Samarqand nomini nega yunoncha talaffuz qilishimiz kerak?

Vatanimiz o‘tmishini o‘rganishda muhim bo‘lgan osori-atiqalar va yozma manbalardan tashqari, yana bir manba borki, bu joy nomlaridir. Joy nomlari ma’naviyatimiz ko‘zgusi bo‘lgan til mahsuli. Toponimlar nihoyatda boy bo‘lib, ular o‘z ichiga ona yurtimiz hududidagi qishloq va shaharlar, tuman va viloyatlar, mahallalar, ko‘chalari hamda guzarlar va bekatlarining nomlarigacha qamrab oladi. Ular orasida ma’nosi jamoatchilikka tanish bo‘lmagan, noaniq tarixiy joy nomlaridan tortib, yaqin zamonlarda o‘tgan tarixiy shaxs nomlari ham uchraydi. Shu bois ham joy nomlarini o‘tmish muhri, desak bo‘ladi. Albatta, davr o‘tishi bilan ularning nomlanish shakli va mazmuni o‘zgarishi mumkin.

Respublika toponimik komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining 2011 yil 12 oktyabrdagi “Geografik obektlarning nomlari to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq joy nomlarini nomlash maqsadida geografik ob’yektlarga nom berish va ularning nomlarini o‘zgartirish masalalari bo‘yicha tumanlar komissiyasi tomonidan taklif etilayotgan nomlarni davlat ekspertizasidan o‘tkazish bo‘yicha solmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

Ammo hali qiladigan ishlar talaygina. Bulardan biri mahalliy va tarixiy nomlardan voz kechib, barcha tuman, shahar hamda mahallalarda yoppasiga bir xil nomlar bilan atash urf bo‘layotganligidir. Bunday nomlar sirasiga kiruvchi Navbahor, Nurafshon, Nurobod, Guliston, Farovon, Saxovat kabi nomlar shu paytgacha yetarli darajada bo‘lsa-da, ayni paytda  kun sayin ko‘payib bormoqda. Bunday holatlar har bir tumanda mavjud bo‘lib, turli anglashilmovchiliklarni keltirib chiqarmoqda. Masalan, Nurobod - Samarqand viloyati tumani, Andijonda shahar nomi, Toshkent viloyatida shaharcha. Nurafshon (sobiq To‘ytepa o‘rnida) - Toshkent viloyati markazi. Yana har bir tumanda mahalla nomi. Bo‘ston (Ellik qal’a tumani markazi), Andijonda tuman nomi. Bunaqa shakldagi jarangdor nomlar soni kun sayin ortyapti. Hatto tarixiy joy nomlariga ham shunday nomlar qo‘yilmoqda.

“Geografik obektlarning nomlari to‘g‘risida”gi Qonunning 4-moddasida ob’yektga berilayotgan nom uning o‘ziga xos bo‘lgan belgilarini aks ettirishi, mazkur geografik ob’yekt joylashgan yerdagi boshqa geografik ob’yektlar nomlarining mavjud tizimiga mos tushishi, mahalliy aholining fikrini hisobga olish, qoida tariqasida, ko‘pi bilan uchta so‘zdan iborat bo‘lishi talablari ko‘rsatib o‘tilgan.

Qonunning yana bir muhim jihati, geografik ob’yektlarning nomlarini belgilash tartibidir. Geografik obektlarning nomlari hududni kartografiya qilish, toponimik tadqiqotlar o‘tkazish vaqtida, nomlar berish, o‘zgartirish takliflari tayyorlanayotganda tegishli davlat hokimiyati, boshqaruv organlari, mahalliy aholi, o‘lkashunoslar, geograflar, tarixchilar va boshqa mutaxassislar o‘rtasida so‘rovlar o‘tkazish asosida belgilanishi lozim. Shu bois ham toponim komissiya taklifni tayyorlashda o‘sha joydagi qariyalar, mahalliy ziyolilar, xususan, maktabning o‘zbek tili va adabiyoti, geograf va tarixchi o‘qituvchilari bilan maslahatlashib ko‘cha yoki mahallaga nom bersa, maqsadga muvofiq bo‘ldi. Shoshma-shosharlik bilan berilgan nomni vaqti kelib yana o‘zgartirishga to‘g‘ri kelishi, ortiqcha xarajat va aholining norizoligini keltirib chiqarishi mumkin.

Bir necha yil oldin Samarqand shahri tumanlarga ajratilishi haqidagi xabarlar tarqalgandi. Beshta tumandan biri Maroqand deb nomlanishi taklif etilgan edi. Nazarimizda, Maroqand Samarqandning yunoncha talaffuzi bo‘lib, bu Samarqandning takror nomidir. Bu masalani jiddiy o‘ylab ko‘rish kerak. Ehtimol, Amir Temur yoki Yalangto‘sh Bahodir nomini qo‘yish ma’qulroqdir.

Shuningdek, Samarqand shahrida Maroqand nomi bilan ataluvchi tashkilot va korxonalar kun sayin ko‘payib borayotganligi ham ajablanarli. Masalan, “Maroqand obod” unitar korxonasi, “Maroqand neft bazasi” MChJ, “Maroqand” MFY, “Maroqand travel” sayyohlik firmasi, “Maroqand dehqon bozori” MChJ, “Maroqand sifat tekstil” MChJ, “Afrosiyob-Maroqand” MChJ, “Maroqand meva sabzavot” MChJ, “Maroqand” karate klubi, Maroqand ko‘chasi, “Maroqand” restorani, Maroqand bog‘i, “Maroqand osh”, “Marokand SPA hotel”, “AIR MAROKANDA” MChJ, “Maroqand milliy taomlar kafesi” kabi nomlar shular jumlasidan. Bular aksariyat hollarda turli tillarda, o‘zbekcha shakllar ham imlo qoidalariga zid ravishda, xatoliklar bilan yozilmoqda.

Xo‘sh, “Marokanda” nomi qanday ma’noni anglatadi? Bu - Samarqandning yunoncha nomi. Aslida shaharning qadimiy nomi sug‘d yozma manbalarida “Samarakansa” nomi bilan qayd etilgan bo‘lib, yunon tarixchilari o‘zlarining talaffuziga moslashtirib, Marakanda shaklida nomlashgan va XVII asrdan boshlab Yevropa tarixchilari asarlariga shu nom bilan kiritilgan. Shunday ekan, nega biz Samarqand nomini yunoncha talaffuz qilishimiz va rasmiylashtirishimiz kerak?

Davlat tili departamenti huzuridagi Davlat tilida ishyuritish va malaka oshirish markazida milliynom.uz platformasi tuzilgan bo‘lib, unda jamiyatning barcha jabhalari, jumladan, mehmonxona, oshxona, novvoyxona, kahvaxona, restoran, to‘yxona, sartaroshxona, go‘zallik salonlari, do‘konlar, poyabzal ustaxonasi, tikuvchilik, kasanachilik korxonalarining milliy nomlari bo‘yicha mingdan ortiq nomlar ro‘yxati joylashtirilgan. Litsenziya beradigan tashkilotlar ularga ushbu masalada murojaat qilgan tadbirkor va ishbilarmonlarga ushbu platformada qayd etilgan namunalar asosida tashkilotga nom berilishini talab qilganida bunchalik ajnabiy nomlanishlar ko‘payib ketmas edi.

Shahrimizning ayrim ko‘cha nomlar haligacha ruscha talaffuzga moslab yozilayotganligi ham achinarli. Masalan, Samarqand shahridagi Kandiya (aslida Qandiya), Malokokandskaya (Kichik Qo‘qon), Ustabayeva ( Ustaboyev), Usta Kuli (Usta Quli) va hakoza.

“Geografik obektlarning nomlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 4-moddasidagi geografik ob’yektlarning nomlariga doir talablarga ko‘ra, “ko‘chalar, shohko‘chalar, mahallalar, maydonlar, bog‘larga va aholi yashash punktlarining boshqa tarkibiy qismlariga ayrim odamlar, jamoat arboblari, siyosiy arboblarning ism-sharifini berishga qoida tariqasida yo‘l qo‘yilmaydi. O‘zbekiston tarixida chuqur iz qoldirgan shaxslar bundan mutasno”, deb belgilangan. Afsuski, M.Sobirov, N.Xudoyqulov, N.Samiyev singari kishi nomlari bilan ataluvchi ko‘chalar talaygina.

Ona tilimizda sport-sog‘lomlashtirish markazi, o‘quv markazi, madaniyat markazi singari birikmali nomlarga ko‘zimiz o‘rgandi. Ammo keyingi paytlarda “osh markazi”, “somsa markazi”, “manti markazi” singari peshlavhalar paydo bo‘lyapti. Ular tilimizda faol qo‘llanishda bo‘lgan xona (choyxona, oshxona, mantixona, somsaxona)lar o‘rnini egallab olmoqda. Shuningdek, “mehmonxona” o‘rnida “hotel”, “haus”, “hostel” nomlarini qo‘llash ham urfga aylanmoqda.

Shahrimiz ko‘chalarida turli tillarda aralash-quralash tarzida yozilgan ko‘rsatkich, peshlavha hamda peshtoq yozuvlarini ko‘rib, ta’bingiz xira bo‘lishi tabiiy. Yangi o‘zbek lotin alifbosini joriy etish masalalari bo‘yicha ishchi guruh tarkibida bo‘lib, turli soha vakillariga asosiy yozuvlar yangi o‘zbek lotin alifbosida bo‘lishi zarurligini tushuntirish, targ‘ibot ishlarini olib borishga to‘g‘ri keldi. Negadir, tadbirkorlar o‘rtasida rus va G‘arb tillarida yozish ustunlik qilyapti. Xalqaro miqyosida tarqalgan brendlardan xabardormiz. Ammo o‘zimizning milliyligimizni targ‘ib qiluvchi brendlardan ham foydalanish xaridorlarga tushunarli va qulay bo‘lishi, afzallik tomonlari borligini ko‘pchilik anglab yetmayapti. Masalan, “Ishonch”, “Atlas”, “Uzum” singara milliy brendlarimiz borku!?

O‘zbekiston Respublikasining “Reklama haqida”gi Qonuni yangi tahririning 6-moddasida O‘zbekiston Respublikasi hududida reklama Davlat tilida tarqatilishi, boshqa tillardagi tarjimasi takror berilganda asosiy mazmuni buzilmasligi hamda pastki qismi gorizontal holda joylashtirilib, umumiy reklama maydonining qirq foizidan oshmasligi, harfining o‘lchami kichik bo‘lishi kerakligi ko‘rsatilgan.

Afsuski, ayrim mulkdorlar hamon reklama ishlarini ajnabiy tillarda olib borishda davom ettirmoqda.

Bunday holatlarni bartaraf etish uchun birinchi navbatda, fuqarolarimiz ongiga Vatan tuyg‘usi, Davlat tili, milliy mafkura, milliy g‘oya singari tuyg‘ularni singdirish yuzasidan targ‘ibot va tashviqot ishlarini kuchaytirishga ehtiyoj tug‘ilmoqda. Chunki kishilar ongini o‘zgartirmasdan turib, jamiyat hayotini o‘zgartirish ancha murakkab kechadi.

Xullas, ma’naviyat ko‘zgusi bo‘lgan joy nomlarini “Geografik ob’yektlarning nomlari to‘g‘risida”gi Qonunda belgilab qo‘yilganidek, tarixiylik va milliylikni hisobga olgan holda, shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘ymasdan, yangi o‘zbek lotin alifbosi imlosi qoidalariga muvofiq rasmiylashtirish hamda yozish o‘ta dolzarb masalalardan biri. Bu jarayonni amalga oshirish faqat mas’ullarning emas, har bir fuqaroning burchi.

Murodqosim ABDIYeV,

Davlat tilida ish yuritish va malaka oshirish markazining viloyat hududiy bo‘linmasi rahbari, professor.