Samarqand shahrini kengaytirish ma’qullandi
Xalq deputatlari viloyat Kengashining yigirma uchinchi sessiyasi o‘tkazildi. Sessiya ishini Kengashdagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi rahbari Sherali Yo‘ldoshev boshqardi.
Deputatlar dastlab Samarqand shahri, Oqdaryo, Past Darg‘om, Samarqand va Toyloq tumanlarining mavjud ma’muriy-hududiy chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdilar.
Davlatimiz rahbari shu yilning 25 noyabr kuni viloyatimizga tashrifi chog‘ida Oqdaryo, Past Darg‘om, Toyloq va Samarqand tumanlarining shaharga tutash hududlarini Samarqand shahriga qo‘shish orqali uni bir millionli shaharga aylantirish, aholining urbanizatsiya darajasini oshirish ishlari davom etishini ta’kidlagan edi.
Samarqand shahar hududini kengaytirish bo‘yicha berilgan topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida xalq deputatlari Samarqand shahar va Oqdaryo, Past Darg‘om, Samarqand, Toyloq tumanlari kengashlarining sessiyalarida mazkur hududlar chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilingan edi. Ushbu qarorlarga ko‘ra, Pastdargom tumanidan 1242 gektar maydon (7 ta mahalla, 20 ming aholi), Toyloqdan 1266 gektar (8 mahalla, 12 ming aholi), Samarqand tumanidan 13308 gektar (68 mahalla, 235 ming aholi), Oqdaryodan 1411 gektar (2 mahalla, 10 ming aholi) Samarqand shahriga o‘tkaziladi.
Sessiyada ishtirok etgan viloyat hokimi o‘rinbosari Navro‘zjon Rahmonovning qayd etishicha, ma’muriy-hududiy chegaralarning o‘zgarishi natijasida shahar hududi 28403 gektarga, aholisi esa 880 ming nafarga yetadi. Shaharning kengayishi va aholi soni oshishi odamlar uchun zamonaviy infratuzilma va qulay turmush sharoiti yaratish, yangi ish o‘rinlari ochish, ijtimoiy soha muassasalari tashkil etish, yangi uy-joylar qurish kabi uzoq muddatli dasturlarni amalga oshirishga asos bo‘ladi.
Sessiyada shahar hududini kengaytirish bo‘yicha mahalliy kengashlar qarorlari asosida tegishi qaror qabul qilindi.
Shundan so‘ng viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i Farrux Boboyev soliq xizmati organlari tomonidan byudjet daromadlari ijrosi va qo‘shimcha soliq tushumlarini ta’minlash borasida viloyatda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan hisobot berdi.
Ta’kidlanishicha, viloyatda 2025 yil uchun belgilangan 6 trillion 95 milliard so‘m byudjet daromadlari prognoz rejasi 9 dekabr holatiga 6 trillion 177 milliard so‘m (101 foiz)ga bajarilishi ta’minlandi. Soliq tushumlari ham 127 foizga bajarildi.
– Soliq to‘lovchilarda to‘lov intizomi oshishi natijasida yilning yanvar-noyabr oylarida viloyat miqyosida yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan soliq majburiyatlarining ixtiyoriy bajarilishi 96 foizni tashkil etdi, – dedi F.Boboyev. – Soliq inspektorlari va “Mahalla yettiligi”ning hamkorlikdagi faoliyati natijasida jismoniy shaxsning turar joy ob’yektlari uchun 590,6 milliard so‘m soliq undirildi va uning 59,1 milliard so‘mi mahalla byudjetida qoldi. Hisobot davrida soliq organlari tomonidan 65 ming 129 ta qo‘shimcha ob’yekt aniqlanib, 56,8 milliard so‘m mol-mulk va yer solig‘i hisoblandi. 17 ming 291 ta korxonada 15 ming 472 nafar norasmiy ishchining faoliyati legallashtirilishi natijasida 20,4 milliard so‘m ish haqi fondi yaratilib, qo‘shimcha 4,6 milliard so‘m daromad solig‘i undirildi. 14 ming 425 ta sub’yektda 306,1 milliard so‘mlik tovar aylanmasi qayta hisobotlar olinishi hisobiga oshirildi va qo‘shimcha 24,7 milliard so‘m aylanmadan olinadigan soliq undirilishi ta’minlandi. Noqonuniy faoliyat ko‘rsatayotgan 9328 nafar tadbirkor yangidan ro‘yxatdan o‘tkazildi.
2025 yil 1 dekabr holatiga maxsus ro‘yxatdan o‘tgan qo‘shimcha qiymat solig‘i to‘lovchilar soni 18 ming 75 tani tashkil etdi va bu 2024 yilning shu davriga nisbatan 23 foizga ko‘paydi.
Hisobot davrida 3,4 ming soliq to‘lovchida o‘tkazilgan kameral soliq tekshiruvlarida 1 trillion 292 milliard so‘m tafovutlar aniqlangan. Shuningdek, “Soliq” mobil ilovasining “Soliq hamkor” tizimi orqali 8338 ta soliq huquqbuzarligi haqida murojaatlar kelib tushgan. Ushbu murojaatlar asosida 3747 ta sayyor soliq tekshiruvi o‘tkazilib, 18,6 milliard so‘mlik jarimalar qo‘llanilgan.
Huquqbuzarlik holatlari bo‘yicha xabar bergan fuqarolarga 1024 ta holat bo‘yicha undirilgan jarima summasidan 20 foiz – 512,4 million so‘m mukofot puli sifatida to‘lab berilgan.
Soliqlarni to‘lamaslik xavfi yuqori bo‘lgan 234 ta tadbirkorlik sub’yektida o‘tkazilgan soliq auditlari davomida 195 ta soliq to‘lovchida 808,9 milliard so‘mlik soliq bazasi yashirilgani aniqlangan.
Deputatlar hisobot yuzasidan o‘z taklif va tavsiyalarini bildirdilar.
Sessiyada energetika vazirligi tomonidan amalga oshirilishi va Jahon banki tomonidan moliyalashtirilishi rejalashtirilgan “Qorako‘l” va “Nurobod” podstansiyalarini bog‘lovchi 500 kV elektr uzatish tarmog‘ini qurish” investitsiya loyihasini amalga oshirish loyiha konsepsiyasi to‘g‘risidagi hamda Kengash vakolatiga tegishli boshqa masalalar ham ko‘rilib, qarorlar qabul qilindi.