Buyuk Britaniya matbuoti: “Samarqand dunyodagi eng go‘zal shahar”
Ko‘hna Samarqandning boy merosi Buyuk Britaniya ommaviy axborot vositalari diqqatini tortmoqda. Yaqinda ushbu mamlakatning eng nufuzli gazetalari – “Daily Express” va “Sunday Express” elektron portali – “Express.co.uk”da ko‘hna Samarqandning sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi.
Britaniya nashrida qayd etilishicha, qadimiy Samarqand turli madaniyatlar chorrahasi bo‘lib ham xizmat qiladi.
Muallif Samarqand merosi zamonlar va asrlar bilan chambarchas bog‘liqligi, qadimiy shaharning rang-barang, boy tarixini o‘rganishga intilayotganlar uchun tashrif buyurishga arziydigan maskan ekanini alohida qayd etgan.
– Samarqand dunyodagi eng go‘zal shaharlardan biri sifatida tan olingan, kelgusida Yevropaning mashhur yo‘nalishlari kabi ko‘plab sayyohlarni jalb qilishiga ishonamiz, – deyiladi maqolada.
Materialda, shuningdek, ushbu tarixiy shahar o‘zining boy madaniy merosidan dalolat beruvchi ko‘plab yirik yodgorliklarga egaligi yozilgan. Masalan, Registon maydoni, Bibixonim masjidi, maftunkor Shohi Zinda ansambli, Amir Temur maqbarasi, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi ana shunday bebaho inshootlar sirasiga kiradi.
B.Xudoyberdiyev.