Kasbiy ta’lim sohasida Xitoy bilan hamkorlik qilinyapti
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik, o‘zaro hurmat va strategik sheriklik munosabatlari izchil va jadal rivojlanib bormoqda. So‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik, ayniqsa, kasbiy ta’lim sohasida yangi bosqichga ko‘tarildi.
Xususan, “Bir kamar – bir yo‘l” tashabbusi doirasida amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar zamonaviy kasbiy bilimlarni rivojlantirish, innovatsion ta’lim texnologiyalarini joriy etish hamda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ayni paytda Xitoyning SUNMAKER & CIICIE., LTD kompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan Szyusyuan kasb-hunar va texnik universiteti hamda Gansu o‘rmon xo‘jaligi kasb-hunar texnik universitetida Samarqand viloyati texnikumlarining 25 nafar ishlab chiqarish ta’limi ustalari 16 kunlik kasbiy malaka oshirish dasturida ishtirok etmoqda.
Mazkur universitetlar zamonaviy infratuzilma, laboratoriya jihozlari, ilg‘or ta’lim dasturlari va yuqori malakali professor-o‘qituvchilar tarkibi bilan xalqaro miqyosda e’tirof etilgan. Jumladan, Szyusyuan kasb-hunar va texnik universiteti shamol energetikasi, fotoelektr energetikasi hamda yangi energetika texnologiyalari sohasida yetakchi ta’lim muassasalaridan biri hisoblanib, ushbu yo‘nalishda davlat darajasidagi “Double High” maqomiga ega.
Dasturning asosiy maqsadi ishlab chiqarish ta’limi ustalarini quyosh energetikasi va elektromobillar sohasidagi zamonaviy texnologiyalar bilan ishlashini, xalqaro ta’lim tajribalarni o‘rganishini amaliyotga joriy etishdan iborat.
Dastur natijasida ishtirokchilar quyosh panellarini o‘rnatish va texnik xizmat ko‘rsatish, shuningdek, elektromobillarning tuzilishi, diagnostikasi va ta’miri bo‘yicha zamonaviy amaliy bilimlarga ega bo‘ladi. Xalqaro standartlarga asoslangan o‘qitish metodikalarini o‘zlashtiradi, ta’lim muassasalarida innovatsion o‘quv dasturlarini joriy etadi.
Bugungi kunda viloyatimiz qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasida jadal rivojlanayotgan hududlardan biri hisoblanadi. Jumladan, viloyatda 220 megavatt quvvatli quyosh elektr stansiyasi faoliyat yuritmoqda. Nurobod tumanida 1000 megavatt quvvatga ega yirik quyosh energetika majmuasi qurilyapti. O‘zbekiston elektromobillar bozorida Xitoyning BYD, Zeekr, Chery, Geely, Neta va Xpeng kabi yetakchi brendlari faol ishtirok etmoqda. Bu esa mazkur sohada yuqori malakali texnik kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Tarixan Buyuk ipak yo‘li orqali Samarqand va Xitoy savdo aloqalari bilan bog‘langan bo‘lsa, bugungi kunda ularni bilim, innovatsiya va kasbiy taraqqiyot bog‘lab turibdi. Szyusyuan, Gansu va Samarqand o‘rtasida shakllanayotgan mazkur hamkorlik ko‘prigi kelgusida xalqlarimizni yanada yaqinlashtiradi.
Kelgusida hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida “1+1” qo‘shma ta’lim dasturlari, “2+1” integratsiyalashgan amaliy tayyorgarlik modellari, “2 oy + 2 oy” qisqa muddatli akademik-amaliy mobillik dasturlari, qo‘shma sertifikatlash va ikki tomonlama diplom dasturlari, shamol generatorlarini o‘rnatish va texnik xizmat ko‘rsatish sohasida qo‘shma ta’lim dasturlarini birgalikda ishlab chiqish rejalashtirlmoqda.
Ushbu tashabbuslar O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida kasbiy ta’lim sohasidagi strategik hamkorlik munosabatlarini yanada yuqori bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
G‘ayrat NORQULOV, viloyat kasbiy ta’lim boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari.