3-6 may kunlari Samarqand shahrida Osiyo taraqqiyot banki boshqaruvchilari kengashining 59-yillik yig‘ilishi o‘tkaziladi
Ayni paytda “Silk Road Samarkand” xalqaro turizm markazi hamda shaharning boshqa ob’yektlarida ushbu nufuzli anjumanga qizg‘in tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Jumladan, forum davomida sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlash maqsadida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining viloyat boshqarmasi tomonidan zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
– Tadbirga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida boshqarmada malakali mutaxassislardan iborat, tunu kun faoliyat yurituvchi shtab tashkil qilindi, – deydi viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi boshlig‘i Latif Rustamov. – “Silk Road Samarqand” xalqaro turizm markazi hududidagi markaziy hamda ichki ishlar va favqulodda vaziyatlar boshqarmalaridagi tezkor shtablarga malakali mutaxassislar jalb qilindi. Anjuman qatnashchilariga xizmat ko‘rsatadigan xalqaro turizm markazidagi 8 ta hamda shaharning boshqa hududlaridagi 36 ta mehmonxona, 30 ga yaqin restoran-kafelar, aeroport, vokzal va boshqa ob’yektlarga ham xodimlarimiz biriktirilib, har bir maskanning sanitariya-epidemiologik holati qat’iy nazorat qilib borilmoqda. Mazkur ob’yektlar zarur dezinfeksiya vositalari va asbob-anjomlar bilan ta’minlandi, tezkor PSR test topshirish imkoniyati yaratildi. Samarqand xalqaro aeroporti va temir yo‘l vokzalining sanitariya-karantin punktlarida kerakli asbob-uskunalar, dori vositalari bilan ta’minlangan tibbiy punkt, izolyator va sanitariya o‘tkazish postlari tashkil etildi.
Bundan tashqari, anjuman ishtirokchilaridan va xizmat ko‘rsatishga jalb etilgan xodimlardan turli infeksiyalarga namuna olish, tashqi muhit fizik omillarini laboratoriya o‘lchovlaridan o‘tkazish va oziq-ovqat mahsulotlarini tahlil qilish, tashrif ob’yektlarida profilaktik dezinfeksiya tadbirlarini o‘tkazish uchun mobil brigadalar shakllantirilgan.
Anjuman o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan binolar, mehmonxona, kafe va restoranlar, oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlovchi korxonalar hamda tashrif buyuriladigan tarixiy obidalarda belgilangan tartibda sanitariya nazorati o‘tkazilmoqda. Bu tadbirlar natijasi bo‘yicha har bir ob’yektda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ta’mirlash, texnologik jihozlarni almashtirish, qayta jihozlash, xodimlarni sanitariya minimum kurslarda o‘qitish, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish kabi majmuaviy sanitariya-gigiyena talablari bo‘yicha mas’ullarga sanitariya talabnomalari berilmoqda.