YUNESKOning 43-sessiyasi: O‘zbekistonning xalqaro nufuzi va uchinchi Renessans sari qadam
Samarqand shahrida o‘tayotgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi — O‘zbekiston tarixida yirik siyosiy, madaniy va ma’naviy voqea bo‘ldi.
YUNESKOning 40 yildan keyin ilk bor Parijdan tashqarida, aynan Samarqandda sessiyani o‘tkazayotgani mamlakatimizning xalqaro nufuzini yaqqol ko‘rsatadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida ta’kidlaganidek, “Bu muhim global tadbirni mintaqamizda o‘tkazish orqali O‘zbekiston nafaqat o‘z sivilizatsion salohiyatini, balki xalqaro hamjamiyatdagi o‘rnini namoyish etdi”.
Davlat rahbari qayd etganidek, YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasini Samarqandda o‘tkazish qarorini 194 ta davlat bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi. Bu xalqaro hamjamiyatning O‘zbekistonni madaniyat, ilm-fan va ma’naviyat markazi sifatida tan olganining dalilidir.
Nutqda ilgari surilgan tashabbuslar – madaniy merosni asrash, yoshlarni ilm-ma’rifatga yo‘naltirish, sun’iy intellekt texnologiyalarini madaniyatga tatbiq etish, ekologik muvozanatni saqlash va madaniyatlararo muloqotni kengaytirish – bugungi davr ehtiyojiga to‘liq javob beradi.
Bu g‘oyalar insoniyatni birlashtirish, ma’naviy uyg‘onish va barqaror taraqqiyot yo‘lida muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi. Samarqandda o‘tayotgan sessiya nafaqat diplomatik yutuq, balki uchinchi Renessans sari qadam sifatida tarixda qoladi.
O‘zbekistonning ushbu tashabbuslari xalqaro maydonda tinchlik, bag‘rikenglik va madaniyatlararo hamjihatlik g‘oyalarini mustahkamlashga xizmat qiladi. Prezident nutqidagi har bir chaqiriq – biz uchun mas’uliyat, ilhom va harakat dasturidir.
Xolbek Kubayev,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Samarqand viloyati bo‘limi rahbari.
 
                 
                                     
                                     
                                     
                                     
                                    