Memorandum: oila mustahkamligi yo‘lidagi ishlar keng targ‘ib etiladi
Bugun ayollarning dardi nima? Ularni qiynayotgan muammolarga qanday yechim bor? Farzand tarbiyasi, oila mustahkamligi yoki huquqiy masalalarda ko‘rsatilayotgan ko‘maklardan nechog‘li foydalanayapti? Ularga ish topib berish, tadbirkorlikka jalb etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar qanchalik samara beryapti? Xotin-qizlarga yaratilayotgan imkoniyatlar haqida ko‘pchilik biladimi? Bu haqdagi axborotlar jamoatchilikka yetarli darajada yetkazilyaptimi?
Bu kabi savollar bugungi kunda o‘z dolzarbligini saqlab qolmoqda. Zero, mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning jamiyat hayotidagi o‘rni va faolligini oshirish, oila institutini mustahkamlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu sa’y-harakatlar samarasini aholiga to‘liq yetkazishda ommaviy axborot vositalarining o‘rni beqiyos.
Shu maqsadda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Samarqand viloyati bo‘limi hamda viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur hujjat mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida oila institutini mustahkamlash, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini yanada oshirish hamda bu boradagi ishlar va ijobiy natijalarni keng jamoatchilikka yetkazishga xizmat qiladi.
Memorandumga muvofiq, tomonlar o‘zaro hamkorlikni axborot ochiqligi, ishonch, samaradorlik va manfaatdorlik tamoyillari asosida amalga oshiradi. Asosiy maqsad esa viloyatda xotin-qizlarning jamiyat taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasi, tashabbuslari, yutuqlari va faoliyatini ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritish, aholining bu sohada amalga oshirilayotgan islohotlar haqidagi xabardorligini oshirishdan iborat.
Shuningdek, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini hal etish, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash borasida qilinayotgan ishlar haqida jamoatchilikka xolis va tezkor axborot yetkazish hamkorlikning muhim vazifalaridan biri sifatida belgilangan.
- Ushbu Memorandumdan asosiy maqsad hududlarda oilalarni asrab qolish, ularning mustahkamligini ta’minlash yo‘lida olib borilayotgan ishlarni muntazam yoritib borish, ommaviy axborot vositalari vakillarini bu sohadagi ishlar bilan yaqindan tanishtirishdan iborat, - deydi O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Akram Haydarov. - Qolaversa, shahar va tumanlarda faoliyat yuritayotgan xotin-qiz jurnalist va blogerlar uchun o‘quv-seminarlar tashkil etish ham rejalashtirilgan. Bugun sohaga qo‘yilayotgan talablar, zamonaviy jurnalistika standartlari, axborot tayyorlash madaniyati va kasb etikasi bo‘yicha respublika va viloyatning yetakchi jurnalistlari ishtirokida mahorat darslari o‘tkaziladi.
Hamkorlik doirasida xotin-qizlar sohasida amalga oshirilayotgan davlat dasturlari va loyihalari haqida muntazam axborot almashish, hududlardagi ijobiy tajribalarni ommalashtirish, ibratli oilalar hamda faol xotin-qizlarning hayoti va faoliyatini keng yoritish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, jurnalistlar va blogerlarning joylarga chiqib, muammolar va ularning yechimlarini o‘rganishi uchun media-turlar, matbuot anjumanlari, davra suhbatlari va ijodiy uchrashuvlar tashkil etiladi.
Mazkur hamkorlik nafaqat sohada amalga oshirilayotgan ishlarni keng yoritishga, balki xotin-qizlarning muammolariga jamoatchilik e’tiborini kuchaytirish, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash hamda oilaviy qadriyatlarni mustahkamlashga xizmat qiladi.