Bugun yurtimizga HUT kirdi

O‘zbekcha – baliq, forscha – mohiy, arabcha – hut, ruscha – ribi.

Muddati 19 fevraldan 21 martgacha, 31 kun

Shu muddat oralig‘ida tug‘ilganlar burj hisobida HUTdir.

HUTda qish havosi hali sezilib turadi: qor yog‘ib, sovuqlar bo‘lishi ehtimoldan holi emas. Tojik xalqining: “Hut hutligini qilsa, kampirlarni (keksalarni) qutidan (uydan) chiqarmay qo‘yadi”, degan naqlida jon bor. Yaylov kishilari orasida esa: “Yaxshi kelsa, HUTni ko‘r, qozon to‘la sutni ko‘r”, degan maqol bor.

HUT kirishi bilan dehqonlarning oromi buziladi. Hamma ko‘klamgi ekish mavsumiga tayyorgarlik ko‘radi. “HUTning bir daqiqasi kuzning o‘n kuniga teng”, deya bejiz aytilmagan.

HUT qanchalik sovuq kelmasin, tabiat baribir uyg‘onish sari jadal yuz tutib boraveradi. Uzoq janubga uchib ketgan qushlar qaytadi. Qir-adirlar, bog‘-rog‘lar va dalalar yashil libosga burkanaveradi. HUTning oxirlariga borib qora chumolilar inidan chiqadi.

HUTning yana bir insonlarga foydali xislati bor. Tabiat dorixonasi bu oyda odamlar uchun eshigini keng ochadi. Hamma joyda Navro‘z taraddudlari boshlanib ketadi. Sumalak maysalari o‘stirishga kirishiladi. Xususan, yalpiz, jag‘-jag‘, ismaloq, qaldirg‘och kulcha, qushtili, barra qizg‘aldoq, chuchmoma, kiyiko‘t va boshqa nodir, ayni paytda dorivor ko‘katlardan bichak, somsa, chuchvara kabi o‘nlab tansiq taomlar tayyorlanadi. Qo‘ni-qo‘shni, qavmu qarindosh, tanish-bilishlar hurmat yuzasidan bir-birlarinikiga tovoq-tovoq zirali, murchli, sariyog‘da pishgan ko‘kbichak, somsa yuboradilar. “Qo‘shning yalpiz somsa bermasa, devoriga suykalib o‘t”, degan hikmat bejiz aytilmagan.

HUT ana shunday ne’matlar konini yaratib, Navro‘z shodiyonalari va mehnat ko‘tarinkiligini avjga chiqarib, fasl navbatini HAMALga topshiradi.

Manba: Xayrulla QOSIMOV, “Fasllar xosiyati”.

HUT haqida maqollar:

  • Hut kirdi, dehqon paytavasiga qurt kirdi.
  • Hut kirdi, yer ostiga dud kirdi.
  • Hut suviga ho‘kizingni sug‘orma.
  • Hut yaxshi kelsa, kadi-kadi sut, hut yomon kelsa, keragada put.
  • Hut yaxshi kelsa, kosa-kosa sut, yomon kelsa, serrayib qolgan put.
  • Hutda mol to‘ymasa, odam to‘ymas.