Eronning Mashhad shahridan Samarqandga aviareys yo‘lga qo‘yilishi mumkin

Shu kunlarda Eronning Razaviy Xuroson viloyati gubernatori G‘ulom Huseyn Muzaffari boshchiligidagi delegatsiya Samarqandda bo‘lib turibdi.

Delegatsiya tarkibida qurilish, kimyo sanoati, farmatsevtika, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, turistik kompaniyalar va boshqa soha mas’ullari bor.

Dastlab tashrif doirasida Samarqand shahridagi "Ipak yo‘li" xalqaro turizm va madaniy meros universitetida viloyat hokimligi mas’ullari, turistik kompaniyalar rahbarlari hamda Razaviy Xuroson viloyati delegatsiyasi a’zolari ishtirokida "O‘zbekiston-Eron" turistik forumi bo‘lib o‘tdi.

Forum ochilishida viloyat hokimining o‘rinbosari R.Qobilov, Razaviy Xuroson viloyati madaniy meros, turizm va hunarmandchilik boshqarmasi boshlig‘i Seidjavad Mousavi tadbir ishtirokchilari va forum ishiga omad tiladi. Shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, turizm sohasida hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

- Turizm va madaniy meros sohasida ko‘hna kent bilan hamkorlik qilishdan mamnunmiz, - dedi Seidjavad Mousavi. - Turizm sohasida hamkorlikni rivojlantirish uchun, avvalo, Mashhaddan Samarqandga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviqatnovni yo‘lga qo‘yishni taklif etamiz. Shu bilan birga, madaniyat, madaniy meros obidalarini asrab-avaylash, sohada kadrlar tayyorlash, temiryo‘l va transport sohalarida ham hamkorlikni qo‘llab-quvvatlaymiz.

- Eron va O‘zbekistondagi diqqatga sazovor joylar bilan tanishish va bu joylarga borish uchun biletlarni onlayn sotib olishga mo‘ljallangan platformalar yaratganmiz, - deydi Eronning O‘zbekistondagi yagona "Visit Iran" turfirmasi rahbari Navid Og‘o. - Biz turizmni rivojlantirish uchun ikkala tomon bilan ham hamkorlikda ishlashga tayyormiz. Xususan, Mashhad va Samarqandni bog‘lovchi avireys tashkil etilsa, 50 foiz yo‘lovchilar bilan ta’minlaymiz.

Forum doirasida Samarqand va  Razaviy Xuroson viloyatlarining turizm salohiyati taqdimoti o‘tkazildi.

O‘zbekiston elchixonasi tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur forum 1 martga qadar davom etadi va Samarqand, Buxoro viloyatlarida faoliyat yurituvchi turistik kompaniyalar, Savdo-sanoat palatasi rahbariyati, tadbirkorlar hamda yetakchi korxonalar vakillari ishtirokida uchrashuvlar, biznes-forumlar tashkil etiladi.

Fazliddin Ro‘ziboyev.