchi alkotesterning ishlash tartibi bilan tanishtiriladi. Haydovchi puflaganda etanol bug‘lari konsentratsiyasi ko‘rsatkichi 0,135 milligramm va undan yuqori bo‘lgan hollarda haydovchiga nisbatan alkogolli ichimlik iste’mol qilganligi fakti yuzasidan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtiriladi. Unga alkotester orqali olingan ma’lumotlar ilova qilinadi.

Agar haydovchi alkotester yordamida tekshiruvdan o‘tishdan bosh tortsa, alkotester natijalariga rozi bo‘lmasa, shuningdek haydovchi alkogolli ichimlik ta’siridan mast holatda ekanligi aniqlanmagan, biroq uning giyohvandlik vositalari ta’siridan yoki o‘zgacha tarzda mast holatda ekanligi belgilari mavjud bo‘lsa, tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish uchun tuman va shahar davolash-profilaktika muassasalariga olib boradi.

Tibbiy tekshiruv haydovchi to‘xtatilgan paytdan boshlab uzog‘i bilan bir soat ichida o‘tkazilishi lozim. Mastlik fakti narkologik dispanserlarda narkologlar yoki davolash-profilaktika muassasalarida maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan shifokorlar tomonidan aniqlanadi.

Haydovchilarning tekshiruvdan o‘tishdan bosh tortishi, bo‘yin tovlashi ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Bu qilmishga nisbatan jazo esa avtomobilni mast holda boshqarish uchun qo‘llaniladigan jazo bilan deyarli teng.

Keyingi paytlarda transport vositalari haydovchilari va yo‘l harakati boshqa ishtirokchilarining mastligi yoki mast emasligini aniqlash uchun tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlash hollari ham ko‘p uchramoqda. Bu holat Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 136-moddasida mustahkamlangan va huquqiy baho berilgan.

Oliy sud tomonidan 2021 yilda transport vositalarining mast holda boshqarish hamda transport vositalari haydovchilari va yo‘l harakati boshqa ishtirokchilarining mastligi yoki mast emasligini aniqlash uchun tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlash bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarning ko‘rilishi bo‘yicha sud amaliyoti umumlashtirildi. Ushbu umumlashtirish natijalariga ko‘ra 2022 yil 5 sentyabr kuni Rayosat qarori qabul qilindi.

Rayosat qarorida Samarqand viloyati hududida mazkur toifadagi huquqbuzarliklar oshganligi, shu jumladan ayollar va davlat idoralari xodimlari tomonidan sodir etilish ko‘rsatkichi yuqori ekanligi qayd etildi.

Darhaqiqat, 2021 yil davomida viloyat sudlari tomonidan jami ko‘rib tamomlangan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar 49 618 nafar shaxsga nisbatan 37 859 tani tashkil etgan. Shundan 6 506 nafar (13,1 foiz) shaxsga nisbatan 6400 tasi (16,9 foiz) mazkur toifadagi ishlar hisoblanadi.

41 nafar xotin-qiz mast holda avtomashina boshqargani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Bu Samarqand viloyat sudlari tomonidan MJtKning131-moddasi bilan bog‘liq ko‘rilgan ishlarning 16,9 foizini tashkil qiladi. Shuningdek, 12 nafar xotin-qiz mastligi yoki mast emasligini aniqlash uchun tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlagani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Bu raqam 136-moddasi bilan bog‘liq ko‘rilgan ishlarning 8,5 foizidir.

Shuningdek, 74 nafar davlat idoralarida ishlovchilar mast holda avtomashina boshqargani uchun MJtKning 131-moddasi bilan javobgar bo‘lgan.

Mazkur toifadagi huquqbuzarlikni sodir etgan davlat idorasi xodimlarining sohalar kesimidagi tahlilida ayrim huquqni muhofaza qiluvchi yoki nazorat qiluvchi idoralarning mas’ul mansabdor shaxslari tomonidan ham sodir etilayotganligi ko‘rinib qoldi. Ayrim davlat idorasi xodimlarining huquqbuzarlik sodir etish ko‘rsatkichlari yuqori ekanligi aniqlandi. Ularning 31 nafari ta’lim tizimi, 10 nafari tibbiyot xodimlari bo‘lsa, 6 nafar mahalliy davlat hokimiyati, 14 nafari bank xodimlaridir.

Yana shuncha, 74 nafar shaxs MJtKning 136-moddasi bilan huquqbuzarlik sodir qilgan, ya’ni mastligi yoki mast emasligini aniqlash uchun tekshiruvdan bosh tortgan.

Viloyat hududida mazkur toifadagi huquqbuzarliklar oshganligi, shu jumladan ayollar va davlat idoralari xodimlari tomonidan sodir etilish ko‘rsatkichi yuqori ekanligi e’tiborni tortadi.

2022 yilda ham yo‘l harakati bilan bog‘liq huquqbuzarliklar sodir bo‘lyapti. Yilning o‘tgan to‘qqiz oyi davomida viloyat sudi tizimida MJtKning 131-moddasi bilan bog‘liq 3416 ta ish 3474 nafar shaxsga nisbatan ko‘rib tamomlandi.

3054 nafar shaxsga jarima, 363 nafar shaxsga ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilgan. Mast holatda avtomashina boshqarib, ma’muriy jazo olganlarning 40 nafari ayollar, 3 nafari voyaga yetmaganlar hamda 179 nafari 60 yoshdan oshganlar ekanligi achinarlidir.

Shuningdek, yilning o‘tgan to‘qqiz oyi davomida viloyat sudi tizimida MJtKning 136-moddasi bilan bog‘liq 843 ta ish 843 nafar shaxsga nisbatan ko‘rib tamomlandi.

750 nafar shaxsga jarima, 86 nafar shaxsga ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilgan. Mast holatda avtomashina boshqarib, mastligi yoki mast emasligini aniqlash uchun tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlagani uchun ma’muriy jazo olganlarning 6 nafari ayollar hamda 64 nafari 60 yoshdan oshganlardir.

Xulosa sifatida aytish mumkinki, transport vositasini mast holda boshqarish yo‘llardagi eng og‘riqli nuqtalardan biri bo‘lib qolmoqda. Mast holda boshqarish nafaqat haydovchi, ko‘plab boshqa yo‘l harakati qatnashchilarining ham bevaqt o‘limiga sabab bo‘lmoqda.

Yo‘llarda o‘zingizni va boshqalarni asrang! Eng muhimi, mast holatda avtomashina boshqarmang!

Tolib Boyzoqov,

viloyat sudi raisining o‘rinbosari.