Turizm tartibdan boshlanadi: Malayziya tajribasi va Samarqand uchun saboqlar

Safar ba’zan insonga kutgandan ko‘ra ko‘proq narsa beradi. Yangi manzillar, yangi odamlar, yangi taassurotlar… Lekin eng muhimi — yangi fikr. Malayziyaga qilgan safarim davomida aynan shuni angladim: turizm bu faqat sayyohni jalb qilish emas, balki unga xavfsiz, qulay va xotirjam muhit yaratish ekan.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi tashabbusi bilan tashkil etilgan stajirovka dasturi doirasida biz turli oliy ta’lim muassasalaridan saralab olingan professor-o‘qituvchilar Malayziyaning nufuzli Sulton Idris universitetida malaka oshirish imkoniga ega bo‘ldik. Bu safar oldidan barchamizni bir savol o‘ylantirardi: “Biz bu yerdan nimani o‘rganamiz?”

Kuala-Lumpurdagi ilk kunlardanoq bir haqiqat ko‘zga tashlandi: bu yerda hamma narsa qulay va tartibli ekan. Jamoat transportida aniq yo‘nalishlar, bekatlarda tushunarli ko‘rsatkichlar, odamlarning navbat kutishi — bularning barchasi sayyoh uchun beqiyos yengillik yaratadi. Hech kim shoshilmaydi, hech kim boshqani bezovta qilmaydi. Bu yerda hatto oddiy harakatlar ham umumiy madaniyatning bir qismiga aylangan.

Penangda esa turizmning yana bir muhim jihati inson omili namoyon bo‘ldi. Mahalliy yo‘riqchilar faqat joy ko‘rsatish bilan cheklanmaydi. Ular tarixni chuqur biladi, mehmon bilan muloqot qila oladi, xavfsizlikni ta’minlaydi. Ya’ni sayyoh uchun butun bir taassurotni aynan inson yaratadi.

Pankor oroli menda alohida taassurot qoldirdi. Bu yerda turizm va tabiatni asrash bir-biriga qarshi emas, balki uyg‘un holda rivojlangan. Tozalik shunchaki shior emas, balki hayot tarziga aylangan. Har bir inson o‘z chiqindisi uchun javobgar.

Safar davomida malayziyaliklarning samimiyligi ham ko‘nglimizni ko‘tardi. Ular O‘zbekiston haqida eshitganda Samarqand va Buxoroni eslab, qiziqish bilan suhbatga kirishishdi.

Stajirovka davomida O‘zbekistonning Malayziyadagi elchisi Karomiddin Gadoyev bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv esa bu tajribalarni yanada amaliy yo‘nalishga burdi. Suhbatda turizm, ayniqsa ziyorat turizmini rivojlantirish, malayziyalik sayyohlarni yurtimizga jalb qilish masalalari muhokama qilindi.

Turizmni faqat tarixiy obidalar yoki go‘zal tabiat bilan rivojlantirib bo‘lmaydi. Unga tartib, yuqori xizmat sifatini ham qo‘shish kerak ekan.

Masalan, agar Samarqand viloyatining Urgut, Ohalik, Mironqul yoki Zarafshon kabi hududlarida tayyor turistik marshrutlar, tushunarli ko‘rsatkichlar va tartibli xizmatlar yo‘lga qo‘yilsa, bu nafaqat sayyohlar oqimini oshiradi, balki mahalliy aholi uchun yangi ish o‘rinlarini ham yaratadi.

Yo‘riqchilar masalasi ham juda muhim. Sayyohning butun taassuroti ko‘p hollarda aynan gidga bog‘liq. Shuning uchun tarixni biladigan, muloqot qila oladigan va mehmonni qiziqtira oladigan mutaxassislarni tayyorlash bugungi kun talabidir.

Ekologiya masalasi esa umuman chetda qolmasligi kerak. Agar turistik hududlarda tozalik va chiqindi nazorati ta’minlansa, bu joylar o‘z jozibasini yillar davomida saqlab qoladi.

Ziyorat turizmi bo‘yicha ham imkoniyatlar katta. Imom Buxoriy majmuasi va boshqa muqaddas maskanlar atrofida musulmon sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratish orqali bu yo‘nalishni yangi bosqichga olib chiqish mumkin.

Malayziya tajribasi biz uchun faqat kuzatish emas, u amaliy yo‘l xaritasi bo‘ldi. Ushbu tajriba orqali yangi turistik yo‘nalishlar ochish, xizmat sifatini oshirish va yurtimizning jahon turistik xaritasidagi o‘rnini mustahkamlash mumkin.

Chunki turizm bu faqat sayohat emas. U madaniyat, munosabat va mas’uliyatdir.

Malika Mardonova,

Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti kafedra assistenti.