Ertadan 1-sinfga qabul boshlanadi
Joriy yil 20 iyundan boshlab 2026–2027-o‘quv yili uchun umumta’lim maktablarining 1-sinfiga qabul jarayonlari boshlanadi. Respublika bo‘yicha 795 mingdan ortiq bolani 1-sinfga qabul qilish rejalashtirilgan bo‘lib, 7 yoshga to‘ladigan bolalar qabul qilinadi, deyiladi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ma’lumotida.
Qabul jarayonlari bu yil ham ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda, ya’ni 20 iyundan 31 iyulgacha arizalar bolalarning biriktirilgan mikrohududi doirasida qabul qilinadi. Ikkinchi bosqichda esa mikrohududdan tashqaridagi qabul maktablarning bo‘sh o‘rinlari va imkoniyatlaridan kelib chiqib amalga oshiriladi.
Qabul jarayonlari mamlakat bo‘ylab 5690 ta maktabda onlayn shaklda tashkil etiladi. Bu esa mamlakatdagi barcha maktablarning qariyb 60 foizini tashkil etadi. Toshkent shahri va Buxoro viloyatidagi maktablarda esa qabul jarayonlari to‘liq, ya’ni 100 foiz onlayn shaklda o‘tkaziladi.
“Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, 1-sinfga bolalar 7 yoshga to‘ladigan yilda qabul qilinadi. Shunga ko‘ra, 2026-yilda 1-sinfga boradigan bolalar 2019 yil 31 dekabrga qadar tug‘ilgan bo‘lishi lozim. 6 yoshli bolalar uchun esa majburiy maktabga tayyorlov guruhlari faoliyat yuritadi.
Har bir maktabning mikrohududi tuman (shahar) hokimlarining qarori bilan tasdiqlangan. Ota-onalar my.maktab.uz platformasi orqali yashash manzilini kiritib, farzandi qaysi maktabga biriktirilganini aniqlashi mumkin. Ariza topshirish jarayonida yashash manzili haqidagi ma’lumotlar kadastr va Ichki ishlar vazirligi bazalaridan avtomatik ravishda olinadi, bu esa tegishli mikrohududdagi maktabga arizani xatosiz yuborish imkonini beradi.
Agar fuqaroning uyida kadastr ma’lumotlari bo‘lmasa, 1 avgustdan keyin mikrohududdan tashqari qabul boshlanganida onlayn ariza topshirishlari va farzandini maktabga joylashtirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Ma’lumot uchun, 1-sinfga qabul qilingan bolalar uchun 12 turdagi o‘quv qurollaridan iborat Prezident sovg‘alari 10-avgustga qadar tuman va shahar maktabgacha hamda maktab ta’limi bo‘limlariga yetkazib beriladi.