Odam boshiga eng ko‘p suv iste’mol qiladigan mamlakatlarni bilasizmi?
Dunyodagi chuchuk suvning katta qismi uy xo‘jaliklari tomonidan iste’mol qilinmaydi. Asosiy qism ekinlar yetishtirish, elektr stansiyalari va yoqilg‘i sanoatini sovutish uchun ishlatiladi.
Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining suv resurslari va qishloq xo‘jaligida suvdan foydalanish bo‘yicha global axborot tizimi ma’lumotlari hamda Jahon bankining aholi statistik ma’lumotlariga asoslangan ushbu infografika mamlakatlarning aholi jon boshiga yillik chuchuk suv iste’moli bo‘yicha reytingini aks ettiradi. Hisob-kitoblar qishloq xo‘jaligi, sanoat va shahar tizimlarida ishlatiladigan suvni o‘z ichiga oladi.
Ba’zi natijalar hayratlanarli: paxta yetishtirish bilan bog‘liq keng ko‘lamli sug‘orish tizimlari tufayli Turkmaniston birinchi o‘rinda (yiliga kishi boshiga 128 ming 228 kub fut - 3631 kub metrdan ortiq suv), Chernogoriya esa nisbatan kichik aholining juda ko‘p suv iste’moli tufayli ikkinchi o‘rinda turadi.
Bugungi kunda global chuchuk suv iste’molining taxminan 70 foizi qishloq xo‘jaligi hissasiga to‘g‘ri keladi. Suv iste’moli ko‘p bo‘lgan davlatlarda sug‘oriladigan dehqonchilik rivojlangan va ularning ko‘pchiligi qurg‘oqchil yoki yarim quruq iqlimga ega. Aynan shu sababli reytingda Ozarbayjon, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Eron davlatlari yetakchilik qiladi.
E’tiborlisi, ro‘yxatdagi barcha mamlakatlar suvdan faqat qishloq xo‘jaligini sug‘orish uchun foydalanmaydi. Bu masalada Amerika Qo‘shma Shtatlari beshinchi o‘rinni egallaydigan bo‘lsa, Kanada va Estoniya “kuchli” yigirmatalikka kiradi. Bu mamlakatlardagi suvning yuqori miqdorda sarflanishi ko‘pincha sanoat ishlab chiqarish va elektr stansiyalarini sovutish bilan bog‘liq. Keyinchalik sovutish uchun ishlatiladigan suvning salmoqli qismi daryolar va ko‘llarga qaytariladi, biroq tizimning o‘zi mahalliy suv resurslariga sezilarli darajada ish yuklab qo‘yadi.
Agar yirik sug‘orish yoki sanoat tizimlari nisbatan kichik aholi orasida shu tarzda taqsimlanadigan bo‘lsa, aholi jon boshiga suv iste’moli reytingi kichikroq mamlakatlarda ham keskin o‘sib borishi mumkin. Masalan, bor-yo‘g‘i 627 ming 702 nafar aholisi bor Chernogoriya davlati ikkinchi o‘rinda turadi, bu yerda yiliga aholi jon boshiga 125 ming 155 kub fut (3543 kub metr) suv sarflanib kelinmoqda.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.