Samarqand shahrining Buxoro ko‘chasi tubdan yangilanmoqda

Shahardagi tarixiy ahamiyatga ega Buxoro ko‘chasini kompleks rekonstruksiya qilish ishlari boshlab yuborildi. Ushbu ob’yektda Samarqand shahar hokimi Fazliddin Umarov hamda viloyat turizm boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Jo‘rabek Suyunov ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi.

F.Umarovning ta’kidlashicha, Buxoro ko‘chasi yaqin vaqt ichida mutlaqo yangi qiyofaga ega bo‘ladi. Loyiha doirasida ko‘chaning Sharq va Darizanjir mahallalari hududidan o‘tuvchi 800 metrlik qismi kompleks tarzda rekonstruksiya qilinadi.

Loyihaning asosiy maqsadi ko‘chaning tarixiy qiyofasini asrab-avaylash va tiklash, muhandislik hamda transport infratuzilmasini zamonaviy talablar asosida yangilash, aholi va sayyohlar uchun qulay hamda jozibador shahar muhitini yaratishdan iborat.

Rekonstruksiya ishlari doirasida tashqi elektr ta’minoti, aloqa va internet tarmoqlari to‘liq yer ostiga ko‘chiriladi. Shuningdek, ichimlik suvi va oqova suv tarmoqlari yangilanib, gaz ta’minoti quvurlari loyiha yechimlari asosida qayta joylashtiriladi.

Ko‘chaning tarixiy muhiti va milliy me’moriy qiyofasini saqlab qolish maqsadida yo‘l infratuzilmasi to‘liq modernizatsiya qilinadi. Yo‘l qoplamasi yuqori sifatli tabiiy granit toshlar bilan qoplanadi. Tarixiy uslubdagi tashqi yoritish chiroqlari o‘rnatiladi, o‘tirgichlar va yo‘naltiruvchi ko‘rsatkichlar joylashtirilib, hudud obodonlashtiriladi.

Muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarining kelgusidagi ehtiyojlarni to‘liq qondirishi uchun ularning quvvati kamida uch barobarga oshirilishi nazarda tutilgan.

Amalga oshirilayotgan ishlar natijasida Buxoro ko‘chasining mazkur qismi zamonaviy muhandislik yechimlari va milliy tarixiy me’morchilik an’analarini uyg‘unlashtirgan holda Samarqandning yangi sayyohlik va madaniy joziba markazlaridan biriga aylanishi kutilmoqda.

Tadbirda jurnalist hamda blogerlar loyihaning mazmun-mohiyati va amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

Matbuot anjumanidan so‘ng ishtirokchilar Buxoro ko‘chasida olib borilayotgan qurilish va obodonlashtirish ishlari, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini yangilash hamda hududni zamonaviy va jozibador qiyofaga keltirishga qaratilgan loyihalar bilan tanishdi.