Jahon chempionati Samarqandda yuksak saviyada o‘tkazildi
Xabar berganimizdek, Samarqanddagi “Silk Road Samarkand” xalqaro turistik markazida bilyard sport turining dinamik piramida yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempionati o‘tkazildi.
Xalqaro piramidalar konfederatsiyasi hamda O‘zbekiston bilyard sporti federatsiyasi shafeligida mamlakatimizda ilk bor tashkil etilgan chempionatda O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Moldova hamda Belarus mamlakatlaridan 100 nafardan ortiq sportchi ishtirok etdi.
Qariyb bir hafta davomida muxlislar eng kuchli bilyardchilarning qizg‘in bahslariga guvoh bo‘ldi. Har bir o‘yin qiziqarli, keskin raqobat ruhida kechdi va eng kuchlilarga omad kulib boqdi.
Kutilganidek, erkaklar musobaqasida jahonning eng kuchli sportchilaridan sanalgan rossiyalik Iosif Abramov birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Rossiya jamoasining yana bir a’zosi Nikita Volodin va qirg‘izistonlik Arsen Kalibek o‘g‘li ikkinchi o‘rinni egalladi. Mamlakatimiz vakili Nurbek Salomov uchinchi o‘rin bilan kifoyalandi.
– O‘zbekistonda bilyard ishqibozlari juda ko‘pligiga ushbu chempionat davomida yana bir bor amin bo‘ldim, – deydi jahon chempionati kumush medali sohibi, rossiyalik Nikita Volodin. – Shu bilan birga bu sport turi bilan shug‘ullanadigan professional va havaskor bilyardchilar ham ko‘p ekan. Bu esa mamlakatda bilyardni keng ommalashtirish va rivojlantirishga xizmat qiladi. O‘zbekiston, Samarqand mezbonligida o‘tgan chempionat yuqori saviyada tashkil etildi va biz bu yerdagi musobaqadan juda katta taassurot, zavq oldik.
Uchinchi o‘rin va bronza medalini qo‘lga kiritgan hamyurtimiz Nurbek Salomov Samarqandda o‘tkazilgan jahon chempionati u uchun katta tajriba maktabi bo‘lganini qayd etib, kuchli bilyardchilar bilan kechgan o‘yinlar uning mahoratini oshirishga xizmat qilganini ta’kidladi.
Ayollar musobaqasi ham shiddatli kurashlarga boy bo‘ldi va qiziqarli bahslar yakunida Belarus respublikasidan kelgan Yekaterina Perepechayeva-Chernuxo birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi va ikkita uchinchi o‘rin rossiyalik bilyardchilar Yekaterina Britchenko, Diana Mironova hamda Kristina Saltovskayaga nasib etdi.
Jahon chempionati bosh kotibi Sergey Karapetov Samarqandda o‘tgan chempionatga yuqori saviyada tayyorgarlik ko‘rilgani va o‘yinlar yuksak darajada o‘tganini qayd etib, buning uchun O‘zbekiston bilyard federatsiyasi va boshqa tashkilotchilarga minnatdorlik bildirdi.
– O‘zbekiston birinchi marta jahon chempionatiga mezbonlik qildi, lekin tashkilotchilik darajasi haqiqatda ajoyib. Ular juda katta hajmdagi ishni bajardi va natijada A darajasidagi ajoyib o‘yinlarga guvoh bo‘ldik, – dedi Sergey Karapetov.
Chempionat tashkilotchilaridan biri, IRBIS-S bilyard klubi rahbari, “Start” fabrikasining Samarqanddagi rasmiy vakili Sayfulla To‘raqulov O‘zbekiston birinchi marta jahon bilyard ustalarining bunday yulduzli tarkibini qabul qilib, nufuzli chempionatga mezbonlik qilganidan faxrlanishini qayd etdi.
– Biz Samarqandda keyingi paytda tez-tez respublika va xalqaro darajada musobaqalar uyushtiryapmiz, lekin jahon chempionatining nufuzi, ahamiyati boshqacha, – deydi Sayfulla To‘raqulov. – Bu sportchilarimizning mahoratini oshirish va jahonning kuchli bilyardchilaridan tajriba o‘rganishlari uchun yaxshi imkoniyat bo‘ldi. “Start” fabrikasi chempionat uchun eng qulay va yuqori sifatli jihozlarni yetkazib berdi. Bu ham chempionat yuqori saviyada o‘tishiga xizmat qildi.
Chempionat g‘oliblarini taqdirlash marosimida O‘zbekiston bilyard federatsiyasi rahbari O‘tkir Komilov g‘oliblar va barcha ishtirokchilarni tabriklab, mamlakatimiz bundan keyin ham bu kabi nufuzli musobaqalarni o‘tkazishga tayyorligini bildirdi.