Malaka oshirishda xorijiy tajribalar o‘zini oqlayaptimi?
Yurtimizda pedagoglarning malakasini oshirish tizimi isloh qilinib, yangicha metodlardan foydalanish yo‘lga qo‘yilmoqda. Xo‘sh, malaka oshirish tizimida xorijiy tajribalar qo‘llanilyapti? Shu va boshqa masalalar yuzasidan Samarqand viloyati Pedagogik mahorat markazi direktori Anvar Sobirov bilan suhbatlashdik.
- Respublikamizda o‘qituvchilarni uzluksiz kasbiy rivojlantirish, pedagogik kasbiy faoliyati ustida muntazam ishlashini ta’minlash maqsadida Prezidentimizning 2024 yil 21 iyunda qabul qilingan “Maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 20 dekabrda “Maktabgacha va maktab ta’limi xodimlarining uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori asosida yangilangan malaka oshirish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bungacha bo‘lgan malaka oshirish tizimida o‘qituvchilar har yili bir marta bir haftalik malaka oshirishga kelishar edi. Bu tizim qaysidir ma’noda o‘zini oqlamadi. 2025 yilning yanvaridan boshlab 5 yilda bir marta bir oylik, ya’ni 100 soatlik malaka oshirish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bunda pedagoglar asosiy ish joyidan ajralgan va ish haqi saqlangan holda malaka oshirishga jalb qilinadi.
“Kasbiy rivojlanish kuni”, “Kasbiy rivojlanish soati” tadbirlari aynan Singapur ta’lim tizimi asosida malaka oshirishga olib kirildi. Dastlab Abdulla Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy instituti va barcha viloyatlardagi pedagogik mahorat markazlaridan metodist, master-trenerlar tanlab olindi. Ularga singapurlik mutaxassislar o‘qituvchini o‘z ustida ishlash uchun kerak bo‘lgan yo‘nalish, metodikani o‘rgatdi.
2025-2026 o‘quv yilidan boshlab 11 ta fan yo‘nalishi bo‘yicha pedagoglar uchun “Kasbiy rivojlanish kuni”, “Kasbiy rivojlanish soati” tadbirlari respublikamizdagi barcha maktablarga joriy qilindi. O‘qituvchilar uchun haftada bir kun metod kuni bor. Shu kuni maktablardan tanlangan mentor o‘qituvchilar o‘sha hududdagi yetakchi o‘qituvchilarga yangi metodlar, fanda olib borilayotgan yangiliklar, o‘zlashtirilishi qiyin bo‘lgan mavzular ustida ishladi.
Malaka oshirish tizimiga kirib kelgan yangiliklardan yana biri Finlandiya, Angliya, Xitoy, Fransiya, Turkiya davlatidan mutaxassislar jalb qilindi. Dastlab ular pedagogik mahorat markazi o‘qituvchilarini metodik ta’minlash, ularga yangi metod, usullar o‘rgatish maqsadida taklif etildi. So‘ngra metodist, mentor o‘qituvchilarimiz ushbu davlatlarda malaka oshirib keldi. Hatto maktablardan tanlab olingan mentor o‘qituvchilar ham xorijga malaka oshirishga yuborildi.
O‘zim ham Xitoyning YuNESKO ta’lim markazi va Shanxay Normal universiteti bilan hamkorlikda tashkil qilingan 15 kunlik stajirovkaga borib, 38 ta davlat vakillari bilan birgalikda malaka oshirib keldim. Xitoy ta’lim tizimi boshqa sohalarda bo‘lgani kabi qat’iy tartib-qoidaga asosan qurilgan. Xitoyda biznikidek alohida malaka oshirish institutlari yo‘q. Ular dastlab ishga kirgan o‘qituvchi uchun bir yillik, keyingi faoliyatini davom ettirayotgan o‘qituvchilar uchun uch yilda bir marta 120 kredit soat ajratadi. Shu kreditni o‘qituvchi yil davomida mustaqil ravishda xohlasa o‘zi o‘qigan oliy ta’lim muassasasida yoki o‘ziga yaqin oliy ta’lim muassasasida professor-o‘qituvchilardan rahbar topib, ularning darslarida qatnashib, pedagogik kasbiy faoliyat ustida ishlaydi.
Xitoyda bir sinfda 40-50 nafar o‘quvchi ta’lim olar ekan. Shuning uchun ham Xitoy ta’limida sun’iy intellekt, texnika vositalari bilan o‘qituvchining vaqtini tejash yo‘lga qo‘yilgan. O‘qituvchi sun’iy intellekt yordamida o‘quvchilarni baholab, kompyuterlar orqali nazorat ishlarini tekshirib, bahosini chiqarish kabi yumushlarni tezroq bajaradi. Natijada 45 minutlik dars jarayonida ko‘plab o‘quvchilar bilan ishlashga imkon topadi. Bugun bizni maktablarimizda ham o‘quvchilar soni ko‘p. Xitoyliklarning mana shu metodini o‘zimizga olib kelsak bo‘lar ekan.
Shuningdek, Xitoyda bolalar ertalabdan kechgacha maktabda bo‘ladi. Shu sababli ular darslarini maktabda bajaradi. Darsdan keyin o‘quvchilar san’at, sport, fan to‘garaklariga jalb qilinadi. Mana shu tajribani maktablarimizda qo‘llasak, yaxshi samara berishi mumkin. Bundan tashqari, Xitoyda o‘qituvchi, o‘quvchi, ota-ona hamkorligi ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Ularning aytishicha, xitoyliklar birgina bolani o‘qitmaydi, balki butun bir jamiyatni o‘qitadi. Agar o‘quvchining o‘zlashtirishi yaxshi bo‘lsa, ota-onasiga rahmatnoma yuboriladi. Aksincha baholari pasayib ketadigan bo‘lsa, ota-onaga ham vazifa berilarkan. Xitoylik ota-onalar o‘qituvchining oldiga kirishga qo‘rqib turarkan. O‘qituvchining ishiga ota-ona va boshqa tashkilotlar aralasholmaydi. O‘qituvchining maqomini ko‘tarish uchun ularga shunday huquq berilgan.
Bizda ota-onalar bolaning o‘zlashtirolmasligini o‘qituvchining aybi deb hisoblaydi. Aslida bu yerda o‘zlarining ham aybi bor.

- Bugun xususiy maktab, xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyat yurityapti. Ulardagi pedagoglar malaka oshirishga qanday jalb qilinyapti?
- Bizni malaka oshirish rejamiz har yilning boshida tasdiqlanadi. 2026 yil uchun 13 876 nafar pedagog, tarbiyachi, psixolog, direktor va direktor o‘rinbosarlarining malakasini oshirishimiz kerak. Buning ichidan 12 ming nafari davlat muassasalarining, qolganlari xususiy maktab va xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotlarining pedagoglaridir. To‘g‘ri, oxirgi ikki yildan beri xususiy maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlari ko‘paydi. Maktablar bilan bog‘liq masalalarda katta muammolarimiz yo‘q. Sababi, xususiy maktablarda faoliyat olib boradigan pedagoglarning 70-80 foizi davlat maktablarida ham ishlaydi. Shuning uchun ular har besh yilda malaka oshirishi shart. Shuningdek, xususiy maktablarda mehnat qiladigan pedagoglar xususiy malaka oshirish tashkilotlari yoki xorijda ham malaka oshirishi mumkin. Xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotlarida esa muammo bor. Aksariyat xususiy bog‘chalarda bitta, ikkita yoki uchta guruh bor. Tarbiyachilar soni ham ko‘pi bilan uch nafar. Agar bir nafar tarbiyachi malaka oshirishga kelsa, uning o‘rnini bosuvchi tarbiyachi yetishmaydi. Shuni hisobga olgan holda xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotlarining direktorlari bilan kelishgan holda Samarqand shahriga yaqin joylardagi xususiy bog‘cha tarbiyachilarini malaka oshirishga jalb qilyapmiz. Chekka hududlardagi xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotlarining tarbiyachilarini o‘qitishimiz uchun “Aqlvoy” avtobus malaka oshirish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. “Aqlvoy” avtobusi Samarqand shahridan 30 kilometr uzoq hududlarda joylashgan davlat va xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyachilarining malakasini oshirish bilan shug‘ullanadi.
Bundan tashqari, sayyor malaka oshirish kurslarini tashkil qilyapmiz. Bizning o‘qituvchilarimiz uzoq hududlarda joylashgan maktab yoki maktabgacha ta’lim tashkilotlariga borib, malaka oshirish kurslarini o‘tib kelyapti.
- Ijtimoiy tarmoqlarda o‘qituvchi yoki bog‘cha opa tomonidan bolani urayotgan holatlar uchrab turibdi. Bunga sabab nimada? Bolani urish pedagogikaga to‘g‘ri kelmasligini ular bilmaydimi? Malaka oshirishda pedagoglarga huquq va majburiyatlari o‘rgatilmaydimi?
- Bizning malaka oshirish tizimimizda to‘rtta blok fanlar bor. Birinchisi ijtimoiy ko‘nikmalarni rivojlantirish blogi bo‘lib, unda “O‘quvchilarning ijtimoiy-hissiy rivojlanishiga yordamlashish” hamda “Ta’limdagi islohotlar, sohaga doir huquqiy me’yoriy hujjatlar” degan fanlar doirasida malaka oshirishga kelgan o‘qituvchi va tarbiyachilarga pedagogik huquqiy me’yorlar o‘rgatiladi. Bu fanlarning birini pedagoglar, ikkinchisini huquqshunoslar olib boradi. Keyingi bloklarda mutaxassislik fanlari o‘tiladi.
Haqiqatda bugun o‘qituvchi o‘quvchini yoki o‘quvchi o‘qituvchini kaltaklagan holatlar ro‘y beryapti. Yoki o‘quvchining yaqinlari tomonidan o‘qituvchiga zug‘um qilinganini ko‘ryapmiz. Bular albatta oqlab bo‘lmaydigan, pedagogik etika, estetikaga to‘g‘ri kelmaydigan holat ekanini yaxshi bilamiz. Jamiyatda turli psixologik, ruhiy holatdagi o‘qituvchilar borligini ham bilamiz. Bu jarayonga qarshi keskin kurash ketyapti. Bunday holatlarning oldini olish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilyapti. Shuningdek, pedagoglar uchun kitobxonlik tanlovi, turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, musobaqalar tashkil qilinadi. Shunga qaramay nojuya xatti-harakatlar qilayotgan o‘qituvchilar afsuski uchrab turibdi.
- Avvallari malaka oshirishga kelgan pedagoglar koorrupsion holatlardan nolirdi. Masalan, har bir o‘qituvchi o‘z kitobini malakaga kelgan o‘qituvchilarga sotishi, har xil narsalarga pul yig‘ish kabilar kuzatilardi. Bugun tizimda koorrupsion holatlar yo‘q deb ayta olasizmi?
- Korrupsiya har qanday rivojlanayotgan sohani yo‘q qilib yuboradigan illat. Bunga qarshi aynan markazimiz misolida gapiradigan bo‘lsam, o‘qituvchilarga kitob sotish yoki turli masalalar bo‘yicha pul yig‘ish holatlar yo‘q. Bizda sertifikatni sotib olish yoki tinglovchilar tomonidan loyiha ishini himoya qilishda ta’magirlik holati kabilarga barham berilgan. Tinglovchilar tomonidan o‘qituvchilarga sovg‘a-salomlar berish holatlarini ham butkul to‘xtatdik. Markazimiz to‘liq kameralashtirilgan va doimiy ravishda nazoratda. Bugun men bemalol markazimizda korrupsion holatlar yo‘q, deb ayta olaman.
- Malaka oshirishga kelgan pedagog malaka imtihonidan o‘tolmasa, u o‘z kasbida ishlay oladimi?
- Pedagog malakaviy imtihon, ya’ni test jarayonidan o‘tolmasa, unga ikkinchi imkoniyat beriladi. Faqat bunda pedagog o‘z hisobidan kelib o‘qiydi, ya’ni maktabdagi maoshi saqlanmaydi. Ikkinchi marta ham u malaka oshirish imtihonidan o‘ta olmasa, qonunchilikka ko‘ra u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinadi. Hozircha bizda bunday holatlar kuzatilmadi, birinchi malaka imtihonidan o‘tolmagan pedagoglar ikkinchisidan o‘tyapti.
Shuningdek, malaka oshirishga kelganlar 18 soatdan ko‘p dars qoldirsa, tinglovchilar safidan chetlatiladi. Masalan, 2026 yilning birinchi choragida 242 nafar tinglovchi 18 soatdan ziyod dars qoldirgani uchun tinglovchilar safidan chetlatildi.

- Markazda qayta tayyorlov kursiga talab qanday?
- Qayta tayyorlov kursiga oliy ta’lim muassasasini tugatgan, ammo o‘z sohasida ishlay olmayotgan yoki ish topolmayotganlar qabul qilinadi. Ayni paytda markazimizda 10 ta guruh, sakkizta fan yo‘nalishi bo‘yicha qayta tayyorlov kursida o‘qimoqda. Shuningdek, yana ochilishi rejalashtirilayotgan beshta guruh bor. Yaqinda ularning ham o‘qishi boshlanadi.
2025 yilning sentyabridan boshlab qayta tayyorlov maxsus platformasi ishga tushdi, ya’ni bu tizim raqamlashdi. Platformaga talabgor diplomini kiritadi. Platforma o‘sha diplom qaysi tayyorlov guruhlariga to‘g‘ri kelishini aniqlab beradi, ya’ni talabgor yo‘nalishi to‘g‘ri kelmagan guruhlarda o‘qiy olmaydi. Talabgorning kontrakt to‘lovi ham platforma orqali qabul qilinadi, diplomi ham platforma orqali shakllanadi. Qayta tayyorlovda bitta guruh shakllanishi uchun kamida 25 nafar talabgor ariza berishi kerak. Guruh to‘lsagina biz qayta tayyorlov guruhlarini ocha olamiz.
Qayta tayyorlovni uch xil darajasi bor: kasbiy qayta tayyorlov, pedagogik qayta tayyorlov va pedagogik kasbiy qayta tayyorlov. Biri 5 oylik, ikkinchisi 7 oylik, uchinchisi 10 oylik kurslardan iborat. Nopedagogik hisoblanganlarni o‘n oy o‘qitamiz. Masalan, qishloq xo‘jaligining veterinariya yo‘nalishini tugatgan talabgor biologiya yo‘nalishida o‘qishni istasa, uni ham pedagogik, ham kasbiy qayta tayyorlaymiz. Agar fransuz tili yo‘nalishida o‘qigan talabgor ingliz tilida qayta tayyorlovda o‘qimoqchi bo‘lsa (u institutda ikkinchi til sifatida ingliz tilini ham o‘qigan), uni besh oy ichida qayta tayyorlovdan o‘tkazib, ingliz tili mutaxassisi degan diplom beramiz.
- Pedagogik mahorat markazida o‘qituvchilar uchun qanday shart-sharoitlar yaratilgan?
- Markazimizda 220 o‘rinli yotoqxonamiz, 200 o‘rinli kutubxonamiz bor. Unda yashash uchun barcha shart-sharoitlar mavjud. Hovlimiz shahar markazida joylashgan bo‘lib, manzarali daraxtlar bilan bo‘rkangan. Ayniqsa, archa daraxtlari juda ko‘p, shuning uchun hududning havosi toza. Markaz tinglovchilari uchun to‘rtta oshxona xizmat ko‘rsatadi. Bir vaqtning o‘zida markazimizda 1400-1500 nafar pedagog malaka oshiradi. Ularning ko‘pchiligi oilaviy sharoitidan kelib chiqib, qatnab o‘qiydi. Shu sababli yotoqxonamizdagi o‘rinlar hozircha tinglovchilarga yetarli.
- Malaka oshirish tizimini yana qanday takomillashtirish kerak deb o‘ylaysiz?
- Markazga har bir fandan o‘zining ustida doimiy ishlaydigan eng zo‘r mutaxassislarni jalb etish kerak. Bugun aksariyat shunday mutaxassislarimiz ishlayapti. Ayrim o‘rinlarda hali o‘zining ustida ishlashi kerak bo‘lgan mutaxassislarimiz ham yo‘q emas. Ikkinchidan, malaka oshirish markazlariga mustaqil tadqiqotchilik institutini berish kerak. Ular ish faoliyatidan tashqari ilmiy tadqiqot bilan, aynan metodikalar bilan shug‘ullanishi kerak. Masalan, xohlagan pedagogik mahorat markazini olib ko‘rsangiz, bir nafar ilmiy darajaga ega metodist ishlaydi yoki yo‘q.
- Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur.
Xurshida Ernazarova suhbatlashdi.