Korrupsiya yoki pora taklifi haqida xabar bergan xodim davlat himoyasida bo‘ladi
Davlatimiz rahbari tomonidan 2026 yil 8 iyunda “Sudlarda komplayens nazorat tizimi samaradorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmon qabul qilindi.
Farmon mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning navbatdagi muhim bosqichi bo‘lib, u sud tizimida halollik, shaffoflik va hisobdorlik muhitini yanada mustahkamlashga qaratilgan.
Farmonning birinchi bo‘limida uchta strategik maqsad belgilab berilgan.
Birinchi maqsad – sudlarda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholashning professional tizimini yaratish hamda korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni barvaqt bartaraf etish. Bu o‘rinda asosiy e’tibor korrupsiya oqibatlariga emas, balki uning sabablarini bartaraf etishga qaratilmoqda.
Ikkinchi maqsad – sud apparati xodimlarini ishga qabul qilishning mutlaqo yangi, ochiq va shaffof tizimini joriy etish. Endi kadrlarni tanlashda meritokratiya, ya’ni bilim, qobiliyat, malaka va shaxsiy fazilatlar asosiy mezon bo‘ladi.
Uchinchi maqsad – sud tizimiga bo‘lgan jamoatchilik ishonchini yanada mustahkamlash va sud organlarini Yangi O‘zbekiston islohotlarining faol ishtirokchisiga aylantirishdan iborat.
Farmonning eng muhim yangiliklaridan biri sud tizimida Komplayens nazorat xizmatining tashkil etilishidir. Ushbu xizmat sud apparati xodimlari orasida korrupsiyaning oldini olish, manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash va tartibga solish bilan shug‘ullanadi.
Xususan, Oliy sud apparatida bevosita Oliy sud raisiga bo‘ysunuvchi 3 nafar xodimdan iborat Komplayens nazorat xizmati tashkil etilmoqda. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, harbiy sud, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarida jami 15 ta komplayens inspektori lavozimi joriy etilmoqda.
Bu tuzilmaning bevosita Oliy sud raisiga bo‘ysunishi uning mustaqilligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, Farmonga muvofiq:
– sudyalar korpusida korrupsiyaning oldini olish vazifasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sud inspeksiyasiga;
– sud apparati xodimlari o‘rtasida korrupsiyaning oldini olish vazifasi esa, Oliy sudning Komplayens nazorat xizmatiga yuklatilmoqda.
Bu vakolatlarning aniq ajratilishi mas’uliyatni kuchaytiradi hamda nazorat samaradorligini oshiradi.
Shuningdek, Farmonda Komplayens nazorat xizmatining keng ko‘lamli vazifalari belgilab berilgan. Ular jumlasiga:
– korrupsiyaviy xavflarni aniqlash va baholash;
– korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etish;
– xodimlar tomonidan kasb etikasiga rioya qilinishini nazorat qilish;
– ishga qabul qilish jarayonlarida shaffoflikni ta’minlash;
– nomzodlarni korrupsiyaga qarshi tekshiruvdan o‘tkazish;
– xodimlarda korrupsiyaga murosasiz munosabatni shakllantirish;
– daromad va mol-mulk deklaratsiyasi tizimini yuritish;
– mahalliychilik va urug‘-aymoqchilikning oldini olish;
– korrupsiya haqida xabar beruvchilarni himoya qilish;
– xavfsiz aloqa kanallarini joriy etish kabi muhim vazifalar kiradi.
Mazkur vazifalar xalqaro antikorrupsiya standartlariga to‘liq mos keladi.
Farmon asosida deklaratsiya tizimi joriy qilinmoqda. Ya’ni, endi sudyalar, sud apparati xodimlari, ularning turmush o‘rtoqlari, voyaga yetmagan farzandlarining daromadlari va mol-mulki haqida ma’lumotlar taqdim etiladi.
Bu tizim korrupsiya xavflarini barvaqt aniqlash va yashirin manfaatlarning oldini olish imkonini beradi.
Farmon bilan ilk bor sud tizimida korrupsiya haqida xabar bergan shaxslarni himoya qilish va rag‘batlantirish mexanizmi joriy etilmoqda.
Bu norma xalqaro amaliyotda “Whistleblower protection” deb ataladi.
Endi korrupsiya yoki pora taklifi haqida xabar bergan xodim davlat himoyasida bo‘ladi. Bu esa, yashirin korrupsiya holatlarini fosh etish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Farmonda sud apparati xodimlariga nisbatan yangi cheklovlar ham belgilandi. Bu cheklovlar sud tizimi xodimlarining mustaqilligi va xolisligini ta’minlashga qaratilgan. Jumladan:
– korrupsiya jinoyatlari uchun sudlangan shaxslarni ishga qabul qilish taqiqlanadi;
– davlat organlaridan nojo‘ya xatti-harakatlari uchun bo‘shatilgan shaxslar uch yil mobaynida qabul qilinmaydi;
– tadbirkorlik bilan shug‘ullanish taqiqlanadi;
– xorijda hisobvaraq va mol-mulkka ega bo‘lish cheklanadi;
– siyosiy va boshqa manfaatlar yo‘lida xizmat vazifasini bajarishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Farmonda korrupsiyaviy xavflarni boshqarish bo‘yicha maxsus elektron tizim yaratish ham nazarda tutilgan. Ushbu tizim:
– shubhali operatsiyalarni aniqlaydi;
– intizom buzilishlarini monitoring qiladi;
– korrupsiya xavflarini baholaydi;
– profilaktik choralarni ishlab chiqishga xizmat qiladi.
Mazkur farmon sud tizimida korrupsiyaga qarshi kurashishning yangi institutsional modelini yaratmoqda. Avval asosiy e’tibor huquqbuzarlikni aniqlash va jazolashga qaratilgan bo‘lsa, endilikda korrupsiyaning kelib chiqish sabablarini aniqlash va bartaraf etish ustuvor vazifaga aylanmoqda.
I.Hamroqulov,
Samarqand tumanlararo iqtisodiy sudi raisi.