Samarqandda uchinchi bor “Navro‘z Regata” xalqaro festivali o‘tkazildi
“Silk Road Samarkand” turistik markazining “Boqiy shahar” majmuasida “Navro‘zni ulug‘lash — insonni ulug‘lashdir!” degan ezgu g‘oya ostida Navro‘z umumxalq bayrami tantanali nishonlandi.
Tadbir doirasida an’anaviy tarzda uchinchi bor tashkil etilayotgan “Navro‘z Regata” xalqaro festivali bayram sayillariga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.
Mazkur tadbir Samarqand xalqaro texnologiya universiteti (SIUT) tashabbusi bilan Xitoy Xalq Respublikasining Shimoli-Sharqiy energetika universiteti (NEEPU), “Silk Road Samarkand” markazi hamda “STEKLOPLASTIK” mas’uliyati cheklangan jamiyati hamkorligida tashkil etildi.

Festivalning eng kutilgan qismi — majmua suv havzasida “Dragon boat” (Ajdar-qayiqlar) qayiqlarining tantanali suzishi bo‘ldi. Ushbu sport turi va qadimiy an’analarning uyg‘unlashuvi nafaqat yurtdoshlarimizda, balki ko‘plab xorijlik sayyohlarda ham katta qiziqish uyg‘otdi. Suv yuzasidagi shiddatli harakatlar va jamoaviy jipslik bahorning jo‘shqin energiyasini namoyish etdi.
Bayram sayli davomida xalqaro do‘stlik rishtalari yaqqol namoyon bo‘ldi. Dastur doirasida o‘zbek, xitoy va koreys xalqlarining an’anaviy o‘yinlari va musobaqalari, teatrlashtirilgan tomoshalar, varraklar shousi hamda bolalar uchun mo‘ljallangan attraksionlar, doshqozonlarda sumalak va palov tayyorlash kabi tadbirlar tashkil etilib, mehmonlar sharqona taomlardan bahramand bo‘lishdi.

Uchinchi bor an’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan ushbu loyiha nafaqat sport va ko‘ngilochar dastur, balki millatlararo do‘stlik va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim maydonga aylandi. Samarqandning tarixiy va zamonaviy qiyofasi uyg‘unlashgan ushbu tadbir barcha ishtirokchilar qalbida unutilmas xotiralar qoldirdi.