Hayot davomida o‘qish: Pedagoglar "Ustoz"da dam olib, malaka oshiradi

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi, malaka oshirish hududiy markazi, "SILK ROAD international Academy in Samarkand" hamda "Ma’rifatparvarlar" jamiyati Samarqand viloyati bo‘limi hamkorligida o‘qituvchilarning dam olishi va salomatligini tiklashi bilan birga ularning malakasini oshirish maqsadida "Hayot davomida o‘qish" tamoyili - amalda" shiori ostida maxsus kurslar tashkil etildi.

Bugun "Ustoz" sihatgohida ushbu malaka oshirish kurslarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Z.Shodiyeva, Samarqand davlat universiteti rektori, professor R.Xolmurodov xalq ta’limi sohasidagi muammo va kamchiliklar, pedagoglar bilimidagi muammolarning kelib chiqish sabablari, ularning ijobiy yechimlariga to‘xtalib o‘tishdi.

Darhaqiqat, amalga oshirilayotgan ushbu tashabbus orqali pedagoglar Oqdaryodagi “Ustoz” sihatgohida 10 kun dam olish va davolanish imkoniyatiga ega bo‘ladi hamda o‘z fani bo‘yicha malakali trener-o‘qituvchilardan 72 soatlik mahorat darslarini o‘zlashtirishadi.

Loyiha doirasida joriy yilning 19 iyunidan 24 sentyabriga qadar jami 180 nafar fan o‘qituvchilari bosqichma-bosqich malaka oshirishi hamda dam olishi ko‘zda tutilgan.