Samarqand “travmatologiyasi”da robot jarroh ish boshladi

Respublika ixtisoslashgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy markazi viloyat filialida ilk bor robot texnologiyasi yordamida operatsiya amalga oshirildi.

Ushbu yangi texnologiyani ishga tushirish munosabati bilan o‘tkazilgan marosimda viloyat hokimi o‘rinbosari Husan To‘xtayev, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Suhrob Zayniyev so‘zga chiqdi. Samarqand tibbiyotidagi bu yangilik tizimdagi islohotlar natijasi ekanligi aytildi. Zamonaviy texnologiyalarning chekka hududlarga ham kirib borayotgani salomatligimizni yaxshilash, bemorlarning shifoxonalarda uzoq vaqt davolanish kabi qiyinchiliklardan asrashi bilan e’tiborga loyiqligi ta’kidlandi.

So‘ng markazda Xitoydan keltirilgan zamonaviy navigator mahalliy va xitoylik shifokorlar hamkorligida chanoq son bo‘g‘imi bilan bog‘liq xastaligi bor ikki nafar bemorning operatsiyasi o‘tkazildi.

- O‘tgan yili Xitoyda bo‘lib, bir nechta tibbiyot muassasalarida malaka oshirishga muvaffaq bo‘ldik, - deydi Respublika ixtisoslashgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy markazi viloyat filiali bosh shifokori Oybek Mamatqulov. – Malaka oshirish barobarida xitoylik hamkasblar bilan bir qator kelishuvlar imzolandi. Robot texnologiyasi yordamida operatsiyalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga ko‘ra, bugun muassasamizda ilk bor robototexnologiya yordamida chanoq son operatsiyasi muvaffaqiyatli bajarildi.

O‘tgan yili markazda davolangan bemorlarning 9,5 ming nafari jarrohlik usulida shifo topgan bo‘lsa, 6,5 ming nafari laparoskopik usulda davolangandi. Ikki mingga yaqin bemorlar chanoq-son bo‘g‘imi xastaliklaridan aziyat chekib, tegishli jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazgan.

- Xorijiy davlatlarda robot texnologiyalari yordamida operatsiyalar 15 yildan beri amalga oshiriladi, - deydi Pekin universiteti professori, doktor Tian Hua. – Ushbu texnologiyaning qulay tomoni shundaki, asoratlar kam bo‘ladi, har bir operatsiya bemorning individual ko‘rsatkichlari va aniq rejalar asosida o‘tkaziladi. Qolaversa, bemorning reabilitatsiya davri an’anaviy operatsiyalardagidan ko‘ra ancha qisqaradi.