Samarqand - dunyo sivilizatsiyasi poytaxti

Jahonda shunday maskanlar borki, ularning nomini eshitsangiz, yuragingiz bir hapriqib tushadi, go‘yo umringiz mazmuni shu bilan bog‘liqdek, hayotingiz shu nom bilan payvastadek his qilasiz. Samarqand ana shunday tabarruk maskan.

Shu kunlarda dunyo bo‘ylab tarqalgan xushxabar turkiy olamni to‘lqinlantirdi, yuraklarni g‘ururga to‘ldirdi, ko‘ngillarga nur berdi. Bundan uch ming yil oldin bu muqaddas zaminda yirik shahar shakllangani Yer yuziga ovoza bo‘ldi!

Bu olamning jannati

Ilgari Urgut tumanidan miloddan avvalgi XIII asrga, ya’ni bronza davriga oid qabrdan hayvon suyagidan yasalgan 3 ming yillik nay topilgan bo‘lsa, endilikda O‘zbekiston - Fransiya qo‘shma ekspeditsiyasi a’zolari - tarix fanlari doktorlari, professorlar Muhammadjon Isomiddinov, Mutallibjon Hasanov hamda Lozanna universiteti professori Klod Rapen tomonidan Ko‘ktepa va Afrosiyobdan qo‘lga kiritilgan materiallar asosida Samarqand shahrining shakllanish davri 3 ming yilga teng, degan xulosaga kelindi.

Qadimgi So‘g‘d, Xorazm, Baqtriya, Kushon, Parfiya, Eftalitlar davlatlari mehvari - Samarqand timsolida ko‘plab tarix va haqiqat, afsona va rivoyatlar mujassam. Uning Rim, Afina, Bobil kabi qadim shaharlardan ham tarixi poydorroq.

Dunyo kahkashonida yulduzlar aro quyoshday charaqlab turgan betakror maskan Samarqand jahonga buyuk mutafakkirlar, olimlar, shoirlar va me’morlarni yetishtirib bergan Movarounnahrning oltin beshigidir. Bu ma’vo olimu fuzalo, ulug‘ allomalar, sayyohlar tomonidan “Sharq bog‘i erami”, “Zamin gavhari”, “Jahon gulshani”, “Sharq marvaridideb ta’riflangan.

“Podshohlar Samarqand tuprog‘ini ko‘zlariga surma kabi surar edilar”, deb yozadi Abu Tohirxoja o‘zining “Samariya” kitobida.

“U dunyoda jannat bor, lekin bu dunyoning jannati Samarqanddir. Samarqand Yer yuzining marvarididir”, deya ta’rif beradi Abu Rayhon Beruniyning zamondoshi Abu Mansur as-Saolibiy.

Bu diyorni Al-madina al-mahfuza”, ya’ni farishtalar qo‘riqlovchi shahar, deya ta’rifladi tarixchi Abdul Hakim Samarqandiy.

Samarqand... Bu muqaddas zaminda buyuk davlatga asos solgan, olamni tebratgan, nomi yetti iqlimga ketgan Sohibqiron Amir Temur ruhi uyg‘oq.

O‘zining mahobatli o‘tmishi, saodatli buguni va nurli kelajagi bilan Yer yuziga sayqal berib turgan Samarqand hamisha asrlar ardog‘ida, dunyo siyosatdonlari nigohida bo‘lib kelgan.

Bu tabarruk zaminga o‘sha davr sultonlari, qirol va hukmdorlar poyqadami yetgan. Azim kentda tinchlik bitimlari tuzilgan, vayronkor urush va bosqinchiliklarga barham berilgan.

Bugun tarix yana takrorlanmoqda. Dunyoning manaman degan davlatlari rahbarlari Prezidentimiz tashabbusi bilan qadimiy Afrosiyob shahristoni yaqinida bunyod etilgan “Boqiy shahar”ga tashrif buyurib, davr ziddiyatlariga birgalikda yechim izlamoqda. Bu yerda oliy darajadagi uchrashuvlar bardavom bo‘lmoqda. Xususan, joriy yilning noyabr oyida Samarqand shahrida YuNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi bo‘lib o‘tadi. 40 yildan ziyodroq davr mobaynida faoliyat ko‘rsatayotgan bu nufuzli tashkilotning oliy darajadagi anjumani birinchi marta Parijda emas, Samarqandda o‘tkazilishi tarixiy voqelikdir.

Bugungi latofatga monand ulug‘vor o‘tmish

Camarqand arxeologiya instituti direktori Mo‘minxon Saidovning qayd etishicha, qadim Samarqand G‘arbda Vizantiya, Janubda Vavilon, Shumer, Hind, Sharqda Xuanxe, Yanszi, Shimolda Sahroi Nomad madaniyatini birlashtirishda oltin ko‘prik vazifasini o‘tagan. Ulug‘ ulamolar mangu qo‘nim topgan Chokardiza” qabristoni Madinadagi Boqiya va Makkadagi Muallo qabristonlari qatoridadir.

Qadimiy “Avestokitobida miloddan avvalgi X-VII asrlarda Samarqand So‘g‘d davlatining poytaxti sifatida keltiriladi. Xitoy yilnomalarida aytilishicha, VI-VIII asrlarda Samarqandda “Adolatuyinomli ibodatxona faoliyat ko‘rsatgan. Unda turkiy tilda yozilgan qonunlar saqlangan bo‘lib, barcha muammo shu qonunlar asosida hal qilingan.

Chili yozuvchisi Pablo Neruda shunday deb yozdi: “Men jahondagi deyarli hamma mamlakatlarda bo‘lganman. Lekin O‘zbekistonda mening do‘stlarim ko‘p. O‘zining ajoyib madaniy va qadimiy yodgorliklari bilan dunyoga mashhur bo‘lgan shahar, ayniqsa, Registon hayratda qoldirdi. Bu arxitektura ansambli musulmon Sharqida ko‘rgan jamiki narsalarimdan oshib tushdi. U O‘rta Osiyo xalqlarining yuksak madaniyatidan dalolat beradi. Men bolalik chog‘larimdanoq bu qadimiy shaharda bo‘lishni orzu qilardim. Orzuim ushalganidan behad xursandman. Odamlaringiz juda mehmondo‘st!”

YuNESKOning 1987-1999 yillardagi Bosh direktori Federiko Mayor Samarqand haqida shunday yozgan ediXayolot sari yetaklaydigan nomlar orasida tasavvurimizni rom etadigan bir nom bor, u ham bo‘lsa Samarqanddir. Bu nom yorqin, serjilo, mushk-anbar, xayolot saroylari, karvonlar g‘ulg‘ulasi, bokira sas va anglanmagan hissiyotlar girdobidan hosil bo‘lgandek go‘yo... 1995 yilda men orzuni voqelik bilan qiyoslash imkoniga ega bo‘ldim. Samarqand naqadar go‘zal. Qay biri bilan - uning ulug‘vor o‘tmishi bilanmi yoki bugungi latofati bilanmi ko‘proq hayratlanishingni bilmaysan...”

Buyuk Turon hududida necha minglab yillar davomida yuksak madaniyat gullab-yashnadi, qudratli davlatlar barpo etildi. Qadim zamondan ushbu zamindan o‘tgan turli karvon yo‘llari, millatlararo aloqalar, savdo-sotiq, hunarmandchilik, ilm-fan, adabiyot va san’at Buyuk Ipak yo‘lining jon tomiri bo‘ldi.

X asr o‘rtalarida Samarqandda bo‘lgan arab sayyohi Ibn Havqal: “Ko‘m-ko‘k daraxtlar, ajoyib saroylar, suv oqib turgan ariqlar... Samarqand - katta bozorlarga ega bo‘lgan eng yirik shaharlardagidek, qator mahallalar, hammomlar, saroylar, karvonsaroylar joylashgan shahar. Unga qisman qo‘rg‘oshindan qilingan kanal suvi oqib kiradi. Bosh machit Shahristonda, undan pastroqda esa qal’a joylashgan, deb yozadi.

Har safar Samarqand zaminiga yo‘limiz tushar ekan, bu muqaddas go‘shaga, afsonalar maskaniga ilk marotaba kelayotganday hayajonlanamiz. Muqaddas qadamjolarni ziyorat qilib, bu yerda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik, obodonchilik ishlaridan hayratlanamiz.

1991 yilning bahori edi. Hali O‘zbekiston mustaqil deb e’lon qilinadigan tarixiy sanaga besh oy vaqt bor, lekin davr charxpalagi shunga qarab shitob bilan olg‘a bormoqda. O‘sha paytda bir necha xorij davlatlari olimlari tomonidan tashkil etilganBuyuk Ipak yo‘li” xalqaro ekspeditsiyasi qatnashchilari Samarqandga kelib, mahobatli madrasalaru muazzam minoralarni, tarixiy obidalarni, qo‘shni Tojikistonga qarashli Panjakentdagi bir necha ming yillik sivilizatsiya qoldiqlarini ko‘zdan kechirishgach, Urgutda ommaviy axborot vositalari vakillari uchun konferensiya o‘tkazildi. Unda ekspeditsiya hamraisi, pokistonlikolim Ahmad Hasan Doni shunday lutf qildi:

- Albatta, dunyoda muqaddas maskanlar, buyuk tarixga ega bo‘lgan shaharlar ko‘p. Lekin bu yerga kelib, haqiqatan ham, Samarqand dunyo sivilizatsiyasining markazi ekanini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik...

Pokistonlik olimning yuksak e’tirofi, Samarqand sha’niga berilgan bunday baho yuragimizni to‘lqinlantirib yubordi, qarog‘imizda yosh halqalandi...

Albatta, qaysi zamon va makonda bo‘lmasin, Samarqand afsonaviy shahar sifatida tilga olingan. Bu ertakmonand kentga bir bor kelish, uni bir bor tavof qilish dunyo ahlining eng ezgu orzusi bo‘lgan.

Sohibqiron Amir Temur oliy martabali mehmonlarni qabul qilish uchun Konigilda ulkan sayilgoh barpo qildirdi. Vaqtiki keldi, Prezident Shavkat Mirziyoyev dunyoning turli mamlakatlaridan tashrif buyuradigan oliy martabali mehmonlar uchun 200 gektardan ziyod maydonda “Boqiy shahar” majmuasini bunyod qildirdi. Bu yerda milliy hunarmandchilik ustaxonalari, milliy uslubdagi choyxonalar, Chorsu sharq bozori, xalqaro sayyohlik markazi faoliyat ko‘rsatmoqda. Markaz hududida muhtasham, biri-biridan ko‘rkam o‘ndan ziyod inshootlar, karvonsaroy majmuasi, besh va to‘rt yulduzli mehmonxonalar aziz sayyohlar xizmatida.

Samandardek Samar shahri

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi Ilmiy-ma’rifiy memorial majmua rahbari, tarix fanlari doktori, professor Temur Shirinovning ta’kidlashicha, Mug‘ tog‘idan topilgan so‘g‘diy hujjatlarda shahar Samarkant, qadimgi Yunon va Rim mualliflari asarlarida Marakanda, Marganda va Margandi shakllarida qayd etiladi. Arablar esa uni Samaroy deb ataganlar. Italiyalik sayyoh va adib Marko Poloning kitobida shahar Samarqan, Sarmakan va Sanmarkan shakllarida tilga olinadi. Forschada Samarqand deyilgan. Xitoyning qadimgi va O‘rta asr yilnomalarida Samarqand shahar, viloyat va ularning hukmdorlari ham Kan yoki Samogan, Limogan, Sivingin va Sayma erkan shakllardagi atamalar bilan ta’riflanadi.

Abu Rayhon Beruniy, Mahmud Koshg‘ariy va Zahiriddin Muhammad Bobur asarlarida Samarqand “Semirqand”, ya’ni “semiz shahar” ma’nosini bildiradi, degan fikr bayon etilgan.

Bulardan tashqari, turli davrlarda bitilgan tarixiy manba va kitoblarda shahar nomi Samariana, Saramanka, Sakanna, Sanmangan, Samakiyon, Sumron, Shamarkan, Samaroy, Simroyat kabi shakllarda ham qayd etiladi.

Fanda Samarqand toponimining yuzaga kelishi va semantikasi borasida turli fikr va mulohazalar keltirilgan. Ayrim xorijiy toponomistlar shahar nomi sanskritda samariya - “yig‘in” yokianjumanso‘zidan olingan degan fikrni aytgan. “Tarixi Tabariy”, “Samariya” va “G‘iyos ul-lug‘ot” asarlarining mualliflari yozishlaricha, “Samar- podshoning nomi bo‘lib, “kandesa turkiy tilda “shahar” degan ma’noni anglatgan. Bundan ko‘rinadiki, Samarqand - Samarshahri demak.

Samarqand balandda joylashgan shahar ma’nosini anglatadi vaSamarso‘zi unda balandlikka ishora deb tushuniladi. Samarqand “Baland shahar” deb tarjima qilinsa, to‘g‘riroq bo‘ladi, deydi mutaxassislar. Samarqandning Chingizxon bosqinidan oldingi geografik o‘rni - Afrosiyob bo‘lib, Amir Temur tomonidan uning quyi qismida barpo etilgan Samarqand nomi ana shu ko‘hna kent - Afrosiyob bilan bog‘lanadi.

Chunki miloddan oldingi VII va eramizning II asrlarida hukm surgan sak-skif turk davlatining asoschisi Afrosiyob bo‘lib, u G‘arb adabiyotida Maday Qora, turon adabiyotida Alp Er To‘nga, fors-tojik adabiyotida Afrosiyob deb atalgan. Afra far - nur, go‘zallik, ma’joziy ma’noda shohlarga xos dabdaba, shonu shavkat, haybat ma’nosida keladi. Afrosiyob - Alp Er To‘nga Markaziy Osiyo, Ovro‘padagi ko‘pgina mamlakatlarni ishg‘ol qilib, ularni Skif davlati ostida birlashtirgan mashhur podsho bo‘lgan. XI asrda shagan Mahmud Koshg‘ariy “Devonu lug‘otit-turk” asarini yozish uchun qabilalar yashaydigan o‘lkalarni kezib chiqarkan, Alp Er To‘ngaga bag‘ishlangan marsiyalarni xalq og‘zidan yozib oladi. Gerodot ma’lumotiga ko‘ra, skif xoqoni Prototey, so‘ngra uning o‘g‘li Maday 28 yil (653 - 625) shohlik qilgan Ossuriya tarixiga oid kitoblarda Madayning qaysi avlodga mansubligi ko‘rsatiladi. Abu Rayhon Beruniy o‘zining “Qonuni Mas’udiyasarida Afrosiyobni tarixiy shaxs sifatida baholab, uni Turon podshohi deb ko‘rsatadi. Mahmud Koshg‘ariy va Yusuf Xos Hojib Afrosiyobni turklarning ulug‘ xoni, u yo‘lbars kabi kuchli, bahodir, deb yozadi.

- O‘tgan ming yilliklar mobaynida Samarqand o‘nlab vayrongarchiliklarni ko‘rdi, - deydi tarix fanlari doktori, professor Muhammadjon Isomiddinov. - Shulardan to‘rttasida Samarqand ahli ayovsiz qatli om qilindi, shahar fatarotga yuz tutdi. Goh olovlar ichra qolib, yonib kul bo‘ldi. Lekin u xuddi samandar qushidek yana qayta tug‘ildi, takror va takror qad rostlayverdi. Samarqand Buyuk Ipak yo‘li o‘tishiga o‘ng‘ay bo‘lgani uchun dastlab bu yerga Badaxshon la’lisi tog‘li Pomir o‘lkalaridan keltirilib, Yevropa va Chin mamlakatlariga olib ketilardi.

Yevropadan mo‘yna va matolar, Chin o‘lkasidan ipak va chinni buyumlari, qog‘oz va turli mushk-anbarlar olib kelinib, Sharq va Afrika mamlakatlariga olib borilardi. Samarqand karvonsaroylari hamisha karvonlar va turli millatga mansub savdogarlarga to‘lib-toshardi, mahalliy mayda savdogarlar shu yerning o‘zida sarmoyasiga yetarli mollarni xarid qilib savdo-sotiqni boshlab yuborardi.

Samarqand hududiga kirib chiqadigan karvonlar yaxshi qurollangan, jangchi askarlar tomonidan qo‘riqlanardi. Karvonlar esa buning evaziga ularga yaxshigina haq to‘lashardi. Shahar atrofidagi aholi Zarafshon va uning shoxobchalari hududlaridagi unumdor yerlarda dehqonchilik orqali tirikchilik qilar edi.

Zarafshonning ikki tarmog‘i oqib o‘tadigan, dushmanga zarba berishga o‘ng‘ay, strategik ahamiyatga ega bo‘lgan hududda Afrosiyob degan dunyoga mashhur shahar bor edi. Uning atrofi qal’a devorlari bilan o‘ralgan, tashqari tomondan dushman o‘tmasligi uchun daryoning tabiiy o‘zanidan tashqari xandaqlar bilan aylantirilgan edi. Bu xandaqlardan qishin-yozin Zarafshonning oqar suvi aylanib turardi. Suv sopol quvurlar orqali yer ostidan shaharga kirib, narigi tomonidan chiqib ketardi. Bundan tashqari, dushman qamali paytida oziq-ovqat ta’minotini barqaror qilish maqsadida Afrosiyobning uch yo‘nalishida yer osti yo‘llari qurildi. Dushman qamali paytida shahar aholisi bir yil mobaynida hech narsaga zoriqmay, qiyinchilik ko‘rmasdan himoyada turishi mumkin edi.

Shahar hududida juda ko‘p butxonalar va otashgohlar mavjud bo‘lib, yakka din yo‘q edi. Ibodat paytida birov butxonaga, boshqasi otashgohga borib, o‘z mehrobiga sig‘inardi.

Aleksandr Makedonskiy istilosidan keyingi ming yillar davomida Afrosiyob qayta tiklanmadi. Biroq Samarqand shahri uning atrofida qad rostladi, shu nom bilan yana Buyuk Ipak yo‘li manzillaridan birigaaylandi.

Ikkinchi Renessans o‘chog‘i

Zakariyo bin Muhammad al-Qazviniy tomonidan 1275 yilda yozilgan “Osor ul-bilod” va “Axbor ul-ibod” nomli asarlarda Samarqand qo‘rg‘onini Kaykubod o‘g‘li Kaykovus soldirgan, degan mazmundagi ma’lumot uchraydi.

Yana qator tarixiy manbalarda, jumladan, Najmiddin Umar ibn Muhammad ibn Ahmad an-Nasafiyning “Al-qand fiy zikri ulamoi Samarqand”, “Kitob al-qand tarixi Samarqand” nomli asarlarida bu maskan dunyoga mashhur olimu ulamolar shahri, arablar bosqiniga qadar ham qariyb 2,5 ming yillik tarixga ega ekani haqida yoziladi.

...XIII asr o‘rtalari. Samarqand yog‘iy bosqinlaridan zada bo‘ldi, xarobalikka yuz tutdi. Qal’alar, masjidlar, madrasalar vayron qilindi, shahar huvullab qoldi.

Shukrki, dunyo sahnida yangi qudratli kuch Amir Temur saltanati bunyod bo‘ldi. Sohibqiron bobomiz dunyo mamlakatlaridan mohir me’morlarni, qo‘ligul hunarmandlarni Samarqandga olib keldi. Ular olamda tengsiz me’moriy mo‘’jizalarni barpo qildi. Niliy gumbazlar, osmono‘par minoralar, ularda aks etgan, har biri o‘z mazmuniga ega bo‘lgan yorqin ranglar, naqshu nigorlar xalqimizning bag‘rikengligi, mehri daryoligi, xayr-saxovatliligi timsolidir.

Amir Temur davrida Samarqandda jome masjidi, Ko‘ksaroy, Bo‘stonsaroy, Amir Temur maqbarasi, Ruhobod, Shohi Zinda kabi me’moriy majmualar bunyod etildi. Jahon ilm-fan va madaniyatining yuksalishi jarayonida Samarqand ikkinchi Renessans o‘chog‘i sifatida e’tirof etildi.

Shahar atrofi Ohanin, Shayxzoda, Chorsu, Korizgoh, So‘zangaron va Feruza kabi nomlar bilan yuritiluvchi oltita darvozali mustahkam qal’a devori bilan o‘rab chiqildi. O‘sha davrda yangidan qad ko‘targan Samarqand shahrining g‘arbiy qismida davlat mahkamasi uchun Arki Oliy qurildi. Bu yangi arkda Amir Temurning qarorgohi Ko‘ksaroy va Bo‘stonsaroy bunyod qilindi. Bu inshoot to‘rt qavatli bo‘lib, gumbazlari hamda devorlari zangori koshinlar, naqshinkor va guldor parchinlar bilan qoplangani uchun Ko‘ksaroy deb nomlangan.

Mashhur muarrix Sharafuddin Ali Yazdiy Samarqand markazida qurilgan muhtasham jome masjidi haqida “Zafarnoma” tarixiy-badiiy solnomasida shunday yozadi: “Amir Temur Ko‘ragon Hindistonni olgandan keyin (u yerda o‘lja olingan) oltin, inju va qiymatlik toshlarni to‘qson bir filga yuklab olib keltirdi va istadikim, poytaxti bo‘lgan firdavsmonand Samarqandda bir jome bino qilgay... 801 hijriy, 1399 milodiyda kuchli va tez ishli ustalarni dunyotevaragidan yig‘ib ishni boshladi. Ozarbayjon, Eron, Hindistondan 500 toshtarosh masjidning o‘zida ishlar, boshqalari esa tog‘da tosh yo‘nib, shaharga jo‘natish bilan band edi.

Va shunday bir masjidi jome bino qildiki, sahnining sof ishlanishi hushyor dillardan ham munavvarroq va baland kunguralarini oy muqarnasidan bezakli, firuzasimon koshinlari lojuvard, osmonrang, oftobga jiloli zarnigor naqshlari bilan go‘zal charx gumbazlariga barobar, baland ovozalik darvozasi, kimki bu yer (Xonai Ka’ba)ga kirdi, omonlik topdi, oyatining kaliti bilan ochildi. Har bir yuksak toqlari falak peshtoqida qad ko‘tardi”.

Sohibqiron o‘zi qadami yetgan mamlakatlardan ko‘plab nodir kitoblarni Samarqandga jo‘natgan. Bu kitoblar uyg‘ur, fors, eron, pusht, arab tillarida bo‘lgan. Temur kutubxonasi avval Keshda, so‘ng Samarqandda bo‘lgan. 1580 yildan so‘ng bu kutubxona Buxoroga ko‘chirilgan. Ularning aksariyati oqposhsho bosqinchilari tomonidan tashib ketilgan.

1979 yili Yaponiyada o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada Yaponiya Fanlar akademiyasining prezidenti Sapporo Miyaki: “Samarqand - nafaqat jahon sivilizatsiyasining markazi, balki Mirzo Ulug‘bek asos solgan falakiyot ilmining ham markazidir”, deya e’tirof etgan edi.

Ma’lumki, miloddan avvalgi V asrda yunon faylasufi Aflotun tomonidan asos solingan falsafa maktabi akademiya deb atalgan. Xuddi shunday ilmiy muassasa XV asrda Samarqandda Mirzo Ulug‘bek tomonidan tashkil qilindi. Bu haqda faylasuf va tarixchi olim Volter shunday yozadi: “Movarounnahrda Amir Temurning o‘rniga taxtga chiqqan mashhur Ulug‘bek Samarqandda birinchi akademiyaga asos soldi. Yer kurrasini o‘lchashni buyurdi va astronomik jadvallarni tuzishda ishtirok etdi”.

Mirzo Ulug‘bek boshchiligida Samarqandda qurilgan madrasaDorul hikma” (“Donishmandlar uyi”) nomi bilan mashhur bo‘ldi va o‘z atrofiga turli fanlar bo‘yicha 100 nafardan ortiq olimlarni yig‘di. “Dorulhikma” olimlari riyoziyot, ilmi hayat, handasa, jug‘rofiya, tarix, ilmi nujum, tibbiyot, musiqa, mantiq, aruz, ilmi hisob, Qur’oni karim, hadis, fiqh, adab, ilmi hikmat, ilmi kalom, arab tili kabi fan sohalarida asarlar yaratdi.

O‘z davrida yagona qudratli saltanat barpo qilgan Amir Temur shaxsi bugun Vatan va millat timsoli, ma’naviy qudrat ramziga aylandi. Sohibqiron yurtida bugun olib borilayotgan ulkan islohotlar, bunyodkorlik ishlarida Amir Temur bobomizning ruhi-poki bizga doimo hamnafasdir.

Ko‘hna tarixning yangroq sadosi

Yaqinda bo‘lib o‘tgan xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdagi sessiyasida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Samarqand arxeologiya instituti va xalqaro hamkor tashkilotlar tomonidan olib borilgan tadqiqotlar natijalari taqdim etildi. Unda keltirilishicha, Afrosiyob va Ko‘ktepa hududlarida olib borilgan arxeologik qazishmalar natijasida topilgan osoriatiqalar, ilmiy ma’lumotlar Samarqand shahrining ilk urbanizatsiyasi miloddan avvalgi II minginchi yillik oxiri va I minginchi yillik boshlariga taalluqlidir. Olib borilgan qazishma ishlari Samarqandning yoshi 3000 yil ekanini tasdiqlamoqda. Sessiyada ushbu ma’lumotlarni tegishli vazirlik va idoralarga taqdim etish bo‘yicha qaror qabul qilindi.

- Joriy yil boshida Afrosiyob yodgorligining bir necha nuqtasida jumladan, ark va shahriston qismida, ya’ni mudofaa devori yaqinida keng ko‘lamdagi qazuv ishlari olib borildi, - deydi Mo‘minxon Saidov. - Samarqand shahrining yoshiga aniqlik kiritishga mas’ul guruh Afrosiyob va Ko‘ktepa yodgorliklarida, hozirgi Ko‘ksaroy maydoni o‘rnida bo‘lgan Amir Temur arkida fanlararo tadqiqot usullarini qo‘llash orqali kompleks qazuv ishlarini amalga oshirdi.

Aytish kerakki, shaharning xronologiyasi bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlari uzoq yillardan buyon davom etib kelmoqda. Ayniqsa, Vatanimiz mustaqillikka erishganidan keyin shu paytgacha xaspo‘shlanib kelinayotgan tariximizni tiklash maqsadida fransiyalik arxeologlar bilan hamkorlikda Samarqand shahridan 25 kilometr uzoqlikdagi Ko‘ktepa yodgorligida Afrosiyob shahristonida qazishma ishlari olib borilib, shu paytgacha ma’lum bo‘lmagan qimmatli ma’lumotlar topildi. Va shu asosda 2000 yillarda O‘zbekiston - Fransiya qo‘shma ekspeditsiyasi yangi ma’lumotlarni aniqladi va Samarqandning yoshi 2750 yil, deb belgilandi.

Samarqandning umumbashariy madaniy taraqqiyot tarixida tutgan o‘rni hisobga olinib, 2001 yilda YuNESKO tomonidan “Samarqand - madaniyatlar chorrahasi” sifatida jahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritildi. 2007 yil 25 avgustda Samarqand shahrining 2750 yillik yubileyi nishonlandi.

Qayd etish lozimki, qazishma ishlarini tahlil qilish jarayonida mamlakatimiz va xorij olimlari bilan maslahatlashuv yig‘ilishlari o‘tkazildi. Jumladan, O‘zRFA Milliy arxeologiya markazi professori Abdulhamid Anorboyev, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi Ilmiy-ma’rifiy memorial majmua rahbari Temur Shirinov, O‘zbekiston Milliy universiteti professori Rustam Sulaymonov hamda fransiyalik, rossiyalik mutaxassislar bilan ilmiy davra suhbatlari tashkil qilindi. Bundan tashqari, barcha xorijiy mutaxassislar qazishma jarayoni va qo‘lga kiritilgan ilmiy ma’lumotlar bilan tanishtirildi.

Miloddan avvalgi VIII-VII asrlarga kelib, So‘g‘d markazi - Ko‘ktepadan hozirgi Afrosiyob platosi o‘rniga ko‘chadi. Urbanistik markazlarning bunday ko‘chishi tarixiy jarayonda ko‘p hollarda tabiiy va ijtimoiy omillar bilan bog‘liq bo‘lgan. Bunday o‘zgarishlarga turtki bergan asosiy sabablar urushlar yoki bosqin xavfi, migratsiya jarayonlari, suv resurslarining tanqisligi yoki irrigatsiya tizimining tanazzuli, keskin iqlimiy o‘zgarishlar hisoblanadi.

So‘g‘d markazining ko‘chirilishi davlatning ahamoniylar imperiyasi tarkibiga kirgan yoki undan sal oldinroq davrda sodir bo‘lgan. Bu holat olimlarimiz tomonidan Ko‘ktepaning dashtga yaqin, relefda deyarli ajralib turmaydigan hududda joylashgani, unga nisbatan doimiy bosqin xavfining mavjudligi hamda uzoq muddat yashash uchun xavfsizlik yetarli darajada bo‘lmaganligi bilan izohlanadi. Shu bois yangi shahar o‘rni nafaqat strategik jihatdan, balki ma’muriy va madaniy-ideologik boshqaruv markazi sifatida ham faoliyat yuritishi uchun mos bo‘lishi talab qilingan. 23 gektar maydonga ega Ko‘ktepadan farqli ravishda undan deyarli 10 barobar katta, ya’ni 220 gektarni tashkil qiladigan Afrosiyob platosi mana shu talablarga to‘liq javob beradigan, tashqi dushman hujumlaridan tabiiy himoyalangan, strategik jihatdan qulay va uzoq muddatli yashash imkonini ta’minlay oladigan joy bo‘lgan. Plato hududi dasht zonalari chegaralaridan bir necha o‘n kilometr masofa uzoqlikda joylashgan. Bunga qarama-qarshi ravishda, Ko‘ktepa yodgorligi voha va dasht hududlari chegarasiga yaqin, tabiiy himoya imkoniyati zaif hududda joylashgan bo‘lib, uzoq muddatli hayotni ta’minlash uchun mos kelmagan.

Joriy yil boshida Samarqandning tarixi, madaniyati, me’moriy va arxeologik yodgorliklarini o‘rganish maqsadida hokimlik huzurida jamoatchilik kengashi tashkil qilinib, tarixchi va arxeolog olimlar bu masalani chuqurroq o‘rganishga jalb etildi. Afrosiyob yodgorligining bir necha nuqtasida, jumladan, ark va shahriston qismida, ya’ni mudofaa devori yaqinida keng ko‘lamdagi qazuv ishlari olib borildi.

Qazishmalar davomida Ark hududidan miloddan avvalgi VII-VI asrlardan tortib XII asrgacha bo‘lgan davrlarga oid buyumlar qoldiqlari hamda mudofaa devori tagidan chiqqan qatlamdan sopol parchalari, hayvon suyaklari kabi arxeologik materiallar topildi. Shundan keyin o‘sha hududdagi 7 metrdan ziyod chuqurlikda miloddan avvalgi VII-IV asrlarga mansub murakkab mudofaa tizimi arxeologlar tomonidan o‘rganildi. Mutaxassislarning qat’iy xulosasi shuki, miloddan avvalgi I ming yillik boshlarida, ya’ni bundan 3000 yil oldin bu yerda shahar hokimi qarorgohi va ibodatxonani o‘z ichiga olgan yirik shahar shakllangan. Ana shu xulosalarni tasdiqlaydigan arxeobotanik va arxeozoologik topilmalar Fransiya, Germaniya va Yaponiya laboratoriyalariga tahlil uchunjo‘natildi.

Shu nuqtai nazardan, mutaxassislar tomonidan miloddan avvalgi XI-X asrlarda Zarafshon daryosining o‘rta qismida shakllangan shahar markazi avval Ko‘ktepa hududida joylashgani, keyinchalik Afrosiyob platosiga ko‘chirilgani va istiqbolda aynan shu yerda Samarqand nomi bilan mashhur bo‘lgan shahar shakllangani e’tirof etilmoqda. Qadimgi shahar funksiyalarining uzluksizligi va hududiy transformatsiyasi tahlilidan kelib chiqqan holda Samarqandning rasmiy yoshi kamida 3000 yilga borib taqalishini ta’kidlash mumkin. Bu ko‘hna tarixning yangroq sadosidir.

Hozirgi kunda ushbu ilmiy ma’lumotlar dastlab viloyat jamoatchilik kengashida ma’qullandi, shu bilan birga O‘zbekiston Fanlar akademiyasi olimlari, Madaniy meros agentligi qoshidagi ilmiy kengash a’zolari tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, ularning ijobiy xulosalari olindi. Barcha ilmiy ma’lumotlar, mutaxassislar xulosalari jamlanib, hozirgi kunda ko‘rib chiqish uchun YuNESKOga taqdim qilingan.

Ma’rifat yog‘dusi

Yuqorida ta’kidlaganimizdek, qadimdan dunyoning turli burchaklarida yashayotgan ne-ne odamlar Samarqandni bir bor ko‘rishni, uning muqaddas tuprog‘ini o‘pib, ko‘ziga surtib, aziz-avliyolarning abadiy qo‘nimgohlarini ziyorat etishni orzu qilgan, buni ulug‘ sharaf deb bilgan. Ilm olishni, ma’rifatli bo‘lishni istagan insonlar dunyoning eng bebaho kutubxonalari bor, eng mashhur madrasalar, allomalar yurti bo‘lgan Samarqandga intilgan. Samarqanddan taralgan ma’rifat yog‘dusi qalblarni yoritgan, ko‘ngillarga nur va harorat bergan.

Bugun ham jahonda azim shaharning nufuzi tobora ortib borayotganidan cheksiz xursand bo‘lamiz. Samarqand 2019 yilda Jahon sayyohlik shaharlari federatsiyasiga a’zo bo‘lgani ham ko‘p narsani anglatadi. Ushbu qadim kent inson o‘z umri davomida albatta borib ko‘rishi kerak bo‘lgan 50 ta shahardan biri sifatida e’tirof etildi. Samarqandning tarixiy-madaniy rivojlanish masalalari maxsus loyihalar sifatida jahonning qator yetakchi ilmiy markazlari - Oksford, Sarbonna, Bolonya, Vena, Ottava universitetlari va Rossiya Fanlar akademiyasi institutlarida tadqiqotlar olib borilmoqda. Samarqand davlat universitetida Samarqand tamadduni tarixi kafedrasi tashkil etildi.

Ulug‘ ajdodlar ruhi, buyuk o‘tmishdan faxrlanish hissi davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevga yanada mustahkam ishonch, kuch-qudrat va jasorat baxsh etdi. Matonatli Alp Er To‘nga, sohibqiron Amir Temur saltanatining mehvari bo‘lgan Samarqand bugun yana mamlakatlarning oliy darajadagi yetakchilari maslahatlashadigan, o‘zaro hurmat, ishonch, konstruktiv hamkorlik, inklyuzivlik prinsiplariga asoslangan, mintaqadagi xavfsizlik va iqtisodiy hamkorlik masalalari muhokama etiladigan maskan sifatida xizmat qilmoqda.

Yaqinda O‘zbekistonga tashrif buyurgan oliy darajadagi mehmon - Italiya Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Jorja Meloni o‘tmish va bugunni o‘zida uyg‘unlashtirgan, afsonalar shahri bo‘lgan Samarqandning go‘zal va mahobatli tarixiy obidalarini, “Boqiy shahar” majmuasini, shaharda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarini hayrat bilan tomosha qildi, katta taassurotlar bilan yurtiga qaytdi. Va Prezident Shavkat Mirziyoyevga yo‘llagan maktubida O‘zbekistonga tashrifi haqida to‘xtalarkan, Samarqanddek tarixi boy va mo‘’tabar shaharni ko‘rish baxtiga muyassar bo‘lganidan minnatdorligini ta’kidladi:

“Hurmatli Prezident janoblari!

Menga va men boshchiligimdagi delegatsiyaga O‘zbekistonga so‘nggi tashrifim chog‘ida ko‘rsatilgan samimiy qabul uchun Sizga samimiy minnatdorlik bildiraman. Ayniqsa, Samarqand kabi tarixi boy va ming yillik madaniyat timsoli bo‘lgan shaharning go‘zalligini o‘z ko‘zim bilan ko‘rish baxtiga musharraf bo‘lganimdan juda mamnunman. Bu imkoniyat Siz va o‘zbek xalqi tomonidan ko‘rsatilgan buyuk mehmondo‘stlik tufayli amalga oshdi...”

Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlarining yig‘ilishida Samarqand shahri “Turkiy sivilizatsiya poytaxti” deb e’lon qilingani ham bejiz emas. Ushbu azim shaharda ro‘y berayotgan olamshumul o‘zgarishlar, dunyo mamlakatlari rahbarlari ishtirokida o‘tkazilayotgan oliy darajadagi uchrashuvlar, xalqaro simpozium va sammitlar ona sayyoramiz taqdirini hal qilishda uning nufuzini bugun yana osmon qadar yuksaltirmoqda, dunyo madaniyati markazi sifatidagi mavqeini qayta tiklamoqda. Albatta, davlatimiz rahbari tomonidan bu mashaqqatli va xayrli ishlarni amalga oshirishning o‘zi bo‘lmayapti.

Vatan mustaqilligini mustahkamlash, uni ko‘z qorachig‘iday asrash, sha’n-shavkatini yuksaltirish, munosib turmush tarzi, farovon hayot qurishdek ulug‘vor ishlar silsilasida tarixiy adolatni qayta tiklash, shonli o‘tmishni chuqur o‘rganish va targ‘ib qilish orqali xalqning milliy g‘ururini yuksaltirish, ruhini yanada o‘stirishga urg‘u qaratilmoqda. Uchinchi Renessans poydevorini yaratish, yangi O‘zbekistonni bunyod etishga xizmat qilayotgan bunday o‘zgarishlar xalqimizga ishonch va umid bag‘ishlamoqda. Olimlarimiz tomonidan Samarqand shahrining tarixi bundan uch ming yil oldingi davrlarga tutashishi ilmiy jihatdan isbotlangani bu boradagi ishlarning mantiqiy davomidir. Bu har birimizga katta quvonch, yuksak faxr-iftixor baxsh etadi.

Nurulloh OSTONOV,

Abdulaziz YO‘LDOShEV.