Mevali bog‘larni kuz-qish mavsumida kasalliklardan qanday himoya qilish kerak?

Iqlim o‘zgarishi sababli bu yil mevali bog‘larda un-shudring, turli shiralar, kalmaraz, monilioz, qora rak va bakterial rak kabi kasalliklar ko‘paymoqda. Ular daraxtlarning sovuqqa chidamliligini pasaytirib, keyingi yilda hosildorlikni kamaytiradi.

Xo‘sh, buning oldini olish uchun qanday choralar qo‘llash kerak?

Avvalo, agrotexnik choralar haqida:

– kuzda sug‘orishni to‘xtatish, namlikni kamaytirish;

– begona o‘tlarni tozalash, ortiqcha novdalarni kesib, yoqib yuborish;

– bog‘dorchilikda ishlatiladigan dastgohlarni 70 foiz spirt bilan dezinfeksiya qilish;

– zararlangan po‘stloq va novdalarni kesib yoqish.

Biologik choralar:

– Trichoderma asperellum va Pseudomonas aureofaciens asosidagi preparatlar qo‘llash.

Kimyoviy choralar:

– Barglar to‘kilmasdan oldin 1 foiz mis kuporosi bilan ishlov berish;

– fungitsidlar: tiofanat-metil, difenokonozol, flutriafol va boshqalar;

– zararlangan joylarga 1–2 foiz mis kuporosi va 0,2 foiz fitolavin bilan ishlov berish;

– shiralarga qarshi imidakloprid, tiametoksam yoki lyambda-sigalotrin preparatlari qo‘llash;

– qishda 3–4 foiz Bordo suyuqligi bilan ishlov berish tavsiya etiladi.

Bu choralar daraxtlarni kasalliklardan himoya qilib, kelgusi yilda yuqori hosilga zamin yaratadi.

Odiljon Shomurodov,

viloyat o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi Past Darg‘om tuman bo‘limi fitosanitar davlat nazorati inspektori.