Samarqand va Konyaga birodar shaharlar maqomi berildi
![](https://static.zarnews.uz/crop/c/5/720__80_c58b37226193f92db1104ce67aeb5556.jpg?img=self&v=1739257189)
Ayni kunlarda O‘zbekiston delegatsiyasi Turkiyada hokimlar uchun o‘tkazilayotgan malaka oshirish dasturida ishtirok etmoqda.
Uchrashuv doirasida Turk dunyosi munitsipalitetlari ittifoqi prezidenti, Konya meri Ibrohim Altay hamda Samarqand shahar hokimi Fazliddin Umarov o‘rtasida Samarqand va Konya shaharlarining birodar shaharlar maqomida hamkorlik qilishi bo‘yicha protokol imzolandi.
Konya Turkiyaning eng yirik shaharlaridan biri bo‘lib, boy tarixi va madaniy merosi bilan mashhur. Bundan tashqari, u muhim sanoat va qishloq xo‘jaligi markazi hisoblanadi. Shahar doimiy ravishda turli davlatlardan kelgan sayyohlarni o‘ziga jalb etadi. Shuningdek, bu yerda yoshlarning o‘sishi va rivojlanishi uchun ham keng imkoniyatlar mavjud. Konya ilmiy tadqiqotlar va IT-sektor taraqqiyotiga hissa qo‘shuvchi universitetlar va texnoparklarga ega.
Imzolangan protokol doirasida tomonlarning o‘zaro hurmat, ishonch va tenglik tamoyillariga asoslangan hamkorlikni rivojlantirish maqsadlari mustahkamlangan. Xususan, tajriba almashinuvi, iqtisodiy hamkorlik, ta’lim, sog‘liqni saqlash, yoshlar siyosati, sport, turizm, tarixiy va madaniy merosni muhofaza qilish, ekologiya, energetika, madaniyat, san’at, axborot texnologiyalari va transport sohalarida hamkorlik qilish rejalashtirilgan.
Shuningdek, investorlar va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, xalqaro tashkilotlar tomonidan moliyalashtiriladigan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi guruhlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surish ko‘zda tutilgan.
Protokolning imzolanishi Samarqand va Konya o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘lib, tajriba almashish va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlarni ochishi alohida ta’kidlandi.
Tashrif davomida Konya meriyasida mazkur hududdagi arzon uy-joy dasturlariga bag‘ishlangan taqdimot ham o‘tkazildi. Shuningdek, zamonaviy sharoitda turizmni rivojlantirish istiqbollari mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirokchilar turizm sohasida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha dolzarb masalalar va imkoniyatlarni muhokama qildilar.