Kechirim — kuchli insonning jasorati. Itoatkorlik — mag‘lubiyat emas
Insonning buyukligi uning qo‘lidagi kuch bilan emas, qalbidagi fazilatlar bilan o‘lchanadi.
Hayotda g‘azablanish oson, o‘ch olish ham qiyin emas. Ammo xafagarchilikni yengib, kechirishga jur’at topish har kimning ham qo‘lidan kelavermaydi. Shuning uchun ham xalqimiz: «Kechirim — mardning ishi», deydi. Chunki kechira olish — zaiflik emas, balki iroda, sabr va yuksak ma’naviyatning yorqin ifodasidir.
Afsuski, ba’zan jamiyatda kechirimli insonni irodasiz, itoatkor odamni esa mag‘lub shaxs sifatida baholashga moyillik uchraydi. Vaholanki, haqiqat butunlay boshqacha. Haqiqiy kuch boshqalarni yengishda emas, avvalo, o‘z nafsi, g‘azabi va kibrini yengishdadir. O‘zini boshqara olgan insongina atrofdagilarning hurmatiga sazovor bo‘ladi. Zero, kechirim- qalbning eng yuksak madaniyati. U insonni o‘ch olish hissidan xalos qiladi, adovat zanjirini uzadi va munosabatlarga yana bir bor hayot bag‘ishlaydi. Kechira olgan inson, avvalo, o‘z qalbini og‘ir yukdan ozod etadi. Chunki nafratni ko‘tarib yurish eng og‘ir yuklardan biridir. U ruhni charchatadi, fikrni band qiladi va insonni hayot zavqidan mahrum etadi.
Hayotda har kim xato qiladi. Xatosiz insonning o‘zi yo‘q. Bugun biz kechirim so‘ragan bo‘lsak, ertaga kechirim berishga muhtoj bo‘lishimiz mumkin. Ana shu hayotiy haqiqatni anglagan inson adolat bilan mehr-shafqat o‘rtasidagi nozik muvozanatni saqlay oladi. Kechirish nohaqlikni oqlash emas, balki nafratga asir bo‘lmaslikni anglatadi.
Hususan, itoatkorlik tushunchasiga ham biryoqlama qarash noto‘g‘ri. Itoatkorlik — ko‘r-ko‘rona bo‘ysunish emas. U qonunga hurmat, tartib-intizomga sadoqat, oilada o‘zaro hurmat va jamiyat manfaatini shaxsiy manfaatdan ustun qo‘ya bilishdir. Agar har kim faqat o‘z xohishi bilan yashasa, hech qanday tartib, adolat va taraqqiyot bo‘lmaydi. Oilada farzandning ota-onaga hurmati, ta’lim dargohida o‘quvchining ustozga ehtiromi, mehnat jamoasida xodimning mas’uliyati — bularning barchasi sog‘lom itoat madaniyatining ko‘rinishidir. Bu fazilatlar insonni kamsitmaydi, aksincha, uning ma’naviy yetukligini namoyon etadi. Zero, intizomga amal qila olmagan inson katta yutuqlarga ham erisha olmaydi.
Tarixda xalq ishonchiga sazovor bo‘lgan buyuk shaxslar nafaqat jasorati, balki bag‘rikengligi bilan ham yuksalgan. Ular kuchni qasosda emas, kechirimda; g‘alabani esa zo‘ravonlikda emas, inson qalbini zabt eta bilishda ko‘rganlar. Ular uchun haqiqiy yetakchilik boshqalarni qo‘rqitish emas, ishontirish va birlashtirishdan iborat bo‘lgan.
Bugungi tezkor va shiddatli hayotda odamlar orasida tushunmovchiliklar, kelishmovchiliklar tez-tez uchraydi. Ijtimoiy tarmoqlardagi bahslar, oilaviy ziddiyatlar, ish joyidagi kelishmovchiliklar aksariyat hollarda bir og‘iz kechirim yoki bir qadam murosa bilan hal bo‘lishi mumkin. Ammo g‘urur va kibr ko‘pincha shu qadamni tashlashga to‘sqinlik qiladi. Natijada arzimas nizo yillar davom etadigan adovatga aylanadi. Vaholanki, kechirim so‘rash ham jasorat talab qiladi. «Men xato qildim», degan bir og‘iz so‘zni aytish ba’zan og‘ir jangda g‘alaba qozonishdan ham mushkulroq bo‘ladi. Chunki buning uchun inson o‘z g‘ururini emas, haqiqatni tanlashi kerak. Xuddi shunday, kechira bilish ham yuksak qalb kengligini talab etadi. Bu ikki fazilat birlashgan joyda ishonch mustahkamlanadi, mehr kuchayadi va jamiyatda ahillik qaror topadi.
Bugungi yosh avlodga eng ko‘p kerak bo‘lgan fazilatlardan biri ham aynan shu — kuchni tajovuzda emas, sabrda; g‘alabani raqibni sindirishda emas, uni tushunishda; obro‘ni manmanlikda emas, insoniylikda ko‘ra bilishdir. Chunki ma’naviy jihatdan baquvvat inson hech qachon nafrat bilan emas, oqilona fikr va ezgu amal bilan harakat qiladi. Haqiqiy jasorat mushtni tugishda emas, qalbni ochishdadir. Haqiqiy g‘alaba raqibni yengishda emas, adovatni yengishdadir. Haqiqiy kuch esa kechira bilish va kerak bo‘lganda ezgulik yo‘lida itoat etishdadir.
Shuning uchun ham kechirim — kuchli insonning jasorati, itoatkorlik esa mag‘lubiyat emas, balki yuksak ma’naviyat, tarbiya va ichki madaniyatning yorqin belgisidir. Ana shunday fazilatlarga ega inson nafaqat o‘z hayotini, balki atrofidagi muhitni ham nurga, ishonchga va totuvlikka to‘ldira oladi.
Odiljon Inomov.