Tabiiy boylik afzalmi, fikriy boylik?

Asli iroqlik bo‘lgan, hozirda Norvegiya fuqarosi bo‘lgan geolog olim, doktor Foruq Qosim o‘zining "Aqlni ishlatish" maqolasida shunday deydi:
Sen menga gina-adovat, millatchilik, mintaqachilik, johillik va urushlarga makon bo‘lgan mamlakatning boyligi haqida gapirib o‘tirma. Nigeriya yer osti boyliklariga boy, neft eksport qiladigan yetakchi davlatlardan hisoblanadi. Ammo uning holiga, mavqeiga nazar sol. U yerdagi insonlar irqchilik, millatchilik bilan to‘yingan. Doimo urush-janjal.
Bir paytlar Singapur prezidenti ichimlik suvi taqchilligidan yig‘lagan edi. Bugun esa kishi jon boshiga qilinadigan daromad bo‘yicha Yaponiyani ortda qoldirdi.
Taraqqiylashgan asrimizda faqatgina yer osti boyliklariga ko‘z tikkan, maqsadi ularni kovlab olib, sotib tirikchilik qilish bo‘lgan davlatlar faqatgina qoloq davlatlardir.
Vaholanki, o‘zini bilgan ba’zi davlatlarda haqiqiy boylik, bu inson omilidir. Eng katta foydani insondan olish mumkin. Nima deb o‘ylaysiz, biz allaqancha dollarga sotib oladigan Ayfon, Galaksi telefonlarida tabiiy boyliklardan qancha ishlatiladi?
Bir dollarga ham yetmaydigan arzimagan temir, shisha va plastiklar ishlatiladi. Ammo uni biz yuzlab dollardan bir necha ming dollargacha sotib olyapmiz. Bu pullarga bir necha bochka neft va bir qancha kubometr gaz berar edi.
Sababi shuki, u mahsulotlarda tabiiy boyliklardan ko‘ra fikriy boylik ko‘proq yashiringan. Ya’ni, bashariyat aqlining mahsuli. Biz o‘shanga pul beramiz.
"Maykrosoft" shirkati asoschisi Bill Geyts bir sekundda 226 dollar daromad qilar ekan. Bugungi kundagi dunyo boylarining aksari avvalda tabiiy boyliklar sohibi emas, noyob fikrlar egasi bo‘lishgan.
"Samsung" shirkatining bir yillik daromadi 327 milliard dollar ekan. Biz mahalliy shirkatlarimiz orqali bunaqa daromad qilishimiz uchun yuzlab yillar kerak bo‘ladi.
"Mening pulim ko‘p, hech kimga muhtojligim yo‘q", deysanmi? Bu xomxayolingni qo‘y. Haqiqiy boylik aqliy boylikdir. Boshqasi emas.
Yaponlar Ikkinchi jahon urushida mag‘lub bo‘ldi. Ammo ellik yilga yetar-yetmas vaqt ichida butun dunyodan o‘z ilmi va texnikasi bilan intiqom oldi.
Xulosa o‘zingizdan.
Abdulqodir Polvonov.