Hududiy malaka oshirish markazi ish boshladi
Samarqand shahrida YuNESKO va Yevropa ittifoqi ko‘magida modernizatsiya qilingan Kasbiy ta’limni rivojlantirish instituti huzuridagi Samarqand viloyat hududiy qayta tayyorlash va malaka oshirish fakulteti ochildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Yevropa ittifoqi, YuNESKO, Kasbiy ta’lim agentligi, oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi hamda viloyat hokimligi vakillari ishtirok etdi.

Mehmonlar loyiha doirasida ta’mirlangan binolar, o‘qituvchilar malakasini oshirish xonalari va zamonaviy jihozlar bilan yaqindan tanishdilar.
- Mazkur fakultet muhandislik yo‘nalishida Samarqand va qo‘shni viloyatlardagi xizmat ko‘rsatish sohasida faoliyat yuritayotgan kasbiy ta’lim tashkilotlarining ishlab chiqarish ta’limi ustalari va maxsus fan o‘qituvchilarining malakasini oshirishga ixtisoslashgan, - deydi viloyat oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Aziz Nasimov. - Malaka oshirish kurslari 144 soatga mo‘ljallangan o‘quv reja va dasturlar asosida tashkil etiladi. O‘quv jarayoni kasbiy ta’lim sohasidagi davlat siyosati, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va media savodxonlikni qo‘llash, zamonaviy kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirish hamda tinglovchilar bilimlarini baholash mexanizmlarini o‘z ichiga oladi. Fakultetda shu kunga qadar muhandislik yo‘nalishida ishlab chiqarish ta’limi ustalarining malakasi oshirildi.
2025 yilda Samarqand turizm va madaniy meros texnikumi tomonidan fakultet ixtiyoriga berilgan 150 o‘rinli o‘quv ustaxonasi YuNESKO loyihasi va Yevropa ittifoqi ko‘magi orqali “O‘quv amaliyot bazasi” sifatida kapital ta’mirlandi va to‘la jihozlandi.

Yangilangan o‘quv amaliyot bazasida 2026 yildan boshlab muhandislik yo‘nalishlaridan tashqari, xizmat ko‘rsatish sohasidagi turizm, mehmonxona xizmati, restoran servisi, oshpazlik va sartaroshlik kabi yo‘nalishlar bo‘yicha ham malaka oshirish kurslari tashkil etiladi. Shuningdek, Samarqand turizm va madaniy meros texnikumi o‘quvchi-talabalari ham bu yerda o‘quv amaliyotlarini o‘tashlari mumkin.