Xitoycha maromiylik: “Pulparastlik va boylikni ko‘z-ko‘z qilish qadriyat emas”
Xitoyda “hashamatli hayot tarzi” va “muvaffaqiyatni ko‘z-ko‘z qilish” madaniyatiga qarshi jiddiy kurash boshlandi. Bu yerda bir kuni Ferrari, Hermes va millionlab obunachilarga ega bloger ertasiga internetdan butunlay yo‘qolib qolishi mumkin.
Sudsiz, shov-shuvsiz, izohsiz. Kechagina “muvaffaqiyat ramzi” bo‘lgan insonning akkaunti bugun ochilmaydi.
So‘nggi yillarda Xitoy hukumati shunday xulosaga keldi: hashamatli hayotni namoyish qilish jamiyatni ilhomlantirishdan ko‘ra, odamlarda norozilik va asabiylikni kuchaytirmoqda.
Shu sababli 2024 yildan boshlab bu yo‘nalishda katta tozalash ishlari boshlandi va hozir yangi bosqichga o‘tdi.
Yillar davomida: millionlab yuanlik Hermes sumkalarini, Rolls-Royce va Ferrari avtokolleksiyalarini, xususiy samolyotlardagi hayotni, ulkan qasr va kvartiralarni namoyish qilib kelgan blogerlar Douyin, Weibo va Xiaohongshu platformalaridan ommaviy tarzda o‘chirila boshladi.
Masalan, “xitoylik Kim Kardashyan” deb atalgan Wang Hongquanxing‘ning 4 milliondan ortiq obunachisi bor edi. Bir kunda uning akkauntlari yo‘qoldi.
Douyin platformasi bir hafta ichida minglab videolarni o‘chirib, 4700 dan ortiq luxury akkauntlarni blokladi. Xiaohongshu ham yuzlab profillarni yopdi.
Bu orqali davlat jamiyatga aniq signal bermoqda: “Pulparastlik va boylikni ko‘z-ko‘z qilish qadriyat emas”. Chunki Xitoy hozir jamiyatga boshqacha g‘oyani targ‘ib qilmoqda:
“Faqat boy bo‘lish emas, balki mehnat qilish va jamiyatga foyda keltirish muhim.”
Eng qiziq jihati shundaki, endi tibbiyot, huquq, moliya, ta’lim kabi muhim mavzularda gapiradigan blogerlar o‘z malakasini rasman tasdiqlashi shart.
Ya’ni, diplom, litsenziya, sertifikat bo‘lmasa, kontenti o‘chirilishi yoki akkaunti bloklanishi mumkin.
Douyin, Weibo va Bilibili platformalari mualliflarning haqiqiy mutaxassis ekanini tekshirishi talab qilingan. Demak, endi istalgan odam kamerani yoqib — “depressiyani qanday davolash kerak”, — “qaysi joyga investitsiya qilish to‘g‘ri”, — “sud ishlarini qanday yutish mumkin”, — “bolani qanday tarbiyalash kerak” kabi mavzularda bemalol maslahat bera olmaydi.
G‘arb interneti hali ham: “Yoshligingda boyib ket”, “kriptomillioner bo‘l”, “oson va hashamatli hayot kechir” kabi g‘oyalarni sotmoqda. Xitoy esa aksincha quyidagi qadriyatlarni oldinga surmoqda: kamtarlik, intizom, qattiq mehnat, ta’lim, muhandislik fikrlashi, ishlab chiqarish, mamlakatga foyda keltirish.
Bu Xitoy uchun tabiiy yondashuv. Chunki hukumat yaxshi tushunadi: yoshlar ishsizligi ortib borayotgan, uy-joy narxi qimmatlashgan, raqobat kuchaygan sharoitda, qimmat soat va mashinalarini namoyish qilayotgan blogerlar odamlarda endi havas emas, balki g‘azab uyg‘otishi mumkin.
Eng qizig‘i, bu siyosatni ko‘pchilik xitoyliklar qo‘llab-quvvatlayapti.
Xolbek Kubayev,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari.