“Hurriyat”ning jur’atli muharriri

Abdurasul Jumaqulov bugun mamlakatimizning salohiyatli jurnalistlaridan biri.

Yo‘q, faqat mamlakat miqyosidagi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining nashri hisoblangan gazeta bosh muharriri bo‘lganligi uchungina emas. U nimani va qanday yozishni bilgani, tahririyatning esa jamoatchilik bilan munosabatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘ya olganligi uchun ham havasimizda. Har qanday sharoitda bardoshga, sabrga va shijoatga suyanadi. «Fermer» nomli nodavlat haftalikni tashkil etgani, saqlab qolgani, buning yorqin misolidir.

«Hurriyat»da ham A.Jumaqulov allaqachon juda katta tajriba yaratdi. Xususan, buning mualliflar bilan muntazam muloqot qilib turishi, dolzarb muammolarni dadil ko‘tarib chiqishi, hamkasblar o‘rtasida doimo ijobiy baholanadi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tadbirlarini yoritishda doimo faol.

«Hurriyat»ning Samarqand viloyati jurnalistlari, tahririyatlari bilan hamkorlik qilishida ham bosh muharrirning roli beqiyos. Juda ko‘p tadbirlarimizda ishtirok etgan va viloyatimiz mualliflarini doimo qo‘llab-quvvatlab turadi.

A.Jumaqulov badiiy ijodda ham faol, o‘nga yaqin kitoblar muallifi. Jahon adabiyotidan bir qancha asarlarni o‘zbek tiliga o‘girgan. Ana shu samarali xizmatlari uchun davlatimiz tomonidan «Shuhrat» medali va «Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotlangan.

Biz, samarqandlik jurnalistlar hamkasbimizni yangi kitob va qutlug‘ yoshi bilan chin ko‘ngildan tabriklaymiz. Gazetamiz jadidlar tomonidan bir muddat «Hurriyat» nomi bilan chiqqanligi uchun Toshkentdagi «Hurriyat»ga, uning bosh muharririga, jamoasiga hurmatimiz bo‘lakcha.