Samarqand delegatsiyasi Xitoy va ShHTga a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha konferensiyasida ishtirok etdi

Xitoy Xalq Respublikasining Sindao shahrida o‘tkazilgan mazkur konferensiyada viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Feruz Abilov boshchiligidagi Samarqand viloyati delegatsiyasi ham qatnashdi.

Unda ShHTning savdo-iqtisodiy sohadagi hamkorligini rivojlantirish bo‘yicha joriy vazifalar, natijalar va rejalar haqida ma’lumotlar berildi. Tashkilotning ulkan iqtisodiy salohiyatini tajriba zonalari, transchegaraviy hamkorlik markazlari, transport-logistika markazlari, yarmarka va ko‘rgazma maydonchalari hamda nodavlat platformalar imkoniyatlaridan foydalangan holda yanada kengroq amalga oshirish bo‘yicha istiqbolli rejalar ko‘rib chiqildi.

So‘z chiqqanlar Sindao shahridagi “Xitoy-ShHT” mintaqaviy savdo-iqtisodiy hamkorlik ko‘rgazmali zonasining ShHT mamlakatlari o‘rtasidagi amaliy hamkorlik, ishbilarmonlik va mintaqalararo aloqalarni mustahkamlashdagi konstruktiv rolini alohida qayd etishdi.

Konferensiyada toza energiya, yuqori darajadagi uskunalar, zamonaviy qishloq xo‘jaligi va boshqalar sohalarida sanoat sohasini kuchaytirish, ikki tomonlama savdo ko‘lamini yanada kengaytirish, infratuzilma aloqalarini jadallashtirish, pragmatik hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama etildi.