Eshitish qobiliyatini yo‘qotgan bemor endi eshitadi
Viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida yana bir yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti — koxlear implantatsiya o‘tkazildi.
Jomboylik bemor yigit 12 yoshida miningitga uchrab, og‘ir xastalikka chalinadi. Uning asorati qulog‘ida turli muammolarni keltirib chiqaradi. Oxir-oqibat eshitish qobiliyatini yo‘qotadi. Ayni paytda 32 yoshda bo‘lgan bemor yigit qulog‘idagi nuqsonni davolash uchun turli tibbiyot muassasalariga murojaat qiladi. Ammo natija bo‘lmaydi. Xorijda koxlear implantatsiya amaliyotini o‘tkazish orqali eshitishni tiklash imkoni borligidan xabar topgan bemorning ota-onasining iqtisodiy imkoniyatlari xorijga chiqishni ko‘tarmaydi...
Yurtimiz tibbiyotidagi o‘zgarishlar natijasida ana shunday yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarining o‘zimizda o‘tkazilayotganligi ko‘plab bemor yurtdoshlarimizning salomatligini tiklashga imkon yaratmoqda. Viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida Respublika ixtisoslashtirilgan otorinolaringologiya va bosh-bo‘yin kasalliklari ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Samarqand davlat tibbiyot universiteti malakali mutaxassislari hamkorligida bemorda koxlear implantatsiya amaliyoti o‘tkazildi. Amalga oshirilgan yuqori texnologik jarrohlik amaliyotidan so‘ng bemor tekshiruv signallarini to‘liq eshitayotganligini ma’lum qilgan.
- Bemor xastalik tufayli eshitish qobiliyatini yo‘qotgach, bir necha bor muolajalar olishga harakat qilgan, - deydi viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bo‘lim mudiri Muhammad Bekmurodov. – Tekshiruvlar yakunida bemorda faqatgina koxlear implantatsiya amaliyotini o‘tkazish orqali eshitishni tiklash mumkinligi aytilgan. Davlatimiz rahbarining tibbiyotni rivojlantirishga qaratayotgan e’tibori, yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini respublikamizning barcha hududlarida amalga oshirish uchun yaratib berayotgan sharoitlari tufayli ko‘plab yurtdoshlarimiz malakali tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Ushbu bemorimiz ham aynan tibbiyotdagi ulkan o‘zgarishlar samarasida yana eshitish qobiliyatini tiklamoqda. Xastalik tufayli zararlangan nerv tolalari o‘rniga implant datchiklar kiritilib, ichki quloq qismiga koxlear implant o‘rnatildi. Bemorimiz maxsus signallarni eshitganligini qayd etdi. Bemor uzoq vaqt mobaynida eshitmaganligi bois, maxsus amaliyot orqali tegishli mutaxassislar bilan belgilangan muolaja jarayonini o‘tkazadi. Shu orqali uning eshitish qobiliyati tiklanib, nutqiy muammolari ham bartaraf etiladi.