Qudratli davlat - Turon saltanati qanday boshqarilgan?
Sohibqiron tomonidan tashkil qilingan davlatda avval hokimi mutlaq - Amir Temur, so‘ngra esa uning vorislari bevosita hukmronlik qilishgan.
Saltanatni devonbegi – Bosh vazir boshliq yetti vazirlikdan iborat arkoni davlat – vazirlik mahkamasi boshqargan. Ulardan birinchisi – mamlakat va raiyat vazirligi. U viloyat va tumanlardan to‘planadigan turli soliq va o‘lponlar, yetishtirilgan hosil hamda mamlakat obodonchiligi bilan shug‘ullangan. Ikkinchisi – vaziri sipoh, ya’ni harbiy ishlar vaziri. U navkarlarning ta’minoti (maoshi, oziq-ovqat va qurol-yarog‘lari) bilan shug‘ullangan. Uchinchidan – tijorat (savdo) vaziri edi. U tashqi savdo boji tamg‘a, chorvachilikdan to‘planadigan zakot, egasiz qolgan mol–mulklarning tasarrufi, meros va merosxo‘rlik kabi masalalar bilan shug‘ullangan. To‘rtinchisi – saltanatning moliya ishlari vaziri bo‘lib, davlat xazinasining kirim-chiqimlarini boshqargan.
Chegara viloyatlari va tobe mamlakatlar boshqaruvini nazorat qilish uchun maxsus uchta vazir tayin etilgan. Ular mazkur viloyat va mamlakatlardan davlat xazinasiga tushadigan daromadlarni nazorat qilgan. O‘z navbatida bu uch vazir saltanatning xolisa deb yuritilgan bosh nazorat hay’atini tashkil etgan. Bu yetti vazir devonbegiga bo‘ysungan va u bilan bamaslahat davlatning moliyaviy ishlarini amalga oshirganlar.
Yozma manbalardan ma’lum bo‘lishicha, Amir Temur va temuriylar hukmronligi davrida saltanat devonxonasida Amir Dovud, Jaloliddin Firuzshoh, G‘iyosiddin Shohmalik, Alouddin Alika Ko‘kaldosh va Alisher Navoiydek dono devonbegilar bu oliy mansabda faoliyat ko‘rsatganlar, mamlakatning obodonchiligi yo‘lida beqiyos xayrli ishlarni amalga oshirganlar.
Devonxona qoshida arzbegi, sadri a’zam, shayxulislom va ahdos qozisi kabi lavozimlar mavjud bo‘lgan. Arzbegi fuqaro va sipohiylardan tushadigan arzu shikoyatlar hamda mamlakatdagi ahvol to‘g‘risida ma’lumot to‘plash va bu borada oliy dargohga axborot berib turish kabi vazifalarni bajargan. Sadri a’zam – bosh sadr mamlakatdagi barcha vaqf xo‘jaliklarini nazorat qilgan, davlat hamda yer egalari tomonidan vaqf qilingan yerlar va mulklarni qayd etgan va vaqfnomalar tuzib, ularni qonunlashtirgan. Shayxulislom aholining turli ijtimoiy tabaqalari o‘rtasida shariat ahkomlari va islom aqidalarining bajarilishini nazorat qilgan.
Davlatning bosh qozisi – qozi ul-quzzat “ahdos qozisi” nomi bilan yuritilib, u fuqaro ishlari bilan shug‘ullangan. Saltanat maxkamasida kirim–chiqimlarini qayd etuvchi maxsus munshi - kotib faoliyat ko‘rsatgan.
Mamlakat ma’muriy jihatdan ulus, viloyat va tumanlarga bo‘linib, ular hokim, noib va tumanboshilar tomonidan boshqarilgan. Ularning aksariyati harbiy kishilar – amirlardan iborat edi. Har bir shahar va viloyatning moliya devoni, qozisi, muftisi, mutavallisi va muxtasibi bo‘lgan. Lashkarlar uchun maxsus qoziyi lashkar tayin etilgan. Har bir shahar va qal’alarda qutvol (komendant) tayinlanib, unga shahar va qal’a istehkomlarini ta’mirlash va ularning mudofaasi yuklangan. Fath etilgan viloyat va hududlar temuriyzodalar va xizmat ko‘rsatgan amirlarga suyurg‘ol tarzida in’om qilinib, ular orqali boshqarilgan. Masalan, Amir Temur hayotligi chog‘idayoq saltanatni asosan to‘rt qism (ulus)ga bo‘lib, o‘g‘illari va nevaralariga taqsimlab bergan. Xuroson, Jurjon, Mozandaron va Seyiston (markazi Hirot) Shohruxga, G‘arbiy Eron, Ozarbayjon, Iroq va Armaniston (markazi Tabriz) Mironshohga, Fors, ya’ni Eronning janubiy qismi (markazi Sheroz) Umarshayxga, G‘azna, Balx va Kobul viloyatlari, Shimoliy Hindiston (markazi G‘azna, keyinchalik Balx) katta o‘g‘li marhum Jahongirning farzandi Pirmuhammadga suyurg‘ol qilib berilgan. Davlatning markaziy qismi – Movarounnahr va Xorazm (markazi Samarqand) esa Amir Temurning shaxsan o‘zi tomonidan boshqarilgan.
Turon davlati o‘ziga xos tartib-qoidalarga asoslangan holda idora etilgan. Garchi uluslar markaziy hukumatga itoat etsalar-da, ammo ular ma’lum darajada mustaqil edilar. Ularda alohida devonxona, qo‘shin bo‘lib markaziy hukumatga tobelik davlat xirojining bir qismini Samarqandga yuborish va oliy hukmdor harbiy yurishlarida o‘z qo‘shini bilan qatnashish yoki talab etilgan sonda askar yuborishdan iborat edi.
El-yurtni boshqarishda harbiy kuchning ahamiyati katta bo‘lgani tufayli uning takomiliga alohida e’tibor berilgan. Temurbek amir va amir ul–umaro - Bosh amir kabi yuqori darajali harbiy unvonlar joriy etgan, qo‘shin boshliqlarini tanlash va ularni tarbiyalash, lashkariy qismlar va ularning joylashish tartibi, navkar va sarbozlarning qurollanishi hamda ularning intizomi masalalariga nihoyatda ahamiyat bergan.
Davlatni boshqarishda qurultoy va kengashlar o‘tkazish alohida o‘rin tutgan. Sharafuddin Ali Yazdiyning yozishicha, Amir Temur tomonidan Balx, Samarqand, Qarshi, Qorabog‘ va boshqa joylarda o‘tkazilgan qurultoy va kengashlarda shahzodalar, davlat ma’murlari, harbiy boshliqlar, ulamolar va mulkdor zadagonlarning vakillari qatnashgan. Ularda mamlakatning iqtisodiy va siyosiy ahvoliga oid masalalar muhokama etilib, qarorlar qabul etilgan va tadbirlar belgilangan. Masalan, 1403 yilda Kavkazning Baylaqon shahrida chiqarilgan kengashga olimu fuzalolar taklif etilgan. Ulardan mamlakatni boshqarishda, xususan, uning obodonchiligi yo‘lida amalga oshiriladigan xayrli ishlar – jamoat binolari va inshootlar qurilishlarida o‘z maslahatlari bilan ko‘mak berishlari so‘ralgan.
Amir Temur hayotlik davridayoq davlatni boshqarish uslubiga bag‘ishlangan maxsus asar yaratilib, u keyinchalik “Temur tuzuklari” nomi bilan shuhrat topgan. Unda davlatni boshqarishda kimlarga tayanish, toju-taxt egalarining tutumi va vazifalari, vazir va qo‘shin boshliqlarini saylash, sipohlarning maoshi, mamlakatni idora etish tartibi, davlat arboblari va qo‘shin boshliqlarining burchi va vazifalari, amirlar, vazirlar va boshqa mansabdorlarning toju-taxt oldida ko‘rsatgan alohida xizmatlarini taqdirlash tartibi va boshqalar bayon etiladi. Shunday qilib, Turon davlatining Amir Temur hukmronlik qilgan davrida davlat tuzilishi, qonun-qoidalarini tartibga solish bilan bir qatorda, oliy dargoh hayoti bilan bog‘liq an’analar ham qaror topgan.
Amir Temur o‘z hukmronligi davrida 27 mamlakatni o‘z davlati tarkibiga qo‘shib olgan. Bu haqda uning tilidan “Temur tuzuklari” ning ikkinchi maqolasida bunday deyiladi: “Amirlar, sipohsolorlar, bahodirlar bilan ittifoq bo‘lib, ularning mardligu mardonavorligiga tayanib, shamshir zarbi bilan yigirma yetti podshohning taxtini egalladim. Turon, Eron, Rum, Mag‘rib, Shom, Misr, ikki Iroq (Iroqi Arab va Iroqi Ajam), Mozandaron, Gilon, Shirvon, Ozarbayjon, Fors, Xuroson, Jete Dashti, Qipchoq Dashti, Xorazm, Xo‘tan, Kobuliston, Boxtarzamin, Hindistonga podshoh bo‘lib, hukm surdim”. (Qarang: Temur tuzuklari. 69-bet.)
Turon davlatini Amir Temur va uning vorislari - temuriylar sulolasi Movarounnahr va Xurosonda 1370-1507 yillarda, buyuk boburiylar sulolasi esa Hindistonda 1526-1858 yillarda boshqarishdi. Bu davrda mamlakat obod etilib, u jahonda shuhrat topdi.
Shunday qilib, Amir Temur asos solgan davlat qadimgi Sharqda uch yo‘nalishda (o‘troq dehqonchilik, dasht chorvachiligi va shaharsozlik) shakllangan sivilizatsiyalar qorishgan Turon-Turkiston hududlarida rivoj topib qiyomiga yetgan turkiy (o‘zbek) davlatchiligining nodir namunasi edi.
Qahramon Rajabov,
tarix fanlari doktori, professor.
(Davomi bor)