O‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimlari malakasini oshirish sifati talab darajasidami?
Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Samarqand viloyati bo‘limi rahbar va mutaxassislari respublika o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimlari malakasini oshirish va ixtisoslashtirish markazi Samarqand filiali faoliyati, o‘rta tibbiyot xodimlari malaka oshirish tizimining qanday yo‘lga qo‘yilganligi va ta’lim jarayonlarining tashkil etilishi holatini o‘rgandi.
Avvalo, filialda tibbiyot xodimlarining soha bo‘yicha eng zamonaviy malaka va tajribalarni o‘zlashtirishi uchun yetarli moddiy-texnika baza yaratilgan. Professor-o‘qituvchilar tomonidan tashkil qilinayotgan o‘quv jarayonlari, amaliy mashg‘ulotlar, seminar va master-klasslar orqali ular kasbiy bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlashi mumkin. Dars jarayonlarida zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish yo‘lga qo‘yilganligi, malakali mutaxassislarning filialga jalb etilgani e’tiborga loyiq.
Ayniqsa, innovatsion ta’lim markazi faoliyatining yo‘lga qo‘yilganligi o‘rta tibbiyot xodimlarining nafaqat kompyuter texnologiyalari bo‘yicha savodxonligini oshirishga, balki ulardan faoliyati davomida samarali foydalanishiga xizmat qiladi.
- Joriy yilning yanvar-may oylarida filialimizda 1710 nafar o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimlari malakasini oshirish rejalashtirilgan edi, - deydi Respublika o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimlari malakasini oshirish va ixtisoslashtirish markazi Samarqand filiali direktori H.Egamov. - Amalda 2368 nafar tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish hamda qayta tayyorlashga erishdik. Barcha malaka oshirish soatlari axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalangan holda va ilg‘or xorijiy tajribalarni keng tatbiq etib tashkil etdik.
G‘ayrat Boboxolov,
Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Samarqand viloyati bo‘limi rahbari.