Abdullatif Oqsaroyda dafn etilganmi?

Samarqand shahridagi Amir Temur maqbarasi yaqinida XV asrga tegishli Oqsaroy yodgorligi bor. Arxeologik qazishmalar chog‘ida tadqiqotchilar tomonidan bu yerdagi qabrlarning biridan boshsiz jasad topilgan va maqbarada Mirzo Ulug‘bekning o‘g‘li Abdullatif dafn etilgan degan taxminga kelingan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, majmua temuriylarning so‘nggi dahmasi bo‘lib, qo‘shimcha dahma sifatida temuriylar sulolasidan bo‘lgan Abu Said (1449-1469) va Sulton Ahmad Mirzo (1469-1494) hukmronligi davrida qurilgan. Maqbara pishiq g‘ishtdan ganch qorishmasida terilgan. Oqsaroy chortoq tarhli katta xona va qarama-qarshi joylashtirilgan xonalardan iborat, bosh tarzi janubga qaragan. O‘rtadagi miyonsaroy tagida esa sardoba joylashgan.

Yodgorlik qurilishida o‘sha davr me’morligiga xos murakkab usullar qo‘llanilgan. Ya’ni katta xona gumbazi to‘rt katta ravoq va o‘zaro kesishgan ravoqchalar hamda toqilar yordamida yopilgan. Bu qurilmalar sharafa va ganch bezaklari bilan pardozlangan. Naqsh shakllari takrorlanmagan, bir ravoqdagi naqshda bir-biriga o‘xshamaydigan 67 xil bezakgul bo‘lgan. Binoning tashqi me’morligi nihoyasiga yetkazilmagan. Katta xona tashqi gumbazi, sakkiz qirrali poygumbazi ham tugallanmagan.

- Oqsaroy maqbarasining aniq qurilgan sanasi va maqsadi haqida tarixiy manbalar yo‘q, - deydi «Samarqand» davlat muzey-qo‘riqxonasi tarix bo‘limi mudiri To‘lqin Bo‘riyev. - Sovet arxeologi va sharqshunos tarixchisi M.Masson ushbu maqbaraning qurilishi Movarounnahr hukmdori Abdulatifning o‘ldirilishi bilan bog‘liq bo‘lib, otasi Mirzo Ulug‘bek qabri Amir Temur maqbarasida bo‘lgani uchun Abdulatifning u yerga dafn etilishi mumkin bo‘lmagan deb taxmin qiladi. Maqbaraning me’moriy xususiyatlari va ichki bezaklari «Ashratxona» hozirgi Sulton Hovand Beka maqbarasiga o‘xshab ketadi. Bu esa maqbaraning XV asr 70-yillarida qurilgan deb nisbat berish imkonini beradi.

Maqbara Sulton Abu Said oilasining erkak avlodlari uchun oilaviy qabr vazifasini o‘tagan bo‘lishi ham mumkin. Chunki maqbarada olib borilgan tadqiqotlar davomida bir nechta qabrlar aniqlangan. XX asrga kelib yodgorlik jiddiy shikastlangan. 1924-1925-yillarda inshootda rekonstruksiya ishlari olib borilgan va bu maqbarani buzilib ketishidan saqlab qolgan. XXI asr boshlariga qadar u vayrona holatda bo‘lgan. 2007-yilga kelib esa Oqsaroy maqbarasi qayta tiklangan.

Maqbara bir gumbazli, to‘rtburchak shakldagi bino bo‘lib, asosiy zal va uchta kirish xonasini o‘z ichiga oladi. Asosiy zalning yuqori qismi silindrsimon baraban ustidagi gumbaz bilan qoplangan bo‘lib, uning asosini kesishuvchi ravoqlar va qalqonsimon yelkanlar tashkil qiladi. Tor zinopoyaga o‘xshash yo‘l marmar bilan qoplangan sakkizburchak xilxonaga olib boradi.

Binoda tashqi bezak yo‘q, ichki qismda, devorlarning tagida mozaikali panel mavjud. Devorlar zargarlik buyumlaridan ko‘p foydalanilgan holda ishlangan bezakli rasmlar bilan qoplangan.

Fazliddin RO‘ZIBOYeV.